Anvar va Umar sahroda bir necha kun yurishdi. Ular suv tugagandan so‘ng ikki kun yo‘lda davom etishdi. Chanqoq ularni sillasini qurutdi. Quyosh otash kabi ularni yondirardi. Berahm sahroning qumlari esa oyoqlarini kuydirardi. Ular tashnalikdan qiynalib, qadam-baqadam umidsizlanib borishardi. Ikkisi ham suvga olib boradigan eng yaqin yo‘l haqida pichirlashardi. Anvar: “Bu eng yaqin yo‘l”, deb qo‘li bilan ko‘rsatsa, Umar qarshi tomonga ishora qilardi. Fikrlari bir joydan chiqmagan do‘stlar janjallashib qolishdi. Bu esa Anvar do‘stining yuziga bir tarsaki urushi bilan yakunlandi. Umar unga javob qaytarmay, qumga: “Bugun do‘stim bilan tortishib qoldim. Shu uchun, u meni yuzimga bir tarsaki urdi”, deb yozib qo‘ydi.
Ikki do‘st yo‘lda davom etishdi. Uzoqda anhor ko‘rindi. Anvar yugura boshladi. Umar ham do‘stining ortidan chopib, undan o‘zib ketdi. Umarni tashnalik va chanqoq shu qadar azoblagandiki, u suzishni bilmasligini unutib, o‘zini anhorga otdi. U suvga tushdiyu cho‘ka boshladi. Anvar kelib, do‘stini qutqardi.
Umar cho‘ntagidan pichoq olib, harsang toshga: “Bugun do‘stim mening hayotimni saqlab qoldi”, deb yozib qo‘ydi. Uning bu ishidan do‘sti hayron bo‘lib: “Yuzingga tarsaki urganimda qumga yozding. Joningni saqlab qolganimda esa, toshga yozyapsan?”, dedi. Umar: “Yuzimga urganing bir hodisa edi xalos. Shamol kelib, yozuvni o‘chirib yuboradi. Xuddi shuningdek, tarsaki ham yodimdan o‘chiriladi. Lekin, o‘limdan asrab qolganing ulug‘ ish. Shu bois uni toshga o‘yib yozdim. Bu yozuv toshdan o‘chmaganidek, mening yodimda ham abadiy qoladi. Zero, Yaxshi do‘st xatolarni unitib, go‘zal sifatlarni yodda saqlaydi”, dedi.
Marg‘ilon shahridagi "Qutayba ibn Muslim"
jome masjidi imom xatibi Tursunboy G‘ANIYEV
Joriy yilning 17 aprel kuni Toshkent islom instituti talabasining “Mus'haf harflari jilosi” deb nomlangan shaxsiy xattotlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda Diniy idora mas’ul xodimlari, institut rahbariyati va ustozlari, soha mutaxassislari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur ko‘rgazma islom madaniyati va ma’naviy merosimizning ajralmas qismi bo‘lgan xattotlik san’atini keng jamoatchilikka taqdim etish, uning nafosati va chuqur ma’no-mazmunini namoyon qilishga qaratilgan muhim ma’rifiy tadbir bo‘ldi.
Ko‘rgazma doirasida muallif iste’dodli yosh xattot Azizbek Hamdamovning alohida mahorat bilan bitilgan Qur’oni karim oyatlari, hadislar va hikmatli iboralardan iborat noyob asarlar to‘plami namoyish etildi.
Mazkur asarlarda xattotlikning klassik nasx, nasta’liq, suls, riq’a va boshqa uslublari yuqori did hamda zamonaviy badiiy yechimlar bilan mahoratli tarzda ifoda etilgan. Ayniqsa, nafis xat turlari orqali bitilgan muqaddas kalom – Qur’oni karim oyatlari aks etgan namunalar o‘zining estetik va ma’naviy mazmuni bilan ko‘rgazma ishtirokchilari qalbida chuqur iz qoldirdi.
Tadbir davomida xattotning ijodiy faoliyati taqdimoti bilan bir qatorda, ishtirokchilar bilan ochiq muloqotlar, qiziqarli savol-javoblar va xattotlik san’ati bo‘yicha mahoratli ustozlarning tavsiyalari berildi. Bu jarayon yosh ijodkorlar uchun o‘zaro ilhom va tajriba almashish maydoniga aylandi.
Toshkent islom instituti mezbonlik qilgan ushbu ko‘rgazma yurtimizda islom san’ati va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga hamda xattotlik san’atining nozik qirralarini keng ommaga yetkazishga xizmat qilishi, shubhasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati