Bismillahir Rohmanir Rohiym
Siz ham opa-singillaringiz bilan biror narsada – peshqadamlik, chiroy, buyum, kiyim, ota-onanig yoki boshqalarning mehrini ko‘proq qozonish kabilarda poyga o‘ynaysizmi? Xo‘sh, natijaga qanday?
Oliyjanob singlim!
Opa-singillar orasida musobaqalashish qanday natijaga olib kelishini ochib bergan nabaviy hadis bunchalar ajoyib!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Avval raqobatlashasizlar, keyin o‘zaro hasad qilasizlar, undan keyin yuz ko‘rmas bo‘lasizlar, oxirida esa g‘azablashasizlar" (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Demak, tug‘ishganlar orasida paydo bo‘ladigan raqobat to‘rt bosqichni bosib o‘tadi. Birinchi bosqich – mol-dunyo, peshqadamlik va boshqa narsalar atrofida bo‘ladigan raqobat. Bu raqobat yuqoridagilarning birida yoki bir nechasida bo‘lishi mumkin. Bunday raqobat, qizg‘anish va tortishuvlardan keyin hasad bosqichi boshlanadi. Endi ikkala raqobatchi raqibi qo‘lidagi ne’matdan ayrilishini, unga o‘zi ega chiqishni, undan ustun bo‘lishni o‘ylay boshlaydi. Hasad eng yuqori cho‘qqiga yetganda aka-ukalar bir-biridan voz kechib, kam gaplashadigan, o‘zaro yordamlashmaydigan bo‘lib qoladi, mehr uchqunlari qolgan bo‘lsa-da, bir-birini ko‘rishni istamay qolishadi. Nihoyat, oraga nafrat oralaydi va rishtalar butkul uziladi. Isloh qilishning imkoni qolmaydigan darajada katta muammolar paydo bo‘lib, mahkamalar ham ularni to‘g‘rilashdan ojiz qoladi. Bu ishlar bir kunda bo‘lmaydi, ammo yillar davomida kuchayib boraveradi. Eng achinarlisi, bu bosqichlarning barchasi alamli ko‘z yoshlari bilan kechadi.
Bu o‘rinda oqila qizning qiladigan ishi – singlisi yoki opasi bilan raqobatga kirishmay, o‘zining ham, tug‘ishganining ham qalbiga sokinlik baxsh etish, har kimning o‘ziga xos ustun jihati hamda zaif taraflari borligini chin dildan e’tirof etishdir. Shunda opa o‘z singlisidan har taraflama ustun bo‘lishga urinmaydi, singlisi undan o‘zib ketishidan g‘am chekmaydi. Axir har bir qizda o‘ziga xos, o‘ziga mos chiroy bor. Har bir qizda o‘zgacha chiroy, qaysidir sohada peshqadamlik, mehr va aql ne’mati bor. Boshqalar u bilan har qancha raqobatlashsa-da, bu ne’matni tortib ola olmaydi. Bir inson hech qachon birovning rizqini olib qo‘ya olmaydi.
Endi mana shu savolga javob bering:
Singlingiz yoki opangiz bilan raqobatlashayotgan bo‘lsangiz, hozir qaysi bosqichga yetib keldingiz? Endi o‘rtadagi munosabatni qanday qilib avvalgi holiga qaytarish mumkin?
Opa-singillarim bilan o‘rtamizdagi raqobatdan mukammallik yo‘lida foydalanishim mumkinmi?
Oqila qizning tutadigan yo‘li – Muso alayhissalomning ukalari Horun bilan bo‘lib o‘tgan voqeadan ibrat olishdir. Muso alayhissalom payg‘ambar edilar, lekin g‘azablangan paytida gapirishga qiynalib, ba’zi harflarni to‘g‘ri talaffuz qila olmay qolardilar. Ukalari Horunning esa tili burro edi. Muso alayhissalom sizu bizga o‘xshab, bu borada ukalari bilan raqobatga kirishmadilar. Har bir insonda o‘ziga xos ustunliklar, zaifliklar bo‘ladi. Oqil inson o‘zining zaif jihatini tan olib, birodaridan yordam oladi. Muso alayhissalom aynan shunday qildilar. Alloh taolo Muso alayhissalomni Fir’avnning oldiga borib, uni Allohga iymon keltirishga chaqirishni buyurdi. Shunda Muso alayhissalom Alloh taolodan ukalariga misli ko‘rilmagan buyuk ne’matni so‘rab oldilar:
«Birodarim Horunning mendan ko‘ra tili burroroq, uni ham men bilan yuborgin, meni tasdiqlab tursin, chunki ular meni yolg‘onchi qilishidan qo‘rqaman» (Qasas surasi, 34-oyat).
Alloh taolo bu iltimosni qabul qildi:
«Biz seni og‘ang bilan quvvatlaymiz, ikkovingizga shunday imkoniyat beramizki, ular sizga yetisha olmaslar. Bizning oyatlarimiz ila ikkingiz va sizga ergashganlar g‘olibdir» (Qasas surasi, 35-oyat).
Shunday qilib, Alloh taolo Horunni ham payg‘ambarlik bilan siyladi. Bu esa akaning ukaga qilishi mumkin bo‘lgan eng katta yaxshiligi edi. Insoniyat tarixida ukaga qilingan eng katta yaxshilik mana shudir, chunki Muso alayhissalomning shafoati bilan ukasi ulug‘ payg‘ambarlik maqomiga erishdi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
O‘mon Sultonligining Masqat shahridagi "Hilton Muscat Al Bandar" majmuasida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Shu yilning 15-16 noyabr kunlari o‘tkazilgan ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro forum Birlashgan Millatlar Tashkilotining Genotsidning oldini olish va himoya qilish mas’uliyati bo‘yicha boshqarmasi (UNOSAPG), O‘mon Sultonligi Vaqf va diniy ishlar hamda Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, "Din va an’anaviy tinchlikparvarlar tarmog‘i" (The Network for Religious and Traditional Peacemakers) hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi kamsitish va zo‘ravonlikning oldini olish, shuningdek, o‘zaro muloqot, bag‘rikenglik va tinch-totuvlikni keng targ‘ib qilishda amaliy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
E’tiborlisi, forumning asosiy tadbirlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bag‘rikenglik kuniga (16 noyabr) to‘g‘ri kelgani o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash qadriyatlarini mustahkamlash uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Xalqaro tadbirda dunyoning turli davlatlaridan kelgan taniqli ulamolar, diniy va an’anaviy yetakchilar, hukumat vakillari, BMT va boshqa yirik xalqaro tashkilotlar mutasaddilari jam bo‘ldi. Forum dasturi doirasida muhim sessiyalar bo‘lib o‘tib, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlik mexanizmlari hamda bag‘rikenglikni ilgari surishda diniy yetakchilar va ommaviy axborot vositalarining o‘rni kabi mavzularda yuqori darajadagi muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, xalqaro tadbir doirasida yurtimiz vakillari dunyoning qator davlatlaridan tashrif buyurgan nufuzli ulamolar, diniy yetakchilar va soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Samimiy ruhda kechgan muloqotlar davomida diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, sof Islom ma’rifatini keng yoyish hamda bugungi kunning dolzarb masalalari yechimi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
O‘zbekiston vakillarining bunday nufuzli xalqaro anjumanlardagi ishtiroki yurtimizda olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, dinlararo bag‘rikenglik va tinchliksevarlik tamoyillarini jahon hamjamiyatiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati