Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Aprel, 2026   |   29 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:39
Peshin
12:27
Asr
17:08
Shom
19:10
Xufton
20:28
Bismillah
18 Aprel, 2026, 29 Shavvol, 1447

Tobeinlar tafsirining qiymati (1-maqola)

04.01.2018   10554   5 min.
Tobeinlar tafsirining qiymati (1-maqola)

Biror masalaning yechimini topish uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan yoki sahobalardan rivoyat qilingan dalil topilmasa, tobeinlarning tafsirlariga murojat qilib, ularning so‘zlarini qabul qilish mumkin yoki mumkin emasligi to‘g‘risida islom ulamolarining qarashlari turlicha. Jumladan: 

Imom Ahmaddan ikki xil fikr keltirilgan. Birida qabul qilish, yana birida qabul qilmaslikni aytgan.

Ibn Uqayl, tobein so‘zini qabul qilmaslik taklifini bergan.

Shu’ba ibn Al-Hajjojning aytishicha: “Tobeinlarning so‘zlari qabul qilinmaydi, deganlar quyidagicha sabab ko‘rsatadilar: “Tobeinlar bevosita Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitmaganlar. Shuning uchun ularning tafsirini sahobalar tafsiri darajasiga ko‘tarib bo‘lmaydi. Buning ustiga tobeinlar Qur’onning nozil bo‘lish holatiga, nuzul vaqtidagi alomatlarga shohid bo‘lmaganlar. Shunday ekan, ular murodni tushunishda xato qilgan bo‘lishlari, dalil bo‘lmaydigan narsa va holatni dalil deb anglashlari mumkin. Buning ustiga tobeinlarning adolati sahobalarning adolati bilan teng deb bo‘lmaydi”. 

Bu haqda Abu Hanifa rahmatullohu alayh bunday degan:

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan kelgan xabarlarni bosh va ko‘zimiz ustiga qabul qilamiz. Sahobalardan kelgan xabarlarni qabul qilishda ixtiyorlimiz; xohlasak qabul qilamiz, xohlamasak yo‘q. Ammo tobeinlardan kelgan xabarga kelsak, ular ham, biz ham ulamolarmiz”.

Ba’zi mufassir ulamolar aksincha fikr bildirganlar:

“Tobeinlarning so‘zlari tafsirdan olinadi, chunki ular aksar tafsirlarini sahobalardan olganlar. Masalan, Mujohid bunday deydi: “Men Mus'hafni “Fotiha” surasidan oxirigacha Ibn Abbos huzurida uch marta o‘tkazdim. Har bir oyatdan so‘ng to‘xtab, uning ma’nosini so‘rar edim”.

Qatoda ham: “Qur’onda biror oyatni qoldirmasdan ma’nosini eshitdim”, degan. Shuning uchun ba’zi mufassirlar o‘z tafsirlarida tobeinlar rivoyatlaridan ham foydalanganlar.

 Shu’ba ibn Al-Hajjoj shunday deydi:

 “Tobeinlarning so‘zlari hujjat bo‘lolmaydi. Haqiqatda ham, bir tobeinning so‘zi unga muxolif bo‘lgan tobeinga hujjat bo‘lolmaydi, muxolifining so‘zini hech kim qabul qilmaydi. Shunday ekan, tobeinlar bir so‘zda ittifoq bo‘lsalar, boshqa hujjat qidirib yurmasdan o‘sha so‘z olinadi. Agar tobeinlar ixtilofda bo‘lsalar, ularning so‘zlari tark qilinadi va Qur’onning, sunnatning yoki umuman arabning lug‘atiga, sahobiylarning qavliga qaytiladi”.

Demak, tobeinlarning so‘zini tafsirda hujjat sifatida olish joiz emas. Xususan, ahli kitoblardan rivoyat qilingan bo‘lsa, unday so‘zlar tark qilinadi.

Ammo ularning so‘zlari ra’y bilan ham emas, ahli kitoblardan rivoyat qilingan ham emas, balki sahobiylardan rivoyat qilingan bo‘lsa uni olish mumkin. Tobeinlar ittifoq qilgan bo‘lsalar, uni olish vojibdir.

Tobeinlarning tafsiri bir necha alomatlar bilan ajralib turadi:

1.Tobeinlar tafsiriga yahudiylar va nasroniylardan qilingan juda ko‘p rivoyatlar kirib qolgan. Buning sababi ahli kitoblarning ko‘pchiligi islom diniga kirganligidir. Ularning zehniga shariat ahkomlariga aloqasi bo‘lmagan turli xabarlar, masalan, yaralishning boshlanishi, vujudning sirlari, koinotning yaratilishi va boshqa ko‘plab qissalar o‘rnashib qolgan. Bu xabarlarni Qur’oni karim mufassal emas, ijmolan bayonini yoki ishorasini qilib o‘tgan. Qur’ondagi bunday xabarlar, ayniqsa, yahudiylar va nasroniylar haqidagi ma’lumotlarni inson nafsi batafsilroq bilishga, tushunishga qiziqadi. Shuning uchun tobeinlar ahli kitoblardan eshitgan bunday “isroiliyotlar”ni tahrir va tanqid qilmasdan o‘quvchiga qiziqarli bo‘lsin, deb o‘z tafsirlariga qo‘shib yuborganlar. Isroiyliyotlarning aksari ahli kitoblardan musulmon bo‘lgan Abdulloh ibn Salom, Ka’bul-Ahbor, Vahb ibn Munabbah va Abdulmalik ibn Abdulaziz ibn Jurayjdan rivoyat qilingan.

 2.Bu davrdagi tafsir tobeinlarning sahobalar bilan uchrashib, ulardan eshitib, qilgan rivoyatlari asosida yuzaga kelgan. Biroq Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonida sahobalar bilittifoq rivoyat qilganidek umumiy ma’noda emas, balki har bir tobein o‘z ustozi-imomidan eshitganini xossatan rivoyat qilgan. Masalan, makkaliklar Ibn Abbosdan, madinaliklar Ubay ibn Ka’bdan, iroqliklar esa Ibn Mas’uddan rivoyat qilib, o‘z rivoyatlarini boshqalarning rivoyatidan ustun qo‘yganlar.

  1. Bu davrda ixtilofli mazhablarning namoyandalari tafsirlardan asosan o‘z mazhablarining boshqalardan afzal ekanini, o‘z fikrlarining boshqalar fikridan ustun ekanini isbotlashda foydalana boshladilar. Natijada, tafsirlar musulmonlarga Qur’on ma’nolarini tushuntirib beruvchi ilmiy manba bo‘lishdan ko‘ra, aksar hollarda ahli ilmlarning munozara maydoniga aylanib qoldi. Masalan, tobein mufassirlardan Qatoda ibn Di’oma o‘z tafsirida Allohning qazo va qadarini  tushuntirishga qattiq ruju’ qilgani uchun uni “qadariy” deb gumon qilishgan. Natijada, uning tafsiri e’timoddan va e’tibordan qolgan.

Al-Hasan al-Basriy ham o‘z tafsirida qadarni isbotlashga urinib, unga unamagan kishini kofirga nisbat bergan. Buning natijasida Al-Hasanning tafsiridan qilingan rivoyat ham bazi olimlar nazdida qimmatga emas, deb sanaladi.

 

 Azizxo‘ja INOYATOV,

Chor Bakr jome masjidi-imom xatibi

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorazm imomlari uchun qiroat ilmi bo‘yicha sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazildi

18.04.2026   2117   1 min.
Xorazm imomlari uchun qiroat ilmi bo‘yicha sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazildi

Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan yurtimizdagi imom-xatiblar va imom noiblari uchun tajvid darslari yo‘lga qo‘yilgan.


Shu munosabat bilan joriy yil 6 aprelidan boshlab Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida tajvid ilmi bo‘yicha navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar boshlandi.

Mazkur dastur doirasida 2026 yil 16 aprel kuni Xorazm viloyatidagi "Faxriddin ar-Roziy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida viloyat imom-xatiblari va imom noiblari uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi boshlig‘i Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum ishtirok etib, "Xorazm ulamolarining tajvid va qiroat ilmiga qo‘shgan hissasi" mavzusida ham ma’ruza qilib berdi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Xorazm imomlari uchun qiroat ilmi bo‘yicha sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazildi Xorazm imomlari uchun qiroat ilmi bo‘yicha sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazildi Xorazm imomlari uchun qiroat ilmi bo‘yicha sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari