2021-yil 22-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan musulmon xuquqshunosi, Ustrushana - hozirgi Jizzaxdan yetishib chiqqan buyuk alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning "Jomi’ ahkom as-sig‘or" (Bola huquqlari kodeksi) asarining o‘zbek tilidagi ilk nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi olimlari, “Fan ziyosi” nashriyoti muharriri hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent moliya instituti, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talaba va o‘qituvchilari, OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Mazkur asar XIII asrda yaratilgan va bola huquqlari borasidagi jahonda dastlabki mukammal manba hisoblanadi. XIX asrga qadar bu kabi maxsus to‘plam yaratilmagan. G‘arb dunyosida 1804 yilda qabul qilingan Fransuz fuqarolik kodeksida birinchi bor bolalar huquqi masalasi qayd etilgan bo‘lib, undagi jami 2281 moddaning 5 tasi bola huquqlariga tegishlidir. 1908-yilga kelib AQShda "Yuvenal huquq" - bola huquqlari bo‘yicha qonunchilikka asos solingan. Bu esa yurtimiz allomalari G‘arb dunyosidan salkam 600 yil avval o‘z asarlarida bola huquqlarini mustahkamlab qo‘yganini ilmiy asoslaydi.
Ustrushaniy bola huquqlariga oid 1289 ta fatvoni 45 ta ustuvor masalaga bo‘lgan holda tahlil qilgan. Ushbu kitobda bolalarning axloqiy, ijtimoiy, iqtisodiy huquqlariga doir 100 ta dolzarb masala bugungi kunga mos izoh va sharhlar bilan bayon qilingan. Asar sodda va xalqchil, ravon va yuqori ilmiy saviyada yozilgani bilan ajralib turadi. Kitobni tayyorlashga Xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti mutaxassislari, mamlakatimizning yetakchi islomshunos olimlari jalb etildi.
Taqdimot tadbirida so‘zga chiqqanlar Zohidulla Munavvarov – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, Faxriddin Muhammadiyev – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati rahbari, Muslim Atayev – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti katta o‘qituvchisi, asar tarjimoni, Muhiddin Narziqulov – “Fan-ziyosi” nashriyoti bosh muharriri, Otabek Muhammadiyev- Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosarlari asarning muhim ijtimoiy va siyosiy tomonlariga batafsil to‘xtab o‘tishdi.
Ustrushaniy allomaning beqiyos asari so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda buyuk allomalarimiz ilmiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan xalqaro ahamiyatga ega islohotlarning amaliy natijasi, u jamiyatimizda qaror topgan hanafiy mazhabining insonparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan mo‘tadil ta’limotining ahamiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Taqdimot mavzuga oid savol va javoblar bilan yakunlandi.







Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм
Хушхулқлик – бандаликнинг энг улуғ даражаси бўлиб, унда мардликнинг чин сурати намоён бўлади. Аллоҳ таоло Ўзининг Расули соллаллоҳу алайҳи васалламга кўплаб фазилатлар ато этганига қарамасдан у зот соллаллоҳу алайҳи васалламни айнан хулқи хушлари билан мадҳ этди. Аллоҳ таоло айтади: “Албатта Сиз улуғ хулқ устидадирсиз!” (Қалам сураси, 4-оят).
Олимлар қайд этадилар: “Улуғ хулқ дегани шундай хулқ ҳисобланадики, бундай хулқ соҳиби ҳеч кимга нисбатан адоватда бўлмайди ва унда одамларнинг нафратига сабаб бўладиган заррача бўлса ҳам ёмон иллатнинг ўзи бўлмайди. Буларнинг барчаси Аллоҳни танишнинг юксак даражалари туфайлидир”.
Бошқа олимлар дейдилар: “Улуғ хулқ – бу одамларнинг унга нисбатан қилган жабру жафоларини Аллоҳдан деб билганлиги сабаб улардан ранжимаслигидир”.
Олимларнинг қуйидагича фикрлари ҳам бор: “Улуғ хулқ – бу кишининг бутун борлиғию эътиборини фақат Аллоҳга қаратмоғидир!”.
Шунингдек, илоҳиёт олимлари юқоридаги оятни батафсил мана бу тарзда изоҳлаган эканлар:
“Эй Пайғамбар соллаллоҳу алайҳи васаллам, сиз улуғ хулқ соҳибисиз! Бу даража фақат сизгагина насиб этган. Бошқа ҳеч бир яралмиш хулқнинг бу даражасига кўтарила олмайди. Шунинг учун ҳам Сиз бошқаларнинг қўлидан келиши маҳол бўлган даражада матонатли, сабр соҳибисиз”.
Олимлардан яна бири бу оятни қуйдагича изоҳлаган экан: "Аллоҳнинг хулқи билан хулқланганингиз учун одамларнинг туҳмати, таънаю маломати Сизга салбий таъсир этолмайди ва Сиз уларнинг ёмонликларидан етажак уқубатдан фориғсиз. Зероки, ўз кучингиз билан эмас, Аллоҳ айтганидек, Аллоҳнинг ёрдами билан тоқат қиласиз".
“Ахлоқус солиҳийн” (Яхшилар ахлоқи) китобидан
Йўлдош Эшбек, Даврон Нурмуҳаммад
таржимаси.