Kelgusi oyda Istanbulda muhim konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda islom mamlakatlari yetakchilari, olimlar va ekspertlar zamonaviy muammolar va ularni hal qilish yo‘llarini muhokama qilishadi.
“IQNA” axborot agentligi “Anadolu”ga tayanib xabar qilishicha, ushbu konferensiyani Jahon hamdardlik va hamkorlik uyushmasi (Cihannuma) tashkil etmoqda. Tadbir 2024 yil 13-15 dekabr kunlari Istanbuldagi Halich universitetida bo‘lib o‘tadi.
Uyushma rahbari Reza Yurolmaz ta’kidlashicha, konferensiyaning maqsadi islom jamiyatlari uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqish va zamonaviy muammolarni muhokama qilish uchun platforma ishlab chiqish, yo‘l xaritasini taklif qilishdir. U turli sohalar, jumladan, ta’lim, biznes, san’at va fuqarolik jamiyati vakillarini jalb qilish orqali siyosiy yetakchilar va keng jamoatchilik o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etish muhimligini ta’kidladi.
Konferensiyada adolat, migratsiya, iqtisodiy rivojlanish, qashshoqlikni kamaytirish, raqamlashtirish, ruhiy salomatlik, musulmon ozchiliklarning ahvoli kabi muhim mavzular muhokama etiladi.
Shuningdek, oila, madaniyat, san’at va fuqarolik jamiyati masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Tadbirda munozara va ma’ruzalar o‘tkazilishi reja qilingan.
Tadbirda islom olamidagi 50 ga yaqin yetakchi va ekspertlar, shuningdek, Turkiyaning ko‘plab olimlari va fikr yurituvchilari qatnashishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: «Kim Allohga taqvo qilsa, U Zot uning yo‘lini ochib qo‘yur. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur. U Zot uning ishida osonlik qilib berur. Uning gunohlarini kechirur va ajrini buyuk qilib berur» (Taloq surasi, 2-5-oyatlar).