Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Musohibiy shunday degan: «Ne’matlar bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish shukr bilan bo‘ladi. Balolar ham bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish esa sabr bilan bo‘ladi».
«Sabr iymonning boshidir», deyishadi. Agar inson tanasi boshidan judo qilinsa, u halok bo‘lgani kabi sabr bo‘lmasa, iymon ham halokatga yuz tutgusidir.
Abdulqodir Jiyloniy aytgan: «Ey o‘g‘lim, musibat-balo seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi». Oltin o‘tga kirsa, sayqallanib yanada chiroy ochgani kabi inson ham musibat olovi orqali sayqallanadi.
Zakariyo Ahmad
«Hilol» jurnali 4 (61) son
Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Hasan Safarxoniyni qabul qildi.
Samimiy muloqot chog‘ida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Ikki xalqni yagona din va mushtarak qadriyatlar birlashtirib kelayotgani, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi.
Uchrashuvda ilmiy-ma’rifiy va madaniy yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomon uchun ham samarali bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Hasan Safarxoniy O‘zbekistondagi barqaror taraqqiyotni yuqori baholab, mamlakatning musulmon olamidagi nufuzi ortib borayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada aloqalarni rivojlantirish, qo‘lyozmalarni qo‘shma tarzda tadqiq etish, Qur’oni karim ta’limi va tafsiri, haj va umra tadbirlarini tashkil etish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida mehmon samimiy qabul va esdalik sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati