Dindan uzoqlashar ekanmiz, asl maqsaddan, risolatdan va insoniy qadriyatlardan yiroqlashgan bo‘lamiz. Natijada jamiyatda yomonlik, zulm hukm suradi, yovuzlikka, mast qiluvchi ichkiliklarga qiziqish ortadi, oilaga, sog‘lom turmush tarziga rag‘bat yo‘qoladi, ota-ona bilan farzand o‘rtasidagi munosabatlarga ham futur yetadi, iqtisodiy hayot esa ribo va qimor bilan to‘lib-toshadi. Oqibatda gunohlar keskin ko‘payib ketadi.
Shu bois inson doimo dinga ehtiyoj sezadi va undan hech qachon behojat bo‘lmaydi!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Ali ibn Abu Harora rahimahulloh hikoyat qiladi: «Onam yigirma yildirki o‘rnidan tura olmasdi. Bir kuni menga:
– O‘g‘lim, Ahmad ibn Hanbalning huzuriga borib, undan men uchun Allohga duo qilishlarini so‘ra, – dedi. Men u zotning uyiga bordim va eshigini taqillatdim. Uyda edi. Eshikni ochmasdan:
– Kim u? – deb so‘radi.
– Men falon qasabadan keldim. Onam uzoq yillardan beri og‘ir bemor, o‘rnidan qo‘zg‘ala olmaydi. U meni sizdan duo so‘rashim uchun yubordi, – dedim. Shunda u kishining ajablangandek:
– O‘zimiz odamlarning duosiga muhtojmiz, – deganlarini eshitdim va noumid bo‘lib ortimga o‘girildim. Shu damda uydan bir kampir chiqib:
– Sen Abu Abdulloh (Ahmad ibn Hanbal) bilan gaplashgan yigitmisan? – dedi.
– Ha, – dedim.
– U kishi onang uchun duo qilishga kirishdi, – dedi kampir. Men shoshilib uyga yugurdim. Borib eshikni taqillatib, onamning iznini kutdim. Bir payt eshik ochildi. Qarasam, eshik oldida onam turibdi.
– Alloh menga shifo va ofiyat ato qildi, – dedi hayrat bilan».
Bu hikoya solih bandalarning duosi albatta qabul bo‘lishini va haqiqiy avliyolar o‘zlarini doimo Allohning rahmatiga muhtoj deb bilishini ko‘rsatadi. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh duosi ijobat bo‘ladigan zotlardan edi. Ammo o‘zini hecham boshqalarning duosidan behojat deb bilmasdi.
Honiy al-Hojning “Solih va solihalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Ilyosxon AHMAD tarjimasi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan