Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Taqvo ahlidan bo‘ling

06.05.2020   3316   14 min.
Taqvo ahlidan bo‘ling

Olamlarni tarbiyat qiluvchi Alloh taologa beadad, go‘zal va muborak hamd bo‘lsin.Uning Zoti azamatiga va saltanatining buyukligiga qandayin hamd sazovor bo‘lsa, shunday hamdu sanolar bo‘lsin!

Va Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom)ga, u zotning ahli xonadonlariga, as'hoblariga va barcha izdoshlariga salotu salomlar bo‘lsin!

Alloh taolo Qur’oni karimda buyuradi:

 «Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqinglar va (har bir) jon erta (Qiyomat kuni) uchun nimani (ya’ni qanday ezgu amalni) taqdim etganiga qarasin. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir». 

Darhaqiqat, inson oxirat uchun nima hozirlamoqda? Dunyoda qilgan barcha yaxshi va yomon amallari oxiratdagi hayotini belgilaydi. Iftorlik sadaqa, zakot bergan, masjid qurgan, ro‘za tutgan, namoz o‘qigan, umraga borgan, haj qilgan, ibodat qilgan bo‘lsa, bularning savobi qayerga ketadi? Oxiratga ketadi. Inson dunyodalik vaqtidayoq qilgan amallarini oxiratga yuboradi. Aksincha, gunoh ishlar qilgan bo‘lsa, aroq ichgan, qimor o‘ynagan, zulm, haqsizlik, zino, nomussizlik qilgan bo‘lsa, xullas, Alloh sevmaydigan nimaiki ishlarga qo‘l urgan bo‘lsa, ular ham hammasi oxiratga ketadi. 

«Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir!» 

Yana boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi: 

«Ey mo‘minlar, Allohdan haq-rost qo‘rqish bilan qo‘rqinglar va faqatgina musulmon bo‘lgan hollaringda dunyodan o‘tinglar!» 

Hazrati Ali: «Ey Rabbim! Sen men xohlaganimdek Parvardigorsan, senga hamd bo‘lsin! Meni ham O‘zing xohlaganing kabi qul qilgin», degan ekanlar. Alloh xohlaganday qul qanday bo‘ladi? Bunday qul taqvo ahli bo‘lishi kerak... Taqvodor qul bo‘lgandan keyin Alloh xohlaganidek qul bo‘ladi. Bunday zotlarni atrofimizda uchratishimiz mumkin. Hech kimni ranjitmaydi, qo‘lida tasbeh, tilida zikru duo, fe’li go‘zal, zarif, shirin so‘z, yaxshilikni sevadigan, farishtadek... Bunday insonlar haqida so‘z ketganda: «Bu odam taqvodordir», deymiz. Xo‘sh, taqvo nima degani o‘zi? 

Taqvo, bu arabchada saqlanmoq, qo‘rqmoq degan ma’noni bildiradi. O‘zagi «voqaya»dir. Voqaya qilish biror narsadan asranmoq, saqlanmoq degani. Taqvo bu – insonning o‘zini harom ishlardan saqlashi va qo‘riqlashi. Nimadan asraydi? O‘zini Allohning g‘azabidan asraydi. Chunki Alloh taolo – kuch-qudrat sohibi. U oxiratda insonlarning qilgan amallariga yarasha javobini beradi.

 Qiyomat kunining egasi bo‘lganligi uchun Alloh yaxshilarni mukofotlab, yomonlarni jazolaguvchi zot hisoblanadi. Biz nima qilishimiz lozim? Allohning azobidan saqlanishimiz lozim!.. Chunki Alloh yomonlarni jahannamda azoblab, yoqadi. Ko‘zlar ko‘rmagan, aqllar bovar qilmagan qo‘rqinchli azobga giriftor qiladi. Shuning uchun ham Uning azobidan saqlanish kerak. 

Hozir ramazon oyidamiz, suhbatimiz ramazon haqida bo‘ladi. Alloh taolo farz qilgani uchun ramazon oyi ro‘zasini tutamiz. Alloh taolo quyidagi oyati karima bilan ro‘zani bizga farz qildi: 

«Ey mo‘minlar! Taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi». 

Bu oyati karimadan ro‘za tutishga qudrati yetgan har bir mo‘minga ro‘za tutish farz ekanligini bilib olamiz. Chunki «Bo‘yningizga yozildi», deyilmoqda. Bu bir... 

Ikkinchisi: «Sizdan oldingi ummatlarga yozilgani kabi, sizga ham yozildi», deb buyurilmoqda. Ma’lum bo‘ladiki, ro‘za tutish bu faqatgina bizga farz bo‘lmagan, bizdan oldingi ummatlarga ham amr qilingan ekan. 

Uchinchidan: «Toki taqvo ahli – yaxshi bir musulmon bo‘lsangiz». Demak, ro‘za tutgan odam taqvoga erishishi lozim! Taqvo ahlidan bo‘lgan yaxshi bir musulmon bo‘lish kerak!.. 

Alloh taolo yuqoridagi oyati karimalarida bizni taqvo ahli bo‘lishga chaqirib: «Taqvo ahli bo‘ling!» deb, uning yo‘li qanday bo‘lishini ham ko‘rsatib qo‘yibdi. Ha, taqvodor bir qul bo‘lamiz, yomon ishlardan saqlanamiz, odobli, tarbiyali, muborak, komil bir musulmon bo‘lamiz, ammo bunga qanday qilib erishish mumkin? 

Uning yo‘li va chorasi ro‘za tutmoq. «Oldingi ummatlarga farz qilinganidek, sizga ham farz qilindi, toki siz ham taqvo ahlidek taqvodor inson bo‘lsangiz». Demak, asl musulmon bo‘lishning, Alloh taolo sevgan bir taqvodor mo‘min bo‘lishning yo‘li ro‘za tutmoqdir. Bu oyati karima, taqvo sifatiga erishmog‘imiz uchun, bizga ro‘za yordamchi bo‘la olishini ochiq ko‘rsatib turibdi. 

Aziz va muhtaram birodarlar! Tanamizda ikki qo‘limiz, ikki oyog‘imiz, boshimiz, ko‘zimiz, qulog‘imiz bor. Bundan tashqari, ruhimiz, ya’ni jonimiz ham bor... Ruh tirikligida bu qosh, bu ko‘z, ya’ni bu badanning qiymati bo‘ladi, ammo ruh jasadni tark etishi bilan badan hech narsaga yaramay qoladi. Bir oz avval gaplashayotgan bir odam vafot etsa, ruhi chiqib ketsa, endi gapirmaydi, qimirlayotgan bo‘lsa, endi qimirlamay qoladi. Ruh ketishi bilan bu jasadning qiymati qolmaydi. 

Nafsning istaklarini “shahavoti nafsoniya” deb aytamiz. Shahavot - xohishlar, orzular degani. Nafs ichkaridan xohishlar hosil qiladi va aytadi: «Voy, och qoldim, voy, suvsadim! Voy, dam olishni xohlayman, uxlamoqchiman!..» va hokazo shunga o‘xshash orzular. 

To‘g‘ri, bu istaklar tabiiy ehtiyojdir. Parvardigorimiz hech bir narsani o‘rinsiz yaratmagan. Parvardigorimiz bularning vujudda bo‘lishini xohlab yaratgan ekan, hikmatdan xoli emas, albatta, ma’noga ega... Rabbimizning hikmatsiz biror ishi yo‘q. 

Inson o‘z-o‘zini nazorat qilmog‘i lozim! Inson vujudining nazoratchisi bu – nafs. Insonga vujudining ehtiyojini bildirish jihatidan u lozimdir. Ammo bu nafsni o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, haddidan oshib ketadi. Ya’ni shahavoti nafsoniya – nafs orzularining chegarasi bo‘lmaydi, davom etib ketaveradi. Chegaradan chiqib ketganidan keyin insonni gunohlarga boshlaydi. Masalan, o‘g‘irlik qildiradi, birovning nomusiga ko‘z olaytiradi, tanballikka da’vat etadi, ko‘p uxlashga giriftor qiladi, boshqalar ishlasin, men tekinga yashayman, deb vasvasaga soladi va shunga o‘xshash boshqa gunoh ishlarga chorlaydi. 

Nafsning ushbu holatiga nafsi ammora deb ataladi. U shunday nafski, insonlarni yomonlikka amr qiladi... Inson nafsi tarbiyalanmadimi, u albatta, razolatga boshlaydi, jaholatga buyuradi. Yusuf surasida: 

«Chunki nafs  agar Parvardigorimning O‘zi rahm qilmasa  albatta, barcha yomonliklarga buyurguvchidir», degan oyat bor. 

Nafsning haddan oshib ketayotgan orzularini to‘xtatish lozim! Kim to‘xtatadi? Bolani otasi to‘xtatadi: «Futbol o‘ynama! Kinoga borma! O‘tir, darsingni qil! Tur, uxlama!.. Uy vazifasini bajar, keyin tashqariga chiqib o‘yna!» va shunga o‘xshash. Kimdir uni boshqarib turadi. 

Xo‘p, bola ulg‘ayib kuchli-quvvatli yigit bo‘ldi, o‘z-o‘ziga buyruq beradigan bo‘lib qolgan bo‘lsa, uni kim idora etadi?.. U insonning nafsini kim boshqaradi, tarbiya qiladi? Insonning nafsi tarbiyaga muhtoj! Agar nafs tarbiya qilinsa, inson najot topadi. Qaysi dalilga ko‘ra, qaysi hujjatga ko‘ra qutuladi? Alloh taolo bunga javoban Qur’oni karimda shunday buyuradi: 

«Darhaqiqat uni (ya’ni o‘z nafsini - jonini imon va taqvo bilan) poklagan kishi najot topdi. Va u (jonni fisq-fujur bilan) ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ldi». Nafsini tarbiyalab poklagan, isloh qilgan qutuladi. «Nafsini tarbiya qilmagan ezgulikdan mahrum qoladi, Insonning nafsi tarbiyalangan bo‘lishi lozim!.. Boshliqning, xo‘jayinning, xotinning, erkakning, har bir kishining nafsi tarbiyalanishi lozim!.. Nafsi tarbiyalangan odam komil inson bo‘ladi. Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Bahouddin Naqshband, Ibrohim Adham kabi nafsini tarbiyalagan komil insonlar bo‘lishgan. Hammalaridan Alloh rozi bo‘lsin! Bularning barchasi tarixda nomi qolgan sevimli buyuk insonlardir. 

Shurayh hazratlari qozi edilar. Bir kuni mahkamaga ikki kishi kirib keldi. Biri – musulmon, ikkinchisi - nasroniy edi. Shunda u kishining yuragi bir jiz etdi va «Inshoalloh, musulmon haqlidir», dedilar. Ko‘ngillari tarafkashlik qildi. Qarang, da’volarini aytish uchun da’vogarlar qozining huzuriga keldilar. Qozining ko‘ngli esa musulmon kishiga mayl etdi. Musulmonni sevdi, chunki u dindoshi, yo‘ldoshi, hamzikri edi. 

Kelganlarning arzini eshitgach, baxtga qarshi, musulmon haqsiz, nasroniy haq bo‘lib chiqdi. 

Qozi Shurayh da’voni bitirdilar, ammo umrlarining oxirigacha iztirobda yashadilar: 

«Nega qalbim mendan adolat so‘rab kelgan ikki kishining birinchisiga oldinroq mayl etdi?» deb o‘zlarini ayblab yurdilar. Qarang, insonning nafsi tarbiyalangandan keyin o‘z-o‘zini qanday jiddiy nazorat qiladi. 

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) hamma narsaga qiziquvchan va ashyoning asl ma’nosini idrok eta bilgan kishi edilar. Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)dan so‘radilar: 

«Alloh taolo Qur’oni karimda taqvoni ko‘p amr qilgan. Taqvo o‘zi nima? 

Qur’oni karimni jamlagan, uni juda ham yaxshi bilgan olim sahobalardan biri bo‘lgan Ubay ibni Ka’b (roziyallohu anhu) juda ham mazmundor javob beradilar: 

– Ey Umar, sen tikanli dalada yurganmican? 

– Yurganman! 

– Qanday qilib yurding? 

– Etaklarimni yig‘ib oldim. (Arablar uzun ko‘ylak kiyadilar...) 

– Nega bunday qilding? 

– Tikanlar etaklarimni yirtmasligi va oyog‘imga tikanlar kirmasligi uchun. Oyog‘imga tikan kirsa, qonatadi va og‘ritadi. 

– Taqvo ham shunday! – deb javob berdilar Ubay ibni Ka’b (roziyallohu anhu). 

Qarang, qanday javob bermoqda? Tamsil yo‘li bilan, ya’ni o‘xshatish bilan, esda qoladigan bir misol bilan tushuntirmoqda. 

Shuning uchun gunoh tikanlarini bosmasliging kerak! Gunoh tikanlariga ko‘ylagingni ilintirmasliging lozim! Diqqat bilan yurishing darkor! Ehtiyot bo‘lib yursang, harom ishni ham qilmaysan. Hushyor bo‘lsang gunohkor bo‘lmaysan. 

Ammo, insonlar bu gunohlarni bilmaganliklaridan qilmoqdalarmi? 

Ichkilik, qimor, yolg‘on, foizning (sudxo‘rlikning) gunohligini hamma biladi. Bilmasdan qiladiganlari juda ham oz. Alloh harom qilganligini bilgan hamda tushungan holda yana nimaga bu gunoh ishlarni qilmoqdalar? Chunki nafsga hokim bo‘lolmaganliklaridan o‘zlarini tutolmaydilar. «O‘zimni tutolmadim, nafsimga hokim bo‘lolmadim, kechirasiz!» deydilar. Yoki «Shaytonga ergashdim, nafsga bo‘ysundim», deb uzrxohlik qilishadi. 

Demak, nafsga ergashmaslik uchun musulmon ramazonda bir oy ta’lim oladi. Qanday ta’lim oladi? Suv ichmaslik, ovqat yemaslik, xotiniga yaqinlashmaslik orqali bilim va malakasini oshiradi. Endi quyidagi oyati karimaning ma’nosi anglashilayotgandir? 

«...Sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham ma’lum kunlarda ro‘za tutish farz qilindi». 

Shuni unutmaylikki, aziz birodarlar, ro‘za faqat shakliy ibodat emas... Balki, ro‘zadan asl maqsad ruhiyatni poklash, taqvoni kuchaytirishdir.

Misrlik bir imom domladan: 

«Misrliklar Qur’oni karimni juda ham chiroyli o‘qiydilar, bizga biror oyat o‘qib bermaysizmi!» deb iltimos qildik. 

«O‘qiyman, lekin bir shartim bor. Marhamat qilib, Qur’oni karimni quloqlaringiz bilan emas, balki qalblaringiz bilan tinglang!» dedi u.

 Chunki ko‘p insonlar quloq bilan eshitadilar, ammo qalb quloqlari eshitmay qoladi. Bolaga otasi nasihat qilganida u eshitmaydimi? Eshitadi. Unday bo‘lsa, nega yana yomonlik qiladi?.. Demak, to‘la qabul qila olmaydi. Biz buni bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketdi, deymiz. Aslida u qabul qila olmadi, eshita olmadi. Demak, anglay olmadi, eshitganni esa amalga oshirish lozim! Eshitganini qalbiga joylashtirishi lozim! Ibrat nazari bilan ko‘rishi lozim, ko‘rganini esa qalbga naqsh qilishi lozim! 

Shu sababdan ham imom domla: «Men Qur’on o‘qiyman, ammo, iltimos, meni quloqlaringiz bilan emas, qalbingiz bilan eshiting!» deb bejiz aytmagan. Xuddi shuningdek, muhtaram birodarlarim, siz ham ro‘zani shakliy tutmang, och qoldim, suvsadim deb o‘ylamang! Ro‘zaning ma’nosiga yetishga, uning ma’naviy tarbiyasini olishga harakat qiling! 

Ro‘za sizu bizni irodasi kuchli taqvodor inson holiga keltiradigan ish-harakatdir. Ta’bir joiz bo‘lsa, ro‘za asrlar bo‘yi davom etib kelgan ilohiy zamonaviy ish-faoliyat deyish mumkin...

 

Abdumannon USMONOV,

"Hasanboy" jome masjidi imom-xatibi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Olam o‘lyapti!

03.05.2025   1725   3 min.
Olam o‘lyapti!

Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.


"موت العالم موت العالم"


— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi: 


"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."


"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."

Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat  ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...

Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.

Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.

Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.

Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.

Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.

Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
 

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li