Moody’s agentligining yangi hisobotida ta'kidlanishicha, islom moliya tizimining islom bankchiligi, sukuk va takoful yo'nalishlari, koronavirus bilan bog'liq pandemiya tufayli kelib chiqayotgan qiyinchiliklarga qaramay ko'pchilik davlatlar hukumatlari tomonidan yuritilayotgan rag'batlantiruvchi siyosat hamda ushbu mahsulotlarga bo'lgan kuchli talab hisobiga muayyan manfaatlarga ega bo'ladi va o'sish sur'atlarini saqlab qoladi.
“Biz islom moliyasi 2021 va undan keyingi yillarda ham anchadan beri davom etib kelayotgan o'sish sur'atlarini saqlab qolgan holda, barqaror rivojlanishiga umid qilamiz. Islom moliya tizimi, odatda, aholisining asosiy qismi musulmon bo'lgan mamlakatlarda etarli darajada rivojlanmagan bo'lib, bu vaziyat sohaning kengayishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi”, – deydi Moody’s agentligining vitse prezidenti va etakchi tahlilchisi Ashraf Madani.
Islom moliyasi aktivlari o'sish sur'atlari o'rtacha bo'lsada, lekin hukumatlarning doimiy ko'magi va qo'llab quvvatlashiga tayangan holda, shuningdek bank mijozlari tomonidan islom moliya mahsulotlariga bo'lgan barqaror talablar hisobiga an'anaviy moliya aktivlariga nisbatan ustunlikni saqlab qoladi.
Sukuk chiqarilishi (emissiya) avvallari qayd etilmagan darajada o'sgan 2020 yil va umuman so'nggi besh yillik o'sishdan so'ng biroz barqarorlashishi bashorat qilinmoqda. 2020 da jami chiqarilgan sukuklar hajmi 15% ga oshdi va 205 mlrd. AQSh dollariga etdi. Bu, asosan, pandemiya va neft narxlarining tushib ketishi oqibatida vujudga kelgan ehtiyojlarni qoplash maqsadida hukumatlar tomonidan amalga oshirilgan.
“Biz 2021 yilda sukuk chiqarilishi (umumiy) hajmi 190-200 mlrd. AQSh dollari atrofida bo'lishini taxmin qilmoqdamiz. Bu tahmin Fors ko'rfazi arab mamlakatlaridagi moliyaviy mablag'larga bo'lgan ehtiyojning yuqoriligi bilan bog'liq, chunki neft narxi hamon past, byudjet taqchilligi esa yuqori darajada, shu bilan birga hukumatlarning jami qarzlar tarkibida sukuk ulushini oshirishga bo'lgan say-harakatlari davom etmoqda”, deyiladi hisobotda.
Korxona/tashkilotlar tomonidan (korporativ) sukuk chiqarish cheklanlangan holda qolishi mumkin, chunki sarmoyadorlar uchun an'anaviy bozorda boshqa turli takliflar etarli. Lekin sukuk chiqarilishi yangi korxonalar tomonidan davom etadi.
Islom jamg'armalari va islom sug'urtasi (takoful) sohasida yuqori o'sish sur'atlari saqlanib qoladi. Jahon islom moliya jamg'armalari boshqaruvidagi aktivlar hajmi 2021 va 2022 yillarda mos ravishda 4 % va 5% ga o'sishi kutilmoqda.
“Shuningdek biz takoful bo'yicha mukofotlarning kelasi 2-3 yilda o'sishda davom etishini tahmin qilmoqdamiz, chunki takofulga bo'lgan talab, qulay raqamli formatga o'tilishi va sohani tartibga solish tizimining takomillashuvi kabi omillar mavjud” , – deydi Ashraf Madani.
Fors ko'rfazi arab mamlakatlari va Malayziya asosiy bozor ishtirokchilari sifatida islom moliya sohasining o'sishida lokomotiv vazifasini o'tab bermoqda. Ko'rfaz mamlakatlarining islom moliya tizimidagi ulushi oxirgi 10 yilda 32% dan (2009 yil) 45,7 % ga (2020 yil sentyabr) etdi. Bunda Saudiya Arabistoning hissasi katta bo'lgan bo'lsa-da, ko'rfazdagi boshqa davlatlarda ham shu kabi holat kuzatildi.
Saudiya Arabistoni, Malayziya va BAA jahon miqyosida islom moliyasi uchun eng yirik bozorlar bo'lib qolmoqda. Saudiya Arabistoni islom moliyasi ko'lami jihatdan etakchi mamlakat bo'lib, islom moliyasi aktivlari 2019 yil dekabrda 323 mlrd. AQSh dollariga teng bo'lgan bo'lsa, 2020 yil sentyabriga kelib 361 mlrd. AQSh dollariga etdi.
islommoliyasi.uz
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati