Joriy yilning 25-30 sentyabr' kunlari O'zbekiston elchixonasi ko'magida Malayziya Islom tsivilizatsiyasi instituti direktori Fariza Sham boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga amaliy safari tashkil qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Malayziya Islom tsivilizatsiyasi instituti (Islam Hadhari Institute) mamlakat Milliy universiteti qoshida ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida 2007 yilda tashkil etilgan. Muassasa islom tsivilizatsiyasiga oid Malayziyaning etakchi ilmiy muassasasi va axborot-tahliliy markazi hisoblanadi.
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi taklifiga binoan Malayziya delegatsiyasi 28 sentyabr' kuni Abu Rayhon Beruniyning 1050 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan «Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o'rni»mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etdi.
Fariza Sham o'zining nutqida Beruniy shaxsiyati va fazilatlari, uning islom tsivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan hissasi haqida so'zlar ekan, «har bir yosh avlod Beruniyni o'zi uchun ibrat deb bilsa, uning insoniy xususiyatlariga ergashsa, unga o'xshashga intilsa, hayotiga yanada mazmun kiradi va katta ishlarga qodir bo'ladi», deya ta'kidladi.
Tashrif davomida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Muzaffarxon Joniyev bilan uchrashuv o'tkazildi.
Tomonlar o'rtasida Hamkorlik memorandum imzolandi. Tegishli kelishuvga joriy yil 16 iyun' kuni o'tkazilgan onlayn uchrashuv natijasida erishilgan edi. Mazkur memorandum ikki muassasa o'rtasida O'zbekiston zaminida etishib chiqqan allomalar merosini o'rganish, nodir manbalarni tadqiq etish, ilmiy xodimlar malakasini oshirish, konferentsiya va seminarlar o'tkazish kabi yo'nalishlarda amaliy hamkorlikni nazarda tutadi.
Shuningdek, safar davomida Fariza Shamning O'zbekiston Halqaro islom akademiyasi va Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tashrif buyuruvchi professor sifatida ochiq dars va ma'ruzalari tashkil qilindi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazi bilan muzokaralar o'tkazilib, kelgusi rejalar va 2024 yilda Toshkent shahrida «Islom tsivilizatsiyasining buyuk allomalari» mavzusidagi to'rtinchi xalqaro ilmiy-amaliy seminarni uyushtirish istiqbollari xususida fikr almashildi.
#xushxabar #taqdirlov #otinoyi
Ulug‘ ayyom — Ramazon hayiti arafasida yurtimizda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, xotin-qizlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va oilalar mustahkamligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan bir guruh soha vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra ko‘plab fidoyi va mehnatkash hamyurtlarimiz qatori Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Zulayho Saatova II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bilan, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi, bosh otinoyisi Hosiyat Qasimova "Shuhrat" medali bilan mukofotlandilar.
Ushbu yuksak mukofot bosh otinoyilarimizning ma’rifat tarqatish, ayollar orasidagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va yosh avlod tarbiyasiga qo‘shayotgan beqiyos hissalarining munosib e’tirofidir.
Darhaqiqat, inson qadri ulug‘langan yurtda mehnat va sadoqat hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi.
Yuksak mukofot egalariga ushbu muborak kunlardagi katta yutuq bilan muborakbod etamiz!
Alloh taolo bu mukofotni xayrli va bardavom qilsin, el-yurt xizmatida charchamaydigan g‘ayrat-shijoatlariga baraka bersin. Bayram va mukofot muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati