Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Sentabr, 2026   |   17 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:58
Quyosh
06:16
Peshin
12:14
Asr
16:24
Shom
18:15
Xufton
19:29
Bismillah
28 Sentabr, 2026, 17 Rabi`us soni, 1448

Rasulullohning eng ko‘p o‘qigan duolari

18.09.2024   12180   2 min.
Rasulullohning eng ko‘p o‘qigan duolari

Inson qalbi doimo bir xil holatda turmaydi. U muntazam ravishda o‘zgarib turadi. Qalbning tinmasdan harakat qilishi go‘yo biqillab qaynayotgan suvga o‘xshaydi.

Qalb o‘zgarib turar ekan, uni tinchlantirish uchun ko‘p zikr qilish kerak. Banda Alloh taoloni qancha ko‘p zikr qilsa, uning qalbi shuncha orom topadi, sokin bo‘ladi. Agar qalb zikr bilan oziqlantirilmasa, u kasallanadi, keyin uni davolash, boshqarish mushkul bo‘ladi.

Ulamolar aytadilar: “Qalbni isloh qilish hatto sahobalar ham uchragan eng mashaqqatli ishdir. Qalbni tarbiyalash uzoq yillarni talab qiladi”.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Biz Qur’oni karimdan o‘n oyatni o‘qirdik. So‘ngra uni yodlab olardik, oyatning ma’nosini tafakkur etib, unga amal qilardik, keyin boshqa oyatni o‘qirdik”, deganlar.

Ha, qalb pokligiga erishishda amal muhim o‘rin tutadi. Masalan, xorijiylar ham Qur’on o‘qiydi, lekin ularning Qur’oni halqumidan nariga o‘tmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular haqida ogohlantirib: “Ular Qur’onni o‘qiganda o‘zlarining foydasiga deb o‘ylaydilar, aslida esa u ularning zararigadir”, deganlar.

Banda hamisha qalbini isloh qilish harakatida bo‘lishi lozim. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan 2 duoni muntazam o‘qib yurish talab etiladi. Bu ikki duo bir-biriga juda yaqin, ammo orasida ayrim farqlari bor. Ularning birinchisi quyidagicha:

يَا مُقَلِّبَ الْقُلُوبِ ثَبِّتْ قَلْبِي عَلَى دِينِكَ

Ya muqollibal qulub, sabbit qolbiy ’ala diynika.

Ey qalblarni aylantiruvchi Zot, qalbimni diningda sobit qilgin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni boshqa duolardan ko‘ra ko‘proq o‘qirdilar. Biz-chi, bu duoni bir kunda necha marta o‘qiyapmiz? Bu duoni ko‘p o‘qishga odatlanaylik. Zero, bizning qalbimiz bilan Nabiy alayhissalomning qalblari orasida qancha katta farq bor?!

Ikkinchi duo:

اللَّهُمَّ مُصَرِّفَ القُلُوبِ صَرِّفْ قُلُوبَنَا علَى طَاعَتِكَ

Allohumma musorrifal quluub sorrif quluubana ’alaa to’atik.

Qalblarni (O‘zi istagan tarafga) buruvchi Allohim, qalbimizni toatingga burib qo‘ygin.

Birinchi duoda, Alloh taolodan qalbimizni dinda, solih amallarda sobitqadam etishi va Allohning g‘azabiga sabab bo‘luvchi gunohlardan uzoq qilishi so‘ralyapti.

Ikkinchi duoda esa, Allohdan qalbimizni xayrli ishlarga boshlashi va burib qo‘yishi so‘ralyapti.

Alloh taolo qalbimizni hidoyatida bardavom qilsin!

O‘zining roziligini topadigan solih amallarga boshlasin!

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on ilmlari ustozi shayx Ayman Suvayd O‘zbekistonga keldi

28.09.2026   18572   1 min.
Qur’on ilmlari ustozi shayx Ayman Suvayd O‘zbekistonga keldi

Taraqqiyotimizning yangi davrida diniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot sohalarida, xususan, Qur’on ilmlarini chuqur o‘rganish yo‘nalishida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, yurtimizda asrab-avaylanayotgan Kalomullohning eng noyob nusxasi – Hazrati Usmon Mus'hafining poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazining bosh zaliga o‘z maqomiga munosib tarzda joylashtirilishi, mamlakatimiz bo‘ylab Qur’oni karim va tajvid kurslarining faoliyat yuritayotgani hamda mus'haflarning yuqori sifatda nashr etilayotgani bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarning yorqin misolidir. Shuningdek, har bir savobli ishni oyati karimalar tilovati bilan boshlash an’anasi Allohning kalomiga bo‘lgan yuksak ehtirom ramzidir.

Mana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida xalqaro miqyosdagi Qur’on va tajvid ustozi, o‘n qiroat ilmi bo‘yicha dunyodagi eng taniqli ulamolardan biri — doktor Shayx Ayman Suvayd hazratlarining yurtimizga ilmiy safari tashkil etilmoqda.

Ushbu tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizdagi Qur’oni karim va tajvid kurslari ustozlarining malaka va mahoratini oshirish, nazariy hamda amaliy bilimlarini boyitish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashishdir.

Ma’lumot uchun:

Shayx Ayman ibn Rushdiy Suvayd Qur’oni karim bo‘yicha Butunjahon tashkiloti Ilmiy kengashi raisi hisoblanadi. Olim Misrdagi mashhur «Al-Azhar» va Saudiya Arabistonidagi «Ummul-quro» universitetlarida tahsil olib, doktorlik ilmiy darajasini olgan. Uning 40 yillik ilmiy-tadqiqotlari mahsuli bo‘lgan «at-Tajvid al-Musovvar» asari va «Iqro» telekanalidagi turkum ko‘rsatuvlari keng ommaga yaxshi tanishdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari