Abdulloh yoshligidan tirishqoq, kichik bo‘lishiga qaramay, keksa otasiga yordam berish uchun tinmay harakat qilardi. Otasi Murod ota ancha keksayib qolgan, yoshi oltmishdan oshgan bo‘lib, og‘ir mehnat qilsa, tez toliqib qoladi. Charchaganini bildirmaslikka har qancha harakat qilmasin, baribir keksaligi oshkora qilib qo‘yardi. Otasini doimo kuzatib yurgan, ahvolini anglab yetgan kenja Abdulloh imkon qadar unga yordam berishga urinadi. U keksa otasining harsillab ketmon chopishini ko‘rib ruhan eziladi. Abdullohning ketmon chopishga kuchi yetmasa-da, otasiga sezdirmay toklarning ostini yumshatishga, yer chopishga harakat qildi.
Erta tongda eshagini minib, choshgohgacha mollarga ikki-uch marta o‘t olib kelar, tushdan keyin yana shunday qilardi. Hamma o‘yin bilan ovora bo‘lganida, u mehnat qilardi. Vaqt topdi degunicha qo‘liga kitob olib mutolaa qilardi. Ota-onasi biron marotaba o‘t olib kel, yer chop, kitobingni o‘qigin, deb aytmasdi, yurakdan mehnat qilar va tinim bilmasdi. Onasi bo‘lsa, “Ko‘p kitob o‘qiyverma”, deb chiroqni o‘chirib qo‘yardi. Shunga qaramay, ilm olishga qiziquvchan bola fonarini yoritib ko‘rpaning ichida kitob o‘qirdi. U oldiga katta maqsad qo‘ygan: “O‘qib yetuk inson bo‘laman, otamning og‘irini yengil qilaman, onamga ko‘makdosh bo‘laman”, deb tinmay harakat qilardi. Ba’zi yoshi katta bolalar uni masxaralab kamsitishganda: “Hali shoshmay turinglar, kelajakda olim bo‘laman. O‘shanda Abdullohning kimligini ko‘rasizlar, hammangiz yalinib oldimga borasizlar!” derdi. Murod ota farzandini doimo duo qilardi. Murod ota qo‘shnisi Temir ota bilan gaplashib o‘tirganida, eshakka o‘t ortib kelib tushirishga qiynalayotgan Abdullohga qarab:
– Shu o‘g‘lingdan katta odam chiqadi. Hech tinim bilmaydi. “Bo‘ladigan bola o‘n besh yoshda bosh bo‘lar, bo‘lmaydigani qirqqa kirsa, yosh bo‘lar”, degan maqolni eshitgansan-a, shu maqol sening o‘g‘lingga o‘xshagan g‘ayratli bolalarga aytilganov. Menga qara, Murod, o‘g‘lingni ishla deb urasanmi? – dedi ko‘ziga tikilib.
– Nima deyapsan, bu bolani urib bo‘larkanmi? O‘zining g‘ayrati ichiga sig‘maydi. Boshqalarga o‘xshab o‘ynagin, dam ol desam, quloq solmaydi.
Abdulloh maktabni tugatib, oliygohda o‘qidi. Uni bitirib, katta olim bo‘ldi. Otasini e’zozlab, boshlariga ko‘tarib, duosini oldi. Uni yaxshi taniganlar: “Sen duo olgansan, sen bilan o‘ynashib bo‘lmaydi!” derdilar. Ha, “Bo‘ladigan bola boshidan” deb bejizga aytilmagan. Bu kabi bolalarga ishoraning o‘zi kifoya bo‘ladi. Har gapni ma’nosiga qarab yo‘l tutadi. Ba’zilar qirqqa kirsa-da, pand-nasihatni qulog‘iga olmaydi. To‘g‘rini egri, egrini to‘g‘ri deydi. Dangasalikka o‘rganib, ota-onaning xizmatidan qochib, yomonligini qo‘ymay, ulg‘ayishga intilmaydi.
Ey aziz farzand! Intilganga tole yor! Ota-onasini xizmatini qilgan, ustozlar duosini olgan, el-yurtning olqish va rahmatlarini olgan inson, albatta, baxtli bo‘ladi. Bunday insonlar uzoq umr ko‘radilar. Kim mana shunday insonlarga yomonlik qilsa, albatta, yomonligi o‘ziga qaytadi. Shu bois ulug‘larimiz: “Duo olgan odamdan ehtiyot bo‘ling. U duolar qo‘rg‘onida bo‘ladi. Unga yomonlik qilsangiz, o‘zingizni balolarga giriftor qilasiz. Siz ham duo olgan mana shunday insonlar duosini oling, siz ham baxtli bo‘lasiz”, deydilar. Yuqoridagi ulug‘ insonlarning aytganini qilib, baxtga erishing, rahmat va olqishlar olib, umringizni barakotli qiling. Aslo qarg‘ish olmang! Qarg‘ish umringizni kesib, barakangizni qochiradi. Aqlingizni yoshligingizdan ishlatsangiz, hayotda ko‘p yaxshiliklar ko‘rasiz.
Qirq yoshga yetsa ham aqli to‘lmasa,
Yomon amallarni hargiz qo‘ymasa,
Ustiga fazldan libos kiymasa,
Bo‘ladi, bundayni odam demasa.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
Hayot yo‘llarida yurar ekanmiz, turli xarakterdagi insonlarga duch kelamiz. Ayniqsa, katta yo‘llar, tig‘iz harakat va mashina ruli ortidagi muhit haydovchidan nafaqat chaqqonlikni, balki mustahkam asab va yuksak sabr-toqatni ham talab qiladi.
Yo‘ldagi sinov va birgina hadis
Oltmish yoshlarga borib qolgan, biroz jahldor bo‘lsa-da, dilkash, ko‘ngli askiyaga moyil qadrdon tanishlarimdan biri haydovchilik kasbi ortidan umr o‘tkazib kelmoqda. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib kelayotgan bu insonning ismi Sobir. Ammo ismiga monand sabri sal kamroq.
Kunlarning birida uning mashinasida ketarkanman, kutilmaganda yo‘ldagi boshqa haydovchining beparvoligi sabab Sobir aka so‘kinib yubordi. G‘azabi biroz bosilgach, unga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning g‘azabning yomon oqibatlari haqidagi muborak hadislaridan birini sekingina eslatib o‘tdim. O‘sha paytda u kishi hech qanday munosabat bildirmadi: ehtimol, hali jahldan to‘liq tushmagandir. Manzilga yetib, odatdagiday samimiy xayrlashdik.
Oradan vaqt o‘tib ko‘rishganimizda Sobir aka o‘tgan voqeani iliqlik bilan esladi. Haydovchiga aytgan so‘zlaridan keyin qattiq ezilganini, men eslatgan hadis uning uchun katta ibrat bo‘lganini yashirmadi. Hozir ham g‘azabi toshganda o‘sha suhbat esiga tushib, o‘zini darhol qo‘lga olishini aytadi. O‘zidan ancha yoshi kichik insonni omma oldida “ustoz” deb izzatlashi, aytilgan birgina nasihatdan yetarli xulosa chiqara olgani uning naqadar sof va oliyjanob qalb egasi ekanini ko‘rsatadi.
Hissiyot jilovidagi haqiqatlar
“G‘azab umri kalta aqlsizlikdir”. Buyuk allomalar bejiz bunday demaganlar. Hayotimizda tilga va qo‘lga erk bermaslik, hissiyotlarni jilovlay olmaslik oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketgani, yaqin qarindosh-urug‘lar va qadrdon do‘stlarning orasi uzilib qolgani achchiq haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh, menga bir nasihat qiling”, degan sahobalarga U zot qisqa va lo‘nda qilib: “G‘azablanma”, deb javob berganlar.
Bu bejiz emas, chunki g‘azab insonning aql-idrokini o‘g‘irlaydi, obro‘siga putur yetkazadi va keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarga yetaklaydi.
Har qanday vaziyatda ham insonligimizni, aql va tafakkur sohibi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Qachonki, jahlimiz chiqsa, aqlimiz qochmasligi kerak. So‘nggi pushaymondan ko‘ra, lahzalik jahlni ichga yutib, sokinlikni saqlash har doim yaxshiroq natija beradi. Unutmang, tinchlik va xotirjamlik – eng buyuk boylikdir.
Muallif: Anvar Ermamatov, "Zarafshon" nashri.