Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Noyabr, 2026   |   12 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:56
Quyosh
07:14
Peshin
12:14
Asr
15:17
Shom
17:02
Xufton
18:18
Bismillah
22 Noyabr, 2026, 12 Jumadul soni, 1448

Har tungi qutlug' fursat

03.04.2024   1353   9 min.
Har tungi qutlug' fursat

«Tunda (yarim kechada) uyg'onib o'zingiz uchun tahajjud (nafl) namozini o'qing! Shoyadki, Robbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa. Yana aytingki: «Ey Rabbim! Meni (qabrga) sodiqlik bilan (gunohlarim kechirilgan holimda) kiritgin va (tiriltirganingda ham) sodiqlik (roziliging bilan) chiqargin hamda men uchun o'z dargohingdan bir madad beruvchi hujjat ato qilgin». Yana ayting: «Haqiqat (ya'ni Islom) keldi va botil (kufr) yo'qoldi. Chunki botil narsa yo'qoluvchidir»(Isro, 79–81).

«Tunda (yarim kechada) uyg'onib, o'zingiz uchun tahajjudni (nafl) namozini o'qing!..»

Lug'atda tunda uxlab qayta uyg'onishga tahajjud deyiladi. Shariat istilohida esa tahajjud deyilganda, tunda bir uxlab turib o'qiladigan namoz tushuniladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Tungi namoz farzlardan keyingi eng afzal ibodatdir”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Tahajjudni xufton namozidan keyin uxlab turib, kechaning uchdan birining oxirgi qismida o'qish fazilatlidir.

Tahajjud namozini o'qib bo'lgach, bunday duo qilish sunnatdir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) kechasi tahajjudga tursalar bunday duo qilardilar: “Yo Alloh, Senga hamd bo'lsin, Sen Osmonni munavvar qiluvchisan. Senga hamd bo'lsin, Sen Yeru Osmonni saqlaguvchisan. Senga hamd bo'lsin, Sen Yeru Osmon va ular orasidagilarning Parvardigorisan. Senga hamd bo'lsin, Sen Haqsan. Sening va'dang va so'zing haq. Seni ko'rish haq. Jannat haq. Do'zax haq. Payg'ambarlar haq. Qiyomat haq. Yo Alloh, Senga bo'ysundim, imon keltirdim, tavakkal qildim. Senga qaytdim. Sening yordaming (Qu'roni karim oyatlaridan dalil-hujjatlar yordamida boshqalar) bilan tortishdim, Sening hukmingga havola qildim. Oldingi va keyingi hamda sir qolgan va ma'lum bo'lgan gunohlarimni kechirgin. Sen mening Ilohimsan. Sendan o'zga iloh yo'q”»(Imom Buxoriy rivoyati).

«...Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa».

Oyatning «...maqtovli maqom», deb tarjima qilingan “maqomam mahmuda” muborak jumlasi turlicha tafsir qilingan. Abu Said Hudriy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) «Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa» mazmunli oyat haqida bunday deganlar: “Alloh taolo Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) shafoati bilan mo'minlarni do'zaxdan chiqaradi. Shu maqtovli maqomdir”».

Ba'zi olimlar: «“Maqtovli maqom”dan murod Qiyomat kuni Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning qo'llarida bo'ladigan hamd bayrog'idir», deyishadi. Bu fikr yuqorida aytilgan fikrga zid kelmaydi. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qiyomat kuni hamd bayrog'ini tutib, ummatlarini shafoat qiladilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Men Qiyomat kuni Odam bolalarining sayyidi bo'laman. Bu faxrlanish emas. Qo'limda hamd bayrog'i bo'ladi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Kim azon nidosini eshitgan paytda: “Ushbu mukammal chaqiriq va ado etiladigan namoz Rabbi Alloh! Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga vasila va fazilat bergin hamda va'da qilganing maqtovli maqomda tiriltirgin” desa, unga Qiyomat kuni mening shafoatim nasib qiladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ummatimni shafoat qilgan joyim maqtovli maqom bo'ladi”, deganlar (Imom Tabariy rivoyati). Shuningdek, bandaning ham ulug' ishlar uchun turgan joyi Alloh taoloning huzuridagi maqomga o'xshaydi.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Makka shahrida edilar. So'ng, hijrat etishga amr qilindi. Alloh taolo: “Ey Rabbim! Meni (qabrga) sodiqlik bilan (gunohlarim kechirilgan holimda) kiritgin va (tiriltirganingda ham) sodiqlik (roziliging bilan) chiqargin”, oyatini nozil qildi».

Haq taolo Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ni Madinaga kirar vaqtda: «Meni sodiqlik bilan kiritgin», Makka shahridan ketadigan paytda: «sodiqlik bilan chiqargin», deyishlarini amr qildi. Bu oyat turlicha tafsir qilingan. Bir mufassir: “Meni dinda sobit qilgin! Meni kufrdan saqlagin!” deb ta'vil qilgan. Boshqa birlari esa: “Meni dunyodan sodiqlik bilan chiqarib, jannatga kirgizgin!” deb tafsir qilgan. Yana boshqalari esa bu oyatdan: “Meni qabrga sodiqlik bilan kirgizgin va undan sodiqlik bilan chiqargin”, degan ma'noni chiqarishgan.

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning duolarini Alloh taolo ijobat etib, bunday marhamat qiladi: «...Alloh Sizni odamlar (zarari)dan saqlagay...»(Moida, 67), boshqa oyatda: «U o'z payg'ambarini hidoyat va haq din bilan – garchi mushriklar yoqtirmasa-da, barcha dinlar uzra g'olib qilish uchun yuborgan Zotdir»(Saf, 9).

«Haqiqat (ya'ni Islom) keldi va botil (kufr) yo'qoldi. Chunki botil narsa yo'qoluvchidir» (Isro, 81).

“Haqiqat”, deb tarjima qilingan oyatdagi “haq” kalimasidan murod Islom dini va Qur'ondir. Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) fath kuni Makka shahriga keldilar. Ka'baning atrofida 360 dan ortiq but-sanam bor edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo'llaridagi tayoq bilan butlarni birma-bir urib yiqita boshladilar va: «Haqiqat (ya'ni Islom) keldi va botil (kufr) yo'qoldi. Chunki botil narsa yo'qoluvchidir»(Isro, 81)«...Haqiqat (Qur'on) keldi. Soxtalik (qaytadan shirkni) boshlay olmas va (uni asliga ham) qaytara olmas»(Saba', 49) oyatlarini o'qidilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) mazkur oyatlarni o'qiyotgan paytda, but-sanamlar yuztuban erga tushardi.

Imom Qurtubiy, Faxriddin Roziy,

Samarqandiy, Ibn Kasir

tafsirlari asosida

Bahriddin JO'RABYeK o'g'li

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

20.11.2026   59892   1 min.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari Hakim Termiziy maqbarasini ziyorat qildilar

Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.

Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.

Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari