Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

Sohibqironning qaysi farmoni lashkarni To‘xtamishning tungi hujumidan saqlagan?

14.04.2025   3221   6 min.
Sohibqironning qaysi farmoni lashkarni To‘xtamishning tungi hujumidan saqlagan?

Vatanimiz tarixidagi 14 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
 

1144 yil (bundan 881 yil oldin) – tilshunos, adib, tafsir va hadis olimi Zamaxshariy Xorazmda 69 yoshida vafot etdi. Shundan deyarli ikki yuz yil keyin, ya’ni 1333 yili Xorazmni ziyorat qilgan mashhur arab sayyohi Ibn Battuta o‘zining “Ar-Rihla” (“Sayohatnoma”) nomli asarida Xorazm (Ko‘hna Urganch)ning tashqarisida Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganligi haqida yozadi.
Zamaxshariy haqida Ibn Qiftiy quyidagicha yozgan: “Zamaxshariy ilm ul-adab, grammatika va lug‘at bobida o‘zgalarga misol bo‘ladigan alloma edi. U o‘z hayoti davomida ko‘plab buyuk olimlar va fozillar bilan uchrashgan bo‘lib, tafsir, hadis, grammatika va boshqa sohalar bo‘yicha bir qancha asarlari bordir. U o‘z asrida arab tilida ijod qilgan ajamlar (g‘ayri arablar) orasida eng buyugidir”. Bundan tashqari arab naqllaridan birida shunday deyiladi: “Agar Zamaxshariy bo‘lmaganida arablar o‘z tillarini bilmas edilar”.
 

1395 yil (bundan 630 yil oldin) – Amir Temur o‘zining 250 ming atrofidagi qo‘shinini Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosining chap sohiliga o‘tkazib, saf torttirdi. 15 aprelga o‘tar kechasi To‘xtamishning bir guruh lashkari tunda hamla qilmoqchi bo‘ldi. Lekin chig‘atoylar Sohibqironning “Kecha bo‘lg‘onda hech kishi o‘z yeridin tebranmagay va undashmasunlar va shabixun [ya’ni kechasi to‘satdan hujum]dan voqif bo‘lsunlar, o‘t yoqmasunlar!” – degan farmoniga amal qilib, shaylanib nog‘ora va karnaylarni chalib turgan edilar, dushman yaqinlasholmay, qaytib ketdi.
 

1411 yil (bundan 614 yil oldin) – Shayx Nuriddin Samarqand ustiga qo‘shin tortdi. Amir Abdulxolik va Chingiz o‘g‘lon boshchiligidagi Oq O‘rdalik, ilgari Temur xizmatida bo‘lgan ko‘chmanchilar endi u bilan ittifoqda edilar. Ulug‘bek qo‘shin bilan ularga qarshi chiqdi. Samarqandning g‘arbiy tarafidagi Qizilrabot degan yerda ikki o‘rtada urush bo‘ldi. Unda Shayx Nuriddin g‘alaba qozondi. Ulug‘bek Kalif tomon chekindi, uning otalig‘i Shohmalik esa Samarqand bilan Shahrisabz oralig‘ida joylashgan Olaqarog‘ tog‘iga yashirindi. Shunday qilib, Shayx Nuriddin uchun Samarqandga yo‘l ochildi. 
 

1469 yil (bundan 556 yil oldin) – ulug‘ so‘z san’atkori Alisher Navoiy ramazon hayiti kuni ulug‘ hukmdor Sulton Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan o‘tkazilgan tahniyat (hukmdorni muborakbod etish) marosimida ilk bor o‘zining mashhur “Hiloliya” qasidasini tantana ishtirokchilariga taqdim etdi. Mazkur qasida shoirning nihoyatda teran badiiy tafakkuri va taxayyulining mahsulidir. Qasida 91 baytdan tarkib topgan, uning matla’ va maqtasida yangi oy – hilolga ishora qilinadi. 
“Hiloliya” qasidasi mazmun-mohiyati va badiiyatining mukammallashuvini uning voqeiy asar ekanligi ham ta’min etgan. Qasidadagi voqealar to‘rt asosiy obraz atrofida aylanadi: shoir, Atorud (Merkuriy sayyorasi, mifologiyaga ko‘ra, ayni shu sayyora shoir va yozuvchilar homiysi sanaladi), ulug‘ shoirning sevgilisi va shahanshoh Husayn Boyqarolar shular jumlasidandir. “Hiloliya”ning yetakchi qahramoni ulug‘ shoirning o‘zidir.
 

1916 yil (bundan 109 yil oldin) – kompozitor, O‘zbekiston xalq artisti Sulaymon Yudakov tavallud topdi (vafoti 1990 yil). Uning asarlari o‘zbek va tojik xalq kuylari hamda zamonaviy ohang va usullar uyg‘unligi, janr jihatidan xilma-xilligi, yorqin va hayotbaxsh kuylari bilan ajralib turadi.
 

1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Buxoro amiri Sayyid Olimxonning islohotlar to‘g‘risidagi farmoni bekor qilindi. Yosh buxoroliklar amirlikda ta’qib ostiga olindi. Buxoro amiri 7 aprelda Buxoroda turli islohotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Biroq, farmonni quvvatlash maqsadida Yosh buxoroliklar tomonidan poytaxt Buxoro shahrida 8 aprelda bo‘lgan namoyish amir tomonidan bostirildi.
 

1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkiston Respublikasi hukumati “Turkiston respublikasidagi kutubxonalarni milliylashtirish to‘g‘risida”gi buyruqni e’lon qildi. Ushbu buyruqqa muvofiq barcha xalq kutubxonalari, shahar, jamoat kutubxonalari va xususiy kutubxonalar Turkiston respublikasining mulki deb e’lon qilingan va Xalq Komissarlari Kengashining ixtiyoriga berilgan edi. 
 

1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Turkiston Oliy inqilobiy tribunali tugatilib, uning o‘rniga Oliy sudning Turkiston bo‘limi tashkil topdi. Oliy sudning Turkiston bo‘limi raisi etib A.Sharafuddinov saylandi. U bunga qadar Turkiston Oliy inqilobiy tribunali raisi lavozimida ishlagan edi. Oliy sudning Turkiston bo‘limi tarkibi Prezidium, jinoiy sudlov va jinoiy kassatsiya hay’atlaridan iborat edi.
 

1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobillarni tadqiq etish va sinash markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
 

1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Lizing to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
 

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorazm Ma’mun akademiyasining faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.


2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Collegium Numanum» Varshava menejment universitetining Andijon filialini tashkil etish to‘g‘risida”, “Qo‘qon davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.

Alisher EGAMBЕRDIYEV tayyorladi,
O‘zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Olam o‘lyapti!

03.05.2025   2216   3 min.
Olam o‘lyapti!

Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.


"موت العالم موت العالم"


— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi: 


"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."


"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."

Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat  ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...

Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.

Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.

Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.

Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.

Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.

Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
 

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li