بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Allohga behisob hamdu sanolarimiz bo‘lsinki, biz ummati muhammadiyaga Ramazon oyida fazilatli kechani ato etdiki, avvalgi ummatlarga berilmagan edi. Bu kechaning nomi Qadr kechasi deyiladi. Alloh taolo Qur’oni karimni Ramazon oyining Qadr kechasida nozil qilgan. Qur’oni karimda shunday marahamat qilinadi:
إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ
(سورة القدر/1-5)
ya’ni, «Albatta Biz uni (Qur’onni Lavhul-mahfuzdan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad), Qadr kechasi nima ekanini sizga ne ham anglatur? Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. Unda farishtalar va Ruh Parvardigorlarining izni bilan barcha ishlarni olib (osmondan Yerga) tusharlar» (Qadr surasi, 1-5-oyatlar). Alloh taolo yana bunday xabar bergan:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ...
(سورة البقرة/185).
ya’ni, “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir...”. (Baqara surasi, 185-oyat).
Muhtaram jamoat! Bu muborak kechaning qadri ulug‘dir. Qadr so‘zi ikki xil ma’noda-qadri ulug‘, ikkinchisi, miqdor, ya’ni bandalarning taqdirini belgilashdir. Unda insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan bir kecha haqida-insonlarga dunyo hayotidan chin insoniy hayot kechirib o‘tish yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib beradigan so‘ngi mukammal ilohiy dasturulamal bo‘lmish Qur’oni karim nozil bo‘la boshlagan nihoyatda qadrli Qadr kechasi va uning fazilatlari haqida so‘z boradi. Qadr kechasi sharofatli hukmlar chiqarish va o‘lchash-belgilash, Alloh taolo tomonidan ushbu kechada O‘zi xohlagan kishiga rizq-nasiba belgilanishi va bu ishlar taqsimotini tadbir qiluvchi farishtalariga topshirish kechasi bo‘lgani uchun Parvardigor O‘z elchisi e’tiborini shu fazilatli kechaga qaratmoqda. Buyuk-vatandoshimiz alloma Abul Qosim Zamahshariy (r.h) aytadi: "Bu surada Alloh taolo Qur’oni karimni uch usul bilan ulug‘lagan: birinchisi, Qur’oni karimni nozil etishni faqat O‘ziga mansub qilgan, ikkinchisi, uning ulug‘ligi va sharafini bildirib, nomini ochiq aytmay, ishora bilan keltirgan, uchinchisi, Qur’on nozil qilingan vaqtning qadrini oshirgan."
Alloh taolo mazkur surada "Qadr kechasi"ning darajasini baland qildi. Buning asosiy sabablaridan biri bu kechada Qur’oni karimning nozil bo‘lganligidir. Bu kechaning ulug‘ligi haqida Abu Lays Samarqandiy tafsirida shunday deyilgan: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Insonlarning amallarini ko‘ryapman», dedilar. Go‘yo u zotga ummatlarining umrlari qisqa, shu sababli ularning amallari oldin o‘tgan payg‘ambarlar ummatlarining amallari darajasiga yetmayotgandek tuyuldi. Shu bois Alloh taolo u zot va ummatlariga Qadr kechasini berdi».
Mujohid roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Bani Isroildan bir kishi Alloh yo‘lida ming oy xizmat qilib yurganini aytdilar. Musulmonlar bundan rosa ajablanishdi. Shunda Alloh taolo ushbu suraning dastlabki uch oyatini tushirdi» (Ibn Jarir rivoyati).
Demak, Qur’oni majid Ramazon oyining ana shunday qadri ulug‘, muborak Qadr kechasida nozil qilina boshlagan.
Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan edi. Lekin sahobalar Rasulullohdan (a.s.) uni aniqlab berishlarini ko‘p so‘rashganidan keyin dastlab oyning uchinchi o‘n kunligidan, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar. Oxiri u kechaning alomatlarini aytganlaridan so‘ng 27-kecha ekani ma’lum bo‘lgan (Imom Bag‘aviy tafsiridan). Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam:
" مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ "
(رواه مسلم و البخارى و الترمذى)
ya’ni: “Kim Laylatul-Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur” (Muslim, Buxoriy, Termiziy rivoyati), dedilar.
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
"في مسند أَحمَد عن عُبادَةَ بنِ الصَّامِتِ أَنَّهُ سَأَلَ رَسُولَ الله صَلَّي الله علَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ لَيْلَةِ القَدْرِ، فَقَالَ رَسُولَ الله صَلَّي الله علَيْهِ وَسَلَّمَ: في رَمَضَانَ، فَلْتَمِسُوهَا في العَشْرِ الأوَاخِرِ، فَإنّهَا في وَتْرٍ في إحدَي وَعِشْرِينَ أوْ ثَلاثٍ وعِشْرِينََ أوْ خَمْسٍِ وَعِشْرِينََ أوْ سَبْعٍ وَعِشْرِينََ أَوْ تِسْعٍ وَعِشْرِينََ أَوْ في آخِرِ لَيْلَةٍ، فَمَنْ قَامَهَا ابْتِغأءَهَا إيْمَانًَا وَاحْتَسَابًا ثُمَّ وُفِّقَتْ لَهُ غُفِرَلَهُ ما تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبهِ وَما تَأخَّرَ "
ya’ni, «Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidadir. Kim unda imon bilan Alloh roziligi uchun ibodat qilsa, albatta Alloh avvalgiyu oxirgi gunohlarini kechiradi. U toq kechada bo‘ladi. Yigirma birinchi yoki yigirma uchunchi yoki yigirma beshinchi yoki yigirma yettinchi yoxud yigirma to‘qqizinchi yo oxirgi kecha Qadr kechasidir», deganlar» (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida toat-ibodat qilishga qattiq kirishish ham lozim bo‘ladi.
Bu haqda janobi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar. Oysha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar:
"كانَ النبي الله صَلَّي الله علَيْهِ وَسَلَّمَ إذا دَخَلَ العَشَرَ مِنْ رَمَضان أحيا لَيْلَهُ وَ أَيْقَظَ أَهْلَهُ"
ya’ni, “Rasululloh (s.a.v.) Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar”.
Aziz namozxonlar! Ramazon oyidagi Qadr kechasi fazilat bobida ming oydan ham yaxshi va mo‘tabardir, bu kechada qilingan ibodatlar ming oyda qilingan ibodatlardan yaxshiroqdir. Oyatdagi «ming oy» jumlasi ma’lum vaqt hajmini ko‘rsatish uchun emas, misol tarzida kelgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni, Qadr kechasi ming oy va undan ham ko‘proq muddatdan yaxshidir, degan ma’noni ham bildiradi. Chunki biror miqdor aynan o‘sha adadni bayon qilish uchun goho u bog‘langan narsaning sharafi va ulug‘ligini bayon qilish uchun keltiriladi.
Qadr kechasida Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va Sidratul-muntahodan Yerga tushishadi, tong otgunicha insonlarni duo qilishadi va duo qilganlarga qo‘shilib «omin» deb turishadi. Ko‘pchilik mufassirlarning fikricha, farishtalar bu kechada yana keyingi yil uchun bo‘lajak Alloh taoloning qazoi qadari bilan ham yer yuziga tushishadi. Zamaxshariy (rahmatulloh alayh) aytadi: «Qadr kechasi ishlar taqdir va hukm etiladigan kechadir. Duxon surasining 4-oyatida ham:
فِيهَا يُفْرَقُ كُلُّ أَمْرٍ حَكِيمٍ
(سورة الدّخان/04)
ya’ni, “...U (muborak kechada) barcha hikmatli ish(lar) ajrim qilinur...” deb bayon etilgan». Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Alloh taolo Baroat kechasida taqdir qilingan narsalarni tayin etadi, Qadr kechasi kelganida uni o‘z egalariga topshiradi», deganlar. Ular Alloh azza va jalla iznisiz hech bir ishni qila olishmaydi.
Qadr kechasi tong otguniga qadar turli ofat-balolardan omonlik, xotirjamlik, baraka kechasidir. Bu kechada shayton yomonlik qila olmaydi. Qadr kechasi boshdan-oxir faqat salomatlik, omonlik, yaxshilik va barakot bilan to‘ladir, unda aslo yomonlik yo‘qdir. Quyosh botganidan to tong otgunga qadar bu hol davom etadi. Tong otgunicha farishtalar guruh-guruh bo‘lib, rahmat bilan Yerga tushishadi.
Alloh taolo o‘sha kechaning barakotidan ming oylik ibodatning ajru savobidan ko‘ra yaxshiroq ajru savob berishidan umidvor bo‘lishi kerak. Qadr kechaning va undagi bedorlik, ibodat, namoz, Qur’on tilovati hamda iltijo, tazarru’, duolar fazlidan o‘tgan gunohlarni kechirishidan umidvor bo‘lishi kerak. Lekin yana shu narsani ham unutmasligimiz lozimki, Ramazon oyining har bir kuni va tuni ulug‘dir. Shuning uchun ham bizlar mana bu kunlarni g‘animat bilgan holda, unda ibodat va ro‘zalardan tashqari boshqa xayrli va savobli ishlarga ham ko‘proq e’tibor qaratishimiz, keksalarni ziyorat qilib duolarini olishimiz nochor oilalar bo‘lsa ularga ham e’tiborli bo‘lishimiz, hojatmandlarning hojatlarini chiqarishga harakat qilishimiz va shu kabi savobni ko‘paytiruvchi ishlarga intilishimiz, dinimiz ko‘rsatmalaridandir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini rivoyat qilinadi:
لَيْلةُ القَدْر لَيْلةٌ طَلِقَةٌ لا حَارَّةٌ ولا باردَةٌ تُصْبحُ الشمسُ يَوْمَهَا حمَراءَ ضَعِيفَةً
رواه إبن خزيمة
ya’ni, “Qadr kechasi oydin va yoqimli bo‘lib, na issiq, na sovuq bo‘ladi. U kechaning tongida quyosh nurlari ko‘zni qamashtirmaydigan zaif holda chiqadi”.
Muhtaram jamoat! Shunday ekan, bu muborak kechaning har lahzasini g‘animat bilib ko‘proq savob hosil qilishga urinaylik. Alloh taolodan yaxshi niyatlarimizni amalga oshirishni, duolarimizni qabul etishini hammamizni taqdirimizni oliy maqom etib ta’yin qilishni so‘rab iltijo qilaylik. Alloh taolo barchalarimizga ushbu kechani muborak aylasin, uni komil ibodatlar, mustahkam taqvo va chin ixlos bilan qarshilash, uni oyat va hadislarda ko‘rsatilganiday o‘tkazish nasib etsin, omin!
16 iyun 2017 yil 24-son tezisga ilova. 1-ilova
Muhtaram jamoat! Kuni kecha Toshkent shahrida "Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, muqaddas dinimiz sofligini asrash – davr talabi" mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, O‘MI tasarrufidagi ta’lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Anjumanda dinimiz musaffoligini asrash, uni turli xil yot g‘oyalardan himoya qilish, turli sabablar bilan buzg‘unchi oqimlarga kirib qolib xozirda maxsus ro‘yxatda turgan fuqarolar bilan yaqindan suhbatlashib, ularni tanlagan noto‘g‘ri yo‘llaridan qaytarish va to‘g‘ri yo‘lga solish imom-xatiblarning xozirgi kundagi asosiy va dolzarb vazifasi ekanligi ta’kidlandi. Bunda imom-xatiblar sobitqadam bo‘lib, boshqa tomonga og‘ishmay harakat qilmoqlari lozim ekanligi qayd etildi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati samaradorligini oshirish, uning tasarrufidagi tashkilotlar va imom-xatiblarga qulayliklar yaratish xalqimizning diniy savodxonligini oshirishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilishi ta’kidladi. Bularning barchasi hukumatimiz, avvalambor, Muhtaram Prezidentimizning musulmonlarimizga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklarining ifodasidir.
16 iyun 2017 yil 24-son tezisiga ilova. 2-ilova
Muhtaram jamoat! Muborak Ramazoni sharif oyida zimmamizdagi Allohning farzini ado etish bilan birga, o‘zaro majburiyatlarimizni ham astoydil bajarishga e’tibor beraylik. Ya’ni, arazlashgan kishilar bo‘lsa bir-birlaridan uzr-ma’zur qilsinlar. O‘zgalarning haqqi kimning zimmasida qolgan bo‘lsa, uni egasiga qaytarishga harakat qilsinlar.
Shuningdek, barchamiz kundalik turmushimizda beminnat foydalanadigan elektr toki, tabiiy gaz va ichimlik suvlari haqqini hamda turli davlat soliqlarini ham o‘z vaqtida to‘lab borish majburiyati zimmamizda bor ekanligini unutmaylik. Bu ne’matlar bizning xonadonimizga yetib kelgunicha qanchadan-qancha harajatlar qilinadi. Qolaversa, ularni doimiy bo‘lishini ta’minlan uchun ham ko‘plab mablag‘lar sarflanadi. Sarf qilingan mablag‘lar o‘z joyiga qo‘yilmasa, xalqimizni mazkur ne’matlardan muntazam foydalanishida uzilishlar bo‘ladi. Buning uchun oldindan foydalanuvchi bilan ta’minotchi o‘rtasida ikki tomonlama shartnomalar tuzilgan. Albatta, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga shar’an rioya qilinishi shart. Alloh taolo Qur’oni karimda:
يا أيها الذين آمنوا أوفوا بالعقود (المائدة:1)
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz!”, deb marhamat qilgan (Moida, 1). Shundan kelib chiqib agar iste’molchi ishlatgan narsasini haqqini to‘lamasa, nafaqat ta’minotchi tashkilotni balki, xalqning mulkini o‘zlashtirgan bo‘ladi. Shunday ekan, davlat oldidagi zimmamizda turgan to‘lov va soliqlarni o‘z vaqtida ado etishga harakat qilaylik.
Alloh taolo barchalarimizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallarga muvaffaq aylasin. Omin!
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati