Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Baxtli beka: buvim hayot emas, ammo nasihatlari hamon yodimda

23.12.2017   6578   3 min.
Baxtli beka: buvim hayot emas, ammo nasihatlari hamon yodimda

Oilada yolg‘iz qiz bo‘lganim uchunmi, doim aytganim aytgan, deganim degan edi. Qaysarligim, sho‘xliklarimdan esa dugonalarimning ota-onalari ham uyimizga shikoyat qilib kelishardi. Buvim esa goh koyib, goh kuyinib: “Bolaginam, bu ishing yaxshi bo‘lmabdi, qiz bolaga sho‘xlik qilaverish yarashmaydi. Sen odob-axloqda, yurish-turishda hayo-iboli bo‘lmasang, akalaringning yuzini shuvit qilasan... Bunday ishlaring bilan ularni  do‘stlari, mahalla-ko‘y oldida uyatga qoldirasan...” der edi. Yosh bo‘lganim uchunmi, bu gaplar bir qulog‘imdan kirib, ikkinchidan chiqardi. Lekin hamma narsa ham vaqtincha ekan. Ulg‘ayganim sari sho‘xliklarim bosildi, ko‘chadagi o‘yinlar qiziq­tirmay qo‘ydi. Buvim erinmay uy-ro‘zg‘or ishlarini o‘rgatar, hayotda qiz bolaning vazifalarini, avvalo u yaxshi rafiqa, mehribon ona bo‘lishi zarurligini uqtirar edi. Ilgarilari qulog‘imga kirmagan so‘zlar endi qalbimga muhrlanib borardi...

Bir kuni so‘rida ko‘rpa qavib o‘tirarkan, imlab yoniga chaqirdi. Bordim, ko‘zlari jiqqa yosh. So‘z aytishga botinolmay, yonida jim o‘tirdim. Bir muddat sukutdan so‘ng gap boshladi:

- Bolajonim, manavi ko‘rpalarni senga atab tikyapman. Qiz bola palaxmon toshi, qayerga otsa, shu yerga tushadi, deyishadi. Ayang ikkimiz senga atab sep yig‘yapmiz. Lekin qizlar sepining ko‘pligi, qimmatbaholigi, taqinchoqlarining aslligi bilan emas, odob-axloqi, chiroyli tarbiyasi, shirinsuxanligi, sabr-toqati, itoati bilan e’zoz topadi. Nima demoqchiligimni anglagandirsan?..

Boshimni ham qilib tushundim, dedim. Buvim bag‘riga bosib, yuzlarimdan o‘pdi, ko‘zlarimga tikilib gapida davom etdi:

– Birovning uyiga kelin bo‘lib borasan. O‘z uyingdagi odatlar, shart-sharoitlar u yerda bo‘lmasligi mumkin. Jonim bolam, qanoatli va xushfe’lli bo‘l. Nima olib kelishsa, xursand qabul qilgin. Buyruqlariga itoatli, aytayotgan so‘zlariga diqqatli bo‘lgin! Erkaklar ozoda, sarishtali ayollarni juda suyishadi. Yomon hidlar dilni xira qiladi, shu bois, uyingdan noxush hidlar kelmasin. Ochlik va toliqish er kishining g‘azabini  keltiradi, janjalga yo‘l ochadi. Uddaburon beka bo‘lsang, ovqatlaring doim bir vaqtda pishadi, dasturxoning to‘kis bo‘ladi. Ro‘zg‘or ashyolari, mahsulotlarni ishlatishda tejamkor bo‘l, isrofga yo‘l qo‘yma, qadr topasan.

Qaynota, qaynonang, ularning yaqinlarini, qarindosh-urug‘larini hurmat qil. Ko‘cha-ko‘yda eshitgan har qanday so‘zni aytib, kuyov dilini g‘ash qilma, imkoni yetmaydigan narsani olib bering, deb qistama. Sirini ochma. Uyning gapini ko‘chaga, ko‘chaning gapini uyga tashima. Yana, er xafa bo‘lsa xursand bo‘lib, xursandligida xafa bo‘lib yurish farosatli va tarbiyali ayolning tutumi emas...

Buvim takror-takror: «Uqib olding­mi?!» deb so‘rardi. «Ha» deyman-u, uyatdan qizaraman. Ko‘p o‘tmay, o‘zga bir xonadonga kelin bo‘lib uzatildim...

Mana, oradan bir necha yil o‘tdi. Bugun buvim hayot emas, ammo nasihatlari hamon yodimda. Bugungi baxt-saodatim hikmati ham buvimning o‘sha  nasihatlarida yashirindir.

 

  Mahbuba SOBIROVA,

tayyorladi

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘onada yana bir og‘ir bemorning holidan xabar olindi

13.09.2026   8600   1 min.
Farg‘onada yana bir og‘ir bemorning holidan xabar olindi

 «Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.

Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.

Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari