Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mustabid kommunistik tuzum dinga qarshi kurashib, millionlab odamlarning hayotini parokanda qilgani barchamizga ma’lum. Ammo dahshatli ahvolga tushib qolgach, noiloj dinga qaytishga, oilaviy hayotda, iqtisodiy turmushda ma’lum bir nizomlarga amal qilishga majbur bo‘ldi.
Oldimizda ikki yo‘l bor: yo dinni inkor qilish, yo dinga ergashish. Dinni inkor qilgan davlatlar qadimda ham bo‘lgan, hozir ham bor. Buning natijasida ular qanday qiyinchilik va muammolarga duch kelgani barchamizga ma’lum.
Shu bois dinga juda katta ehtiyoj bor. Allohga iymon keltirishdan, dinga e’tiqod qilishdan boshqa chora yo‘q! Insoniyat dinga nihoyatda muhtoj va undan hech qachon behojat bo‘lmaydi. Dinsiz jamiyatda, davlatda, oilada va shaxsda katta mashaqqatlar, ulkan muammolar yuzaga keladi.
Bunday muammolarning eng og‘iri – bugungi kunda musulmon ummatiga ixtilof, tafriqalar solinayotganidir. Mo‘min-musulmonlarni zimdan bir necha toifaga ajratib, shu tariqa ummatning birligiga raxna solinmoqda. Biz hozir bunday toifalarning ikki asosiy belgisini aytish bilan kifoyalanamiz. Bu – tahallul va tashadduddir, ya’ni o‘ta yengil olish va o‘ta qattiq olish. «Tahallul maktabi» dinni yengil sanab, unga yengil-yelpi amal qilishga chaqiradi.
«Tashaddud maktabi» esa o‘ta chuqur ketib, qattiq ushlashni, mutaassiblikni yoqlaydi. Demak, ularning biri dinda faqat oson yo‘lni, yengil yo‘lni tanlashga chaqirsa, boshqasi faqat qattiq turish tarafdori. Bu juda chuqur o‘ylangan usul, chunki odamlarning tabiati shunday: bir toifa yengillikni yoqtirsa, ikkinchisi qattiq turishni yoqlaydi. Ammo uchinchi yo‘l ham bor bo‘lib, bugungi kunda mana shu uch maktab, ya’ni uch yo‘nalish shakllangan. Hanafiy fiqhiga kirish aynan shuni o‘rganishdan boshlanadi.
Mazkur uch yo‘nalish yuqorida aytib o‘tilgan «tashaddud», ya’ni taassubona qattiq turib olish yo‘nalishi, «tahallul», ya’ni yengil-yelpi amalni yoqlash yo‘nalishi hamda bu ikki yo‘lning o‘rtasi – «tavassut», ya’ni mo‘tadillik yo‘nalishidir. Mazkur ikki yo‘nalish mustamlakachilik ta’sirida paydo bo‘lgan. Uchinchi, mo‘tadil maktab esa sof Islomni avloddan avlodga yetkazib kelayotgan maktabdir. Bu haq maktabdir, haqni gapiruvchi maktabdir. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: «Nega aynan shu maktab haq? Bundan boshqasi ham haq bo‘lishi mumkin-ku? Aynan shu maktab haqligiga dalilingiz bormi?» Biz Qur’onga iymon keltiramiz. Qur’onda «Zikrni Biz nozil qildik va uni O‘zimiz muhofaza qilamiz» degan oyat bor. Demak, Alloh taolo bu dinni O‘zi muhofaza qiladi. Kim bunga shubha qilsa, kofir bo‘ladi, Qur’onni yolg‘on degan bo‘ladi. Xo‘sh, Alloh taolo bu dinning saqlanib qolishiga qaysi yo‘lni sabab qildi?
«Sizlar insonlar uchun yaratilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz» degan oyatni eslang. Musulmonlarning 90 foizi Ahli sunna mazhabida ekan, «Mazhablar haq yo‘lda emas» desak, insoniyat uchun yaratilgan eng yaxshi ummat bo‘lmay qolamiz-ku! U holda holatimiz Qur’ondagi ushbu oyatga to‘g‘ri kelmay qoladi.
Ahli sunna sifatida, musulmon ummati sifatida insonlar uchun yaratilgan eng afzal ummat bo‘lmasak, unda bizning bu sifatimiz qayerda qoladi? Biz butun Islom tarixi davomida to‘rt fiqhiy mazhabga, ikki aqiydaviy mazhabga va tasavvuf mazhablariga ergashib keldik.
Shundan kelib chiqadiki, Ahli sunna haq yo‘l ekan. Alloh bu dinni mana shu fiqhiy mazhablar vositasida muhofaza qilib keldi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Padari buzrukvorim shunday dedilar: "Birodar! Darhaqiqat, ilm ato qilish va foyda yetkazish na ustozning, na voizning va na nasihat qiluvchining ishi. U narsa boshqa bir Zotning ato etganidir. Ilmni Alloh beradi. Biror vosita orqali beradi, kimnidir sabab ham qiladi. Agar biror odam ilm tolibi bo‘lib haqiqiy talab ila kelsa, u holda Alloh taolo ustozning qalbida uning uchun foydali bo‘ladigan narsani solib qo‘yadi. Yo‘qsa, biror kimsada o‘zgaga biror foyda yetkazish qudrati yo‘qdir. Toki, Alloh taoloning tavfiqi bo‘lmasa va U Zot iroda qilmasa, biror shaxs o‘zgaga foyda yetkaza olmaydi. Alloh xohlasa, bir jumla ila foyda yetkazishi mumkin. Agar xohlamasa, uzun va mazmundor va’zlar hammasi bekor ketadi".
Ulug‘larimizning bir gapi bor: "Tolibning (ilm) talabi barakotidan (ilm) aytuvchining qalbi va tiliga Alloh taolo eshituvchilar uchun foydali narsani joriy qilib qo‘yadi".
Din ilmining barakalari
Shayxul islom, Alloma Shamsul Haq Afg‘oniy rahmatullohi alayh aytadilar: «Devbandagi "Dorul ulum" madrasasida hadis ilmining bir talabasi vafot etdi. Janoza o‘qilib, dafn qilindi. Keyin vorislariga xat yuborildi. Masofa uzoqligi uchun xat olti oy deganda yetib bordi. Marhumning qarindoshlari kelishdi... Rektor Qori Muhammad Toyyib hazratlari bilan uchrashishdi va: "Biz mayyitni qabrdan qazib olib, yurtimizga olib ketishni xohlaymiz", deyishdi. Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularga uzoq tushuntirdilar. Lekin ular juda qaysar edi, gapga kiray deyishmasdi. Shunda Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularni mening huzurimga yubordilar. Men ham ularga uzoq tushuntirdim. Ular esa: "Biz mayyitni yo olib ketamiz, yoki butun qarindoshlarimiz bilan bu yerga ko‘chib kelib olamiz", deyishdi...
Xullas, qabr qazildi, ne xolki, olti oydan keyin mayyit kafanida bus-butun yotgan edi. Undan ajib xushbo‘y taralardi. Mayyitning jasadi qutiga solindi va hurmat yuzasidan bir talaba ular bilan birga yuborildi. Uning yurtiga temir yo‘l orqali borilar edi. Temir yo‘l vokzalida bojxona va nazoratchi xodimlar to‘xtatib: "Bu qutida mayyit emas, noqonuniy yo‘l ila olib ketilayotgan mushki anbar bor", deb, tobutni ochishga majburlashdi. Ochib qarasalar, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, unda o‘lik jasad, ammo hadis ilmini o‘rganayotgan talabaning jasadi bor edi, undan judayam xush hid taralayotgan edi.
"Nasihatlar guldastasi" kitobidan