Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Fevral, 2026   |   2 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:54
Quyosh
07:13
Peshin
12:42
Asr
16:19
Shom
18:05
Xufton
19:18
Bismillah
19 Fevral, 2026, 2 Ramazon, 1447

Hayriya uchun bir milliard evrodan ortiq mablag' sarflagan makkalik parfyumer vafot etdi

13.01.2021   1909   1 min.
Hayriya uchun bir milliard evrodan ortiq mablag' sarflagan makkalik parfyumer vafot etdi

Saudiya Arabistonida, payshanba kuni ertalab, 95 yoshida Yaqin Sharqda parfyumeriya imperiyasini yaratgan va xayriya uchun bir milliard evrodan ortiq mablag' sarflagan taniqli biznesmen Husayn Bakri G'azzoz vafot etdi.
G'azzoz uchun janoza namozi uning ona shahri Makka shahrida bo'lib o'tdi, deya xabar bermoqda ArabNews nashri.
G'azzoz 1925 yilda tug'ilgan. Dastlabki yillarida oilasi bilan Misrga ko'chib o'tib, boshlang'ich ta'limini olgan, so'ngra Saudiya Arabistoniga qaytib, kichik parfyumeriya biznesini ochgan, bu esa mintaqadagi o'z yo'nalishi bo'yicha eng yirik korxonadan biriga aylangan.
U asos solgan kompaniya 1942 yilda G'azzoz Saudiya Arabistonidagi atirlarni import qiluvchi birinchi agentga aylangach, o'z faoliyatini boshladi. 77 yil ichida loyiha biznes imperiyasiga aylandi. U bilan Dior, Gucci, Versace, Cartier, Chanel, Yves Saint Laurent (YSL), Montblanc, Dunhill va Dupont kabi kompaniyalar hamkorlik qilib kelmoqda.
Islam.ru ma'lumotlariga ko'ra, shu bilan birga Husayn xayriya faoliyati bilan faol shug'ullandi, jami kambag'allarga yordam berish va butun dunyo bo'ylab tibbiy yordam tarqatishga 1 milliard evrodan ortiq sarmoya kiritdi.

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston xalqiga Ramazon tabrigi

19.02.2026   2185   4 min.
O‘zbekiston xalqiga Ramazon tabrigi

Qadrli vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, butun xalqimizni yurtimizga mehr-oqibat, xayru saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muqaddas Ramazon oyining kirib kelishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, ushbu qutlug‘ ayyomda barchamizni Ramazoni sharifga mana shunday sog‘-omon, birlik va hamjihatlikda yetkazgani uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.

El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda.

Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta.

Ramazon oyining ulug‘ fazilatlari, axloqiy-ma’naviy ahamiyati aynan ana shunday olijanob ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bu haqda so‘z yuritganda, keyingi yillarda inson qadrini, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy adolat O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, shu asosda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz xalqimiz hayotini tubdan o‘zgartirayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Joriy yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada tegishli amaliy ishlarni boshlab yuborganimiz zamirida ham ana shunday buyuk intilishlar mujassamdir.

Jamiyatni yuksaltirish asosi mahalladir. Chunki mahallada o‘sish va o‘zgarish bo‘lsa, butun jamiyat rivojlanadi. Mahallalarimizning yutug‘i va farovonligi pirovard natijada butun jamiyatning yutug‘i va farovonligi sifatida namoyon bo‘ladi.

Aziz do‘stlar!

Qutlug‘ zaminimiz uzra Alloh taoloning marhamati yog‘ilib turgan mana shunday saodatli kunlarda ajdodlar xotirasini, ularning
ezgu ishlari, xayrli amallarini eslash va davom ettirish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va o‘rganish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha ko‘pgina ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Ulug‘ ajdodlarimizning shonli an’analariga sadoqat bilan yashab kelayotgan xalqimizning azmu shijoati bilan noyob me’moriy loyihalar asosida Toshkent shahrida – Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy majmuasini bunyod etish ishlari yakuniga yetkazilganini faxr bilan aytib o‘tmoqchiman.

Ramazoni sharif kunlarida muhtaram ulamolarimiz, ilm-fan va ijod ahli, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ana shu tabarruk maskanlarda buyuk aziz-avliyo va allomalarimiz xotirasiga ehson dasturxonlari yozib, bu muqaddas ziyoratgohlar eshiklarini xalqimiz uchun keng ochishni reja qilganmiz va bu ishlarni albatta amalga oshiramiz.

Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul bo‘ladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz.

Fursatdan foydalanib, uzoq va yaqin mamlakatlardagi vatandoshlarimizga, butun musulmon ummatiga ham samimiy tabrik va tilaklarimizni yo‘llaymiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Sizlarni ezgulik, mehr-muruvvat va baraka oyi – mohi Ramazonning boshlanishi bilan yana bir bor tabriklayman.

Ushbu shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Ro‘za kunlarida qilinadigan barcha ibodatlar, ezgu niyat va amallar ijobat bo‘lsin!

Xalqimizni, Vatanimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin!

Ramazon oyi barchamizga muborak bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Maqolalar