Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Noyabr, 2026   |   16 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:00
Quyosh
07:19
Peshin
12:15
Asr
15:15
Shom
16:59
Xufton
18:16
Bismillah
26 Noyabr, 2026, 16 Jumadul soni, 1448

Axloq insonni ziynatlaydi

01.12.2023   1083   5 min.
Axloq insonni ziynatlaydi

Go'zal xulq kishi iymonini mukammal qiladi. Rasulullohdan qaysi mo'minning iymoni komil hisoblanadi, deb so'rashganida: “Go'zal xulqli mo'min”(Imom Abu Dovud rivoyati), deb javob berganlar.

Go'zal xulqli kishi tunlari bedor, kunduzlari ro'zador kishi darajasini qo'lga kiritadi, degan rivoyatlar bor. Odatimizga muvofiq, go'zal xulqni ulug' vasiyatlar sohibi Rasulullohdan izlaylik. U zot aytadilar: “Men komil xulqlarni maromiga etkazish uchun yuborildim”. Hazrati Oysha onamizdan u zotning axloqlari haqida so'ralganda: “Axloqlari Qur'on edi”, deganlar.

“Go'zal xulq sohibi huzur-halovatdadir, insonlar undan mamnun bo'ladilar, yomon xulqli kishilardan hamma bezor. Fazilat aql va odob bilan ko'rinadi, boylik bilan emas. Kimning odobi yomon bo'lsa, nasabi yo'q bo'lib ketadi, kimning aqli adashsa, asli ham adashadi”.

Hazrati Umar roziyallohu anhu zot tunda uyqu va rohatlarini tark etdilar, raiyatlarini nazorat qildilar. Tug'ishga yaqin qolgan ayolning holini, unga yordam qiladigan kishi yo'qligini bilgan paytlarida uyga qaytdilar, xotinlarini ko'ndirdilar. Ikkovlon – er taom, xotin kiyimlarni ko'tarib, qorong'u zulmatida yo'lga chiqishdi. Chodirga etib kelishgach, xotinlari, yangi ta'birimizcha, davlatning birinchi raqamli xonimi doyalik vazifasini, o'zlari esa oshpazlikni qoyilmaqom bajarishdi.

Saljuqiylar sultonligi eng gullab-yashnagan davrlarda hukmronlik qilgan Malikshoh fath etilgan erlarning xalqlariga bag'rikenglik va mehribonlik bilan munosabatda bo'lgan, hattoki musulmon bo'lmaganlar ham uni chinakamiga sevib, hurmat qilganlar. Barcha xolis tarixchilar Malikshohning adolati va bag'rikengligini tan olganlar. Uning axloqi va oliyjanobligi ahli kitoblar qalbida ham unga muhabbat uyg'otgan. Kichik Osiyodagi ko'pgina shaharlarning aholisi Malikshoh hukmronligi ostiga ixtiyoriy ravishda o'tishga qaror qilishganki, bu tarixda kam uchraydigan noyob hodisadir.

Ibrohim ibn Hubayb aytadilar: «Otam menga bunday der edilar: «Ey o'g'lim, faqih va olimlarning oldiga borib, ulardan ta'lim olgin hamda ularning odob – axloqlari va ko'rsatmalarini olgin. Zero bu ish menga sening ko'p hadis yodlashingdan ko'ra mahbubroqdir».

Ibn Muborak aytdilar: «Muhammad ibn Husayn menga bunday dedilar: «Biz ko'p hadisdan ko'ra ko'p odobga muhtojdirmiz».

Zakariyo Anbariy aytadilar: «Odobsiz ilm o'tinsiz olov kabidir. Ilmsiz odob esa jasadsiz ruh kabidir».

Molik ibn Anasdan rivoyat qilinadi. Onalari ularga bunday der ekanlar: «Robi'aning oldiga bor. Uning ilmidan oldin odobini o'rgan». («Tanviyrul – havolik» kitobidan)

Go'zal xulq to'g'risida Ahmad Yassaviy ham ajoyib sarlar bitgan:

Sen saqlasang odobni, eranlarning oldida,

Bilgil, alar qoshida sonsiz ma'no bilinur.

“Baxt-saodatga erishuv yo'lida nimaiki (axloq, kasb-hunar kabilar) yordam bersa,  uni saqlamoq va mustahkamlamoq,  nimaiki zararli  bo'lsa, uni foydali narsaga aylantirishga harakat qilmok zarur”, deb yozadi Abu Nasr Forobiy bobomiz.

Kisro (fors podshohi) o'g'liga ta'lim-tarbiya beradigan ustoz tayin qildi. Bola fazlu odobda barkamol bo'lib o'sdi. Bir kuni ustozi uni yoniga chorlab, hech bir sababsiz, aybdor bo'lmasa-da, bolani qattiq urdi. Bola esa katta bo'lguncha, ustoziga nisbatan ich-ichidan kek saqlab yurdi. Uning xayolidan o'sha sababsiz urilgan zarba ketmasdi.

Otasi o'lib taxtga chiqqach, birinchi ustozini yoniga chorladi:

– Falon, falon kuni hech bir sababsiz, aybim bo'lmasa-da, meni qattiq urgandingiz. Bunga sizni nima majbur qildi?

– Ey podshoh, fazlu odobda kamolga etganingizga, siz otangizdan so'ng taxtga o'tirishingizni bilgan edim. Shuning uchun sizga kaltak og'rig'ini, zulm alamini tottirishni xohladim, toki biron kimsaga ham zulm qilmagaysiz».

Podshoh bu javobdan mamnun bo'lib: «Alloh sizga yaxshi mukofotlar ato etsin», dedi va sovg'a-salom bilan kuzatib qo'ydi.

Ha, azizlar, odob o'z egasini ziynatlaydi, aziz va mukarram qiladi.

 

Elyor ZIYoVUDDINOV,

Yangi hayot tumani “Niyozmat ota” jome masjidi imom noibi

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo e’tirofining bir namunasi

25.11.2026   9923   2 min.
Dunyo e’tirofining bir namunasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.

Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.

Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.

Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.

Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.

Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).

Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.

Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!  

 

 Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar