Bektemir tumani bosh imom-xatibi Iskandar qori Xalilov sevikli qizini turmushga berayotgani munosabati bilan bugun poytaxtimizdagi “Sadaf” to‘yxonasida osh berdi.
Oshga biz o‘rganib qolganimizdek, besh yuz, ming nafar emas, bir yuz yigirma chog‘li odam taklif qilinibdi. To‘yxonaga kirib o‘tirganingiz zahoti ajib bir tartiblilikni his qilasiz, o‘zingizga ma’qul joyni tanlab o‘tirsangiz ham bakovullar kelib, boshqa joyga o‘tkazib qo‘ymaydi – bemalolchilik. Ba’zi to‘ylarga juda ko‘p odam chaqirilgani bois joy tegmay noqulay ahvolda turib qolgan mehmonlar ham bo‘lardi. Bu yerda unday gap yo‘q. Mehmonlar to‘kin dasturxon atrofida siqilishmasdan yayrab o‘tiribdi. Mumtoz qo‘shiqlarimiz ijrosi kishida malollik tug‘dirmaydigan o‘rtacha balandlikdagi ovozda yangrab turibdi.

Mehmonlar o‘rinlariga joylashib bir-bir piyola choy ichib nafas rostlaganidan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasining masjidlar bo‘limi boshlig‘i Rahimberdi Rahmonov domla amri ma’ruf qildi.
– Azizlar, bu yerga xonadonning eng yaqin do‘stlari jamlangan. Domlamiz xalqimiz, yurtboshimizning to‘y masalasidagi fikriga o‘zining munosabati, hozirjavobligining ifodasi o‘laroq hozirda o‘tkazayotgan ana shu to‘yini ixchamgina qilib o‘tkazmoqda. Biz o‘zimizning kimligimizini ko‘rsatib qo‘yish uchun ko‘p odamni to‘yga chaqirishni odat qilib olgan edik. Allohga shukrki, Prezidentimizning to‘y-ma’rakalarni ixchamlashtirish borasidagi fikrlaridan ruhlangan ziyolilarimiz to‘ylarimizni ixcham tarzda o‘tkazish borasida elga o‘rnak bo‘lmoqdalar. Mana, tunov kuni ham bir to‘yga taklif qilindik. oshga yetmish odam aytilibdi. Mehmonlar juda ham rohatlanib o‘tirdi. To‘y sohibi obro‘-e’tiborli kishi, ming odamni chaqirishga qurbi ham yetadi, ming odam keladi ham to‘yiga. Biroq u savobli yo‘lni tanladi. yaqinlaridan yetmish kishiga osh qilib berdi va ortganini farzandlarining istiqboliga sarfladi.

Darhaqiqat, savobni tanlashda gap ko‘p. Istaganida Iskandar domla ham 1000 kishini oshga chaqirar edi va Bektemir tumanining o‘zidan uning ortida turib besh vaqt namozini o‘qiydigan – namozxonlarning deyarli hammasi domlaning hurmati uchun kelar edi.
– Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam turmush qurgan yoshlarni uchratsalar, ularning haqlariga “Allohim, ikki yoshga yaxshilik ato qil”, deb duo qilar edilar. Chunki dinimiz nimani amr qilgan bo‘lsa, hammasining zamirida yaxshilik bor. Aslida bir mo‘min boshqa bir mo‘minga yaxshilik qilsa, yaxshilik ko‘rgan odamning bir kami bitar, ko‘ngli ko‘tarilar... ammo yaxshilik qilshgan odam buning evaziga undan ming chandon yaxshiliklar ko‘radi: Alloh taolo rizqini keng, sog‘lig‘igini mustahkam, umrini barakali, u dunyosini ham obod qilib qo‘yadi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “So‘zing bilan emas, amaling bilan yaxshilik qil”, deb nasihat qilganlar. Iskandar domla ham har doim yon atrofidagi insonlarga, yoshlarimizga amali bilan o‘rnak bo‘lish harakatida yuradilar, Bugun turmush qurayotgan yoshlarimizga ham Parvardigorimiz yaxshiliklar ato qilsin va amali durust bandalaridan bo‘lmog‘ini nasib aylasin.

Shundan so‘ng tilovati Qur’on qilindi va yoshlarning baxtini so‘rab duoga qo‘l ochildi. Dasturxonga osh tortilganda yana bir xususiyat ko‘zga chalindi: tumonat odam bo‘ladigan oshlarning ba’zilarida laganga guruch bir qator qilib terilardi va mehmonlar bir-bir qoshiq olganidan keyin “siz oling”, “siz olib qo‘ying”, deb bir-biriga manzirat qilib qolishar edi. Ya’ni u oshlar go‘yoki ramziy oshlar edi. Bugun esa laganga rosmana oshga o‘xshatib suzilibdi. Mehmonlar biri ikkinchisidan xijolat bo‘lmasdan maza qilib taomlanishdi. Keyin yoshlarning baxtini so‘rab duo qilib tarqalarkan, o‘zaro shunday ixcham to‘ylar fayzli bo‘lar ekan, deya gaplashib ketishdi.
Damin JUMAQUL
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Padari buzrukvorim shunday dedilar: "Birodar! Darhaqiqat, ilm ato qilish va foyda yetkazish na ustozning, na voizning va na nasihat qiluvchining ishi. U narsa boshqa bir Zotning ato etganidir. Ilmni Alloh beradi. Biror vosita orqali beradi, kimnidir sabab ham qiladi. Agar biror odam ilm tolibi bo‘lib haqiqiy talab ila kelsa, u holda Alloh taolo ustozning qalbida uning uchun foydali bo‘ladigan narsani solib qo‘yadi. Yo‘qsa, biror kimsada o‘zgaga biror foyda yetkazish qudrati yo‘qdir. Toki, Alloh taoloning tavfiqi bo‘lmasa va U Zot iroda qilmasa, biror shaxs o‘zgaga foyda yetkaza olmaydi. Alloh xohlasa, bir jumla ila foyda yetkazishi mumkin. Agar xohlamasa, uzun va mazmundor va’zlar hammasi bekor ketadi".
Ulug‘larimizning bir gapi bor: "Tolibning (ilm) talabi barakotidan (ilm) aytuvchining qalbi va tiliga Alloh taolo eshituvchilar uchun foydali narsani joriy qilib qo‘yadi".
Din ilmining barakalari
Shayxul islom, Alloma Shamsul Haq Afg‘oniy rahmatullohi alayh aytadilar: «Devbandagi "Dorul ulum" madrasasida hadis ilmining bir talabasi vafot etdi. Janoza o‘qilib, dafn qilindi. Keyin vorislariga xat yuborildi. Masofa uzoqligi uchun xat olti oy deganda yetib bordi. Marhumning qarindoshlari kelishdi... Rektor Qori Muhammad Toyyib hazratlari bilan uchrashishdi va: "Biz mayyitni qabrdan qazib olib, yurtimizga olib ketishni xohlaymiz", deyishdi. Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularga uzoq tushuntirdilar. Lekin ular juda qaysar edi, gapga kiray deyishmasdi. Shunda Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularni mening huzurimga yubordilar. Men ham ularga uzoq tushuntirdim. Ular esa: "Biz mayyitni yo olib ketamiz, yoki butun qarindoshlarimiz bilan bu yerga ko‘chib kelib olamiz", deyishdi...
Xullas, qabr qazildi, ne xolki, olti oydan keyin mayyit kafanida bus-butun yotgan edi. Undan ajib xushbo‘y taralardi. Mayyitning jasadi qutiga solindi va hurmat yuzasidan bir talaba ular bilan birga yuborildi. Uning yurtiga temir yo‘l orqali borilar edi. Temir yo‘l vokzalida bojxona va nazoratchi xodimlar to‘xtatib: "Bu qutida mayyit emas, noqonuniy yo‘l ila olib ketilayotgan mushki anbar bor", deb, tobutni ochishga majburlashdi. Ochib qarasalar, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, unda o‘lik jasad, ammo hadis ilmini o‘rganayotgan talabaning jasadi bor edi, undan judayam xush hid taralayotgan edi.
"Nasihatlar guldastasi" kitobidan