O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligi hamda 3 dekabr – «Xalqaro nogironlar kuni» munosabati bilan, joriy yilning 24 noyabr kuni, Toshkent shahar Yunusobod tumani bosh imom xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov rahbarligida, homiylar ishtirokida, Olmazor tumanida joylashgan «Muruvvat» nomli 1-son internat nogiron bolalar uyida mehrga muhtoj bolalar holidan xabar olinib, dasturxon atrofida xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Xayriya tadbirini tashkil etishdan asosiy maqsad joriy yilning «Sog‘lom ona va bola yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan, mehr va muruvvatga tashna qalb egalari – imkoniyati cheklangan bolalarni ma’naviy va moddiy qo‘llab quvvatlash, ularning holidan xabar olish, ehtirom bildirish, ko‘nglini ko‘tarish, xursandchilik va yuqori kayfiyat shu bilan birga ularga xamisha e’zozda ekanliklarini xis qilish tuyg‘ularini baxsh etish ko‘zlandi.
Tadbirda «Mirza Yusuf» jome masjidi imom xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov, masjid xodimlari va 1-son internat uyi ishchi xodimlari ishtirok etdilar. Yig‘ilganlar uchun bayram dasturxoni yozilib, milliy taomimiz bo‘lgan osh tarqatildi.
Tadbir boshida Rahmatulloh Sayfuddinov so‘z olib, yig‘ilganlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligi hamda 3 dekabr – «Xalqaro nogironlar kuni» munosabati bilan muborakbod etib, bu joyda xizmat qilayotgan, nogiron bolalarga o‘z mehrini ulashayotgan tarbiyalovchilarga alohida minnatdorchilik bildirib, bu sharafli va savobli xizmat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
So‘ngra Qur’oni karim tilovat qilinib, mehrga muhtoj bolalar haqiga duolar qilindi.
Muruvvat uyi murabbiy va tarbiyalanuvchilari ushbu tashabbus uchun o‘zlarining chuqur minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Adham DO‘SMATOV
Toshkent islom universiteti magistranti
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-noibi
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati