“Agar Alloh bu ummatni azoblashni hohlaganida edi. Ularga Ramazon oyi va Ixlos surasini ato qilmas edi.”( Hazrati Ali r.a)
Ramazon mehru-muruvvat, xayr-u saxovat oyi. Ramazon qalb, ruh va jasadimiz poklanadigan oy. Ramazon oyi duolarimiz ijobat bo‘ladigan, qadr kechasi, taroveh namozlariyu xatmi Qur’onlar barakasi, ro‘zadorni iftorlantirishning savobidan bahramand bo‘ladigan, xayrli amallarimiz uchun savoblar, ajrlar ko‘paytirib beriladigan, fazilatli, barokatli oy. Zero, Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam) “Agar ummatim Ramazon oyida ular uchun qancha fazilatlar borligini bilganlarida edi, yilning hammasini Ramazon bo‘lishini hoxlar edilar”, - deganlar. Ramazon oyida avvalo qalbni poklash, agar bir-biri bilan xusumatlashgan bo‘lsa, gina va xusumatlarni unutib bir-biri bilan yarashish, qo‘ni-qo‘shni mahallada, qarindoshlar orasida yordamga muxtojlarga muruvvat ko‘rsatish, yordam qo‘lini uzatish, qarindoshlarga siylai rahm qilish, bemorlarni ziyorat qilish, yetimlar boshini silash, yolg‘iz keksalar, nogironlar holidan xabar olish, savobli ishlarga shoshilishligu, barcha gunoh ishlardan o‘zini tiyish, birovning diliga ozor yetkazib qo‘yishdan, birovning haqqiga tajovvuz qilishdan saqlanishlikka bu ishlarni amlga oshirishlik bilan bo‘ladi. Bir oylik ertayu-kech qilinayotgan anna shunday qizg‘in ibodatlarga mukofoto‘laroq gunohlarimiz mag‘firat qilinadi, aybu nuqsonlarimiz kechiriladi. Shuning uchun bu oyning avali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, nihoyasi do‘zaxdan najotdir.
Ramazon oyi poklanish oyi ekan, avvalo qalbimizni poklaylik. Agar qalbimiz pok bo‘lsa, boshqa a’zolarning gunoh qilishiga imkon bermaydi. Chunki, qalbi pokiza odamdan doimo yaxshilik umid qilinadi. Ramazon oyi yil ichidagi eng afzal oy hisoblanadi. Uning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar ulug‘ ulamolarimizning so‘zlari, madhlari, she’rlar aytilgan, kitoblar bitilgan. Lekin bu haqidagi ta’riflarning gultoji Robbil Olamiynning O‘z kalomida aytgan madhidir. Bu madh turli oyatlarda kelgan. Ushbu oyatdagi ta’rif Ramazoni sharifning eng ulkan fazilatlari haqidadir. Ya’ni: Baqara surasining 185-oyatida: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushurilgandir. Sizdankim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan. Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinlikni xohlamas. Sanog‘ini mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug‘lashingiz uchun. Shoyadki, shukr qilsalaringiz”.
Hazrati Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh aytadilar: “Ro‘za Alloh taolo bilan banda o‘rtasidagi bir maxfiy ahdlashuvdir. Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Ro‘za men uchundir. Uning mukofotini O‘zim beraman” deydi. Chunonchi, boshqa har turli ibodatning savobini farishtalar yozadilar. Magar, ro‘za borasida farishtalar “Bu banda ro‘za tutdi” deb yozadilar, xolos. Unga beriladigan savob va mukofotni qiyomat kuni Alloh taoloning O‘zi beradi.
Bunda bir nozik jihat bor, uni yaxshilab tushunib olaylik, har bir beruvchi o‘zining darajasiga ko‘ra beradi. Faraz qilaylik, biror tilanchi kelib mendan so‘rasa, men o‘zimning holatimga muvofiq, unga bir so‘m berib yuboraman. Agar ayni shu tilanchi biror mulkdor odamdan so‘rasa, u bir so‘m berishga uyaladi. Ehtimol, u unga ming so‘m berib yuborishi mumkin. Agar ayni shutilanchi biror mamlakatning podshohidan borib so‘rasa, u ming so‘m berishga uyaladi. U unga yuzming so‘m berib yuboradi, balki million so‘m berib yuborar. Undan kam bermaydi. Dunyoning buyuk shaxslari o‘zlarining darajasi va holatiga ko‘ra berganlarida, bu o‘rinda shuni anglab olish lozimki, Alloh taolo ham qiyomat kuni ro‘za ibodatiga savob berganda, O‘zining buyukligiga muvofiq beradi.
Alloh taolo barchamizni Ramazon savoblaridan bahramand aylasin.
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim
yurti mudarrisasi Husnigul Halimova
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati