https://mover.uz/watch/vg6YaI85
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov
Bugun, 17 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida yangi lavozimga tayinlangan va boshqa ishga o‘tkazilgan diniy soha xodimlari uchun maxsus o‘quv-seminari tashkil etildi. Mazkur tadbirda jami 14 nafar xodim, jumladan, imom-xatiblar, imom noiblari va tuman bosh imom-xatiblarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Tadbirda Diniy idoraning Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sherxonov mehnat intizomi va kiyinish madaniyatiga qat’iy amal qilish, lavozim yo‘riqnomalari asosida faoliyat olib borishga e’tibor qaratish lozimligini uqtirib, soha xodimlariga tegishli qator muhim masalalarni hayotiy misollar orqali atroflicha tushuntirdi.
Shuningdek, Masjidlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Humoyuddin Husniddin o‘g‘li xodimlarga faoliyatni baholashning KPI tizimi va “Muftiy.uz” platformasidan samarali foydalanish yo‘llari haqida ma’lumot berdi. Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdulatif domla Tursunov esa zamonaviy fatvolarga to‘g‘ri yondashish tartiblarini tushuntirib o‘tdi.
Yakunda yangi tayinlangan xodimlar ichki me’yoriy hujjatlar bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek, ularning kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati