Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448

Nusayba binti Ka’b Ansoriyya (Ummu Ummora)

03.07.2017   13612   4 min.
Nusayba binti Ka’b Ansoriyya (Ummu Ummora)

Ummu Umoraning asl ismi Nasiba (Nusayba) binti Ka’b ibn Amr ibn Avf ibn Mabzul Najjoriyya Madaniyyadir. U hammaga ibrat ko‘rsatgan va yaxshilik qilish borasida namuna bo‘lgan ulug‘ sahobiya ayollarning biridir.

Imom Zahabiy rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Bugun Nusayba binti Ka’bning o‘rni falonchi va falonchining o‘rnidan yaxshidir”, deganlarini eshitdim”.

Nusayba binti Ka’b saxovati bilan tanilgan, islom va musulmonlar xizmatida ulkan ishlarni qilgan oilada ulg‘aydi. Akasi Abdulloh ibn Ka’b Moziniy Badr jangida qatnashgan sahobiylardan edi. Yana bir akasi Abdurahmon esa, Tabuk g‘azotidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga yig‘lab kelgan yetti sahobiyning biri bo‘ldi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, jangga borish uchun birorta ulov topib berishlarini so‘ragan edilar. Rasululloh ularga ulov topib bera olmadilar. Noiloj orqalariga qaytar ekanlar, ko‘zlari yoshlandi. Odamlar ularni “Ko‘z yoshi to‘kuvchilar” deb atagan edi. Shunda ular haqida ushbu oyat nozil bo‘ldi: Shuningdek, sizning huzuringizga ularni ulovli qilib qo‘yishingiz uchun kelganlarida, "sizlarni ulovli qilishga narsa topa olmayman", – dedingiz. Ular esa sarf qilishga narsa topa olmaganlari uchun g‘amgin bo‘lib, ko‘zlaridan yosh oqib qaytib ketdilar. Ularga ham (ta’na yo‘q) (Tavba, 92).  

Turmush o‘rtog‘i Zayd ibn Osim ibn Amr Moziniy Najjoriy Islomga birinchilardan bo‘lib kirgan, ikki o‘g‘li Habib va Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bo‘lish baxtiga erishgan edi. Ummu Umora roziyallohu anho keyinchalik G‘oziyya ibn Amr ibn Atiyya Moziniy Najjoriyga turmushga chiqdi. Undan ikki farzand Tamim va Xavla dunyoga keldi. Alloh taolo har ikkisiga ham hidoyat va ixlos ne’matini berdi.

Uhud jangida Ummu Umora roziyallohu anho bir necha joyidan jarohatlandi. Bu jarohatlarning eng kattasi yelkasidagi Ibn Qomia jarohatlagan og‘ir jarohat edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning jarohatini ko‘rib o‘g‘li Abdullohga onasining jarohatini bog‘lab qo‘yishni buyurdilar va: “Sizdek oilaga Alloh taoloning barakasi bo‘lsin! Onangning maqomi falonchi va falonchilarning maqomidan yaxshi, otangning (o‘gay ota) maqomi falonchi va falonchining maqomidan yaxshi, sening maqoming falonchi va falonchining maqomidan yaxshi, Alloh taolo sizdek oilaga rahm qilsin!” dedilar. Bu gaplarni eshitgan Ummu Umora roziyallohu anho: “Alloh taolodan duo qilib so‘rasangiz, jannatda meni sizga hamroh qilsa!” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh, ularni jannatda menga hamroh qilgin!” deb duo qildilar. Bu duoni eshitgan Ummu Umora roziyallohu anho: “Endi menga dunyoda nima yetsa ham parvo qilmayman” dedi.

Bu sahobiya ayol sabr qilish borasida ham ulug‘ martabalarga erishgan. O‘g‘li Habib o‘ldirilganida Alloh taolodan savob umidida sabr qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Yamomada payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan Musaylama kazzobning oldiga yuborgan edilar. Musaylama undan: “Muhammadning (s.a.v.) rasul ekaniga guvohlik berasanmi?” deb so‘radi. Habib: “Ha” dedi. Musaylama: “Mening rasul ekanimga guvohlik berasanmi?” deb so‘radi. Habib: “Gapingni eshitmadim!” dedi. Bir necha bor so‘raganda ham shu javobni olgach, Musaylama uning a’zolarini birma-bir kesib tashladi.

Ummu Umora roziyallohu anho Abu Bakr roziyallohu anhuning oldilariga kelib Musaylama kazzobga qarshi janga ketayotganlar bilan birga borishga izn so‘radi. U zot Xolid ibn Valid roziyallohu anhu bilan maslahatlashib, unga izn berdilar. O‘sha vaqtda oltmish yoshni qoralab qo‘ygan bo‘lsa ham uning qasdu irodasi kuchsizlanmagan edi. Ushbu kundagi jangda o‘n bir joyidan jarohatlansa ham g‘ayrati susaymadi. Ular zafar quchdilar. Ummu Umora roziyallohu anho xalifalar davrida o‘ziga loyiq martabada hayot kechirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu bu ayolning ziyoratiga kelar va ba’zi masalalarda maslahatlashib turardilar. Umar roziyallohu anhu ham bu ayolning hurmatini joyiga qo‘yar edilar. Sahobiya hijratning o‘n uchinchi yili Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida vafot etdi. Alloh undan rozi bo‘lsin!

Manbalar asosida Dilfuza RAHIMOVA tayyorladi.

 

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovini e’lon qildi

27.08.2026   26430   1 min.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovini e’lon qildi

26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.

Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.

Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.

Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari