Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

100 ta sirli ibora (3-qism)

22.04.2025   6717   14 min.
100 ta sirli ibora (3-qism)

100 ta SIR-ASRORLI IBORA

yoxud

ODAMLAR BILAN

MULOQOT (oila, uy, ishxona, jamoat joylari) DAGI

100 ta “SЕHRLI SO‘Z”ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

(3-qism)

DONO  XALQIMIZ  MAQOLLARIDAN:

  • O‘zingga ravo ko‘rmaganni

O‘zgaga ham ravo ko‘rma!

 

  • Shirin-shirin so‘zlasang,

Ilon inidan chiqar.

Achchiq-achchiq so‘zlasang,

Musulmon dinidan chiqar.

 

  • Kishining ko‘nglini og‘ritma zinhor –

Sening ham ko‘nglingni og‘rituvchilar bor!

 

  • Anjom – uy ziynati,

So‘z – inson ziynati.

 

  • Ko‘ngilni qo‘l bilan ovlamasang,

Til bilan ovla!

 

  • Bug‘doy noning bo‘lmasin,

Bug‘doy so‘zing bo‘lsin!

 

  • Puling bo‘lmasa, bo‘lmasin,

Shirin so‘zing bo‘lsin!

 

  • Bir yaxshi gap esdan chiqmas,

Bir – yomon gap.

 

  • Og‘ziga kelganni demak — nodonning ishi,

Oldiga kelganni yemak — hayvonning ishi.

 

  • Achchiq savol berib,

Shirin javob kutma.

 

  • Achchiq til – zahri ilon,

Chuchuk tilga – jon qurbon.

 

  • Aytar so‘zni ayt,

Aytmas so‘zdan qayt!

 

  • Tuzsiz oshning epi oson,

Tuzsiz gapning epi qiyin.

 

  • Aytilgan so‘z – otilgan o‘q.

 

  • Ariqni suv buzar,

Odamni – so‘z.

 

  • Bemorga shirin so‘z kerak,

Aqlsizga – ko‘z.

 

  • Bir tavakkal buzadi

Ming qayg‘uning qal’asin.

Bir shirin so‘z bitkazar

Ming ko‘ngilning yarasin.

 

  • Gap egasini topadi.

 

  • Gapi to‘mtoqning o‘zi to‘mtoq.

Gapi to‘ngning o‘zi to‘ng.

 

  • Dunyoni yel buzar,

Odamni – so‘z.

 

  • Duo bilan el ko‘karar,

Yomg‘ir bilan yer ko‘karar.

 

  • Duo olgan – omondir,

Qarg‘ish olgan – yomondir.

 

  • Yomon gap yer tagida uch yil yotar.

 

  • Yomon so‘zning qanoti bor.

 

  • Yomon so‘z egasiga qaytar.

 

  • Yomon til yo jonga urar,

Yo – imonga.

 

  • Yomonning yuzi qursin,

Gapirgan so‘zi qursin.

 

  • Zahar til suyakni yorar.

 

  • Iliq so‘z – shakar,

Sovuq so‘z – zahar.

 

  • Yo‘l quvgan xazinaga yo‘liqar,

So‘z quvgan – baloga.

 

  • Kishining o‘zi yetmagan yerga so‘zi yetar.

 

  • Kuch egmaganni so‘z egar.

 

  • Ko‘p gap – eshakka yuk.

 

  • Ovqatni tuz mazali qilar,

Odamni – so‘z.

 

  • Odam so‘zi bilan sinalar,

Osh – tuzi bilan.

 

  • Odam so‘zlashib tanishar,

Hayvon – hidlashib.

 

  • Oz gapir – soz gapir!

 

  • Olim so‘zi oz,

Oz bo‘lsa ham – soz.

 

  • Sabr qilgan moy oshar,

Olqish olgan ko‘p yashar.

 

  • Sevdirgan ham til,

Bezdirgan ham til...

 

  • Sel ariqni buzar,

Yomon so‘z – dilni.

 

  • “Sen” ham bir og‘izdan,

“Siz” ham...

 

  • Suydirgan ham til,

Kuydirgan ham til.

 

  • Suyaksiz til suyak sindirar.

 

  • So‘z nayzadan o‘tkir.

 

  • So‘z oyoqdan ilgari borar.

 

  • So‘z – chumchuq emas,

Og‘izdan chiqsa, tutib bo‘lmas.

 

  • So‘zdan so‘zni farqi bor,

O‘ttiz ikki narxi bor.

 

  • So‘zi nodurustning o‘zi nodurust.

 

  • So‘zlagandan so‘zlamagan yaxshiroq,

So‘zlab edim – boshimga tegdi tayoq.

 

  • So‘zning boyligi – odamning chiroyligi.

 

  • Tanballik – kulfat,

Mahmadanalik – ofat.

 

  • Til – aql bezagi.

 

  • Til – aql tarozusi.

 

  • Til – aql o‘lchovi.

 

  • Til bor – bol keltirar,

Til bor – balo keltirar.

 

  • Til – dil kaliti.

 

  • Til – dil tarjimoni.

 

  • Til tig‘i qilich tig‘idan o‘tkir.

 

  • Til yugurigi – boshga,

Oyoq yugurigi – oshga.

 

  • Til yaxshisi bor etar,

Til yomoni xor etar.

 

  • Til tig‘dan o‘tkir.

 

  • Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz.

 

  • Tilga e’tibor – elga e’tibor.

 

  • Tilga ehtiyot – elga ehtiyot.

 

  • Tili nopok – o‘zi nopok.

 

  • Tili shirinning do‘sti ko‘p.

 

  • Tilni bog‘la dil bilan,

Dilni bog‘la til bilan.

 

  • Tig‘ jarohati bitar,

Til jarohati bitmas.

 

  • Tuya ham muomalaga cho‘kar.

 

  • To‘qson og‘iz so‘zning to‘qsonta tuguni bor.

 

  • Uzun til – boshga to‘qmoq,

Bo‘yinga – sirtmoq.

 

  • Uzun til – umr zavoli.

 

  • Fil ko‘tarmaganni til ko‘tarar.

 

  • Shakar ham tilda,

Zahar ham tilda...

 

  • Shirin so‘z shakardan shirin.

 

  • Shirin so‘z – qaymoqli ayron,

Achchiq so‘z – bo‘yniga arqon.

 

  • Shirinso‘z shoh kosasida suv ichar.

 

  • Shirin yuzingdan shirin so‘zing a’lo.

 

  • Egasiz qarg‘ish egasini topar.

 

  • Etigi yomon to‘r bulg‘ar,

Og‘zi yomon – el.

 

  • Yaxshi gapga quloq sol,

Yomon gapga uloq sol.

 

  • Yaxshi gapning ham qulog‘i bor,

Yomon gapning – ham...

 

  • Yaxshi naql – tomiri aql.

 

  • Yaxshi og‘izga – osh,

Yomon og‘izga – tosh.

 

  • Yaxshi so‘z boldan shirin.

 

  • Yaxshi so‘z bo‘ldiradi,

Yomon so‘z kuydiradi.

 

  • Yaxshi so‘z kuldirar,

Yomon so‘z o‘ldirar.

 

  • Yaxshi so‘z – ko‘ngil podshosi.

 

  • Yaxshi so‘z suyuntirar,

Yomon so‘z kuyuntirar.

 

  • Yaxshi so‘z to‘rga eltar,

Yomon so‘z – go‘rga.

 

  • Yaxshi so‘z – yurak yog‘i,

Yomon so‘z – yurak dog‘i.

 

  • Yaxshi so‘z qand yedirar,

Yomon so‘z pand yedirar.

 

  • Yaxshi so‘zga uchar qushlar el bo‘lar,

Yomon so‘zga pashsha kuchi fil bo‘lar.

 

  • Yaxshi so‘zdan – vafo,

Yomon so‘zdan – vabo.

 

  • Qizil tilim bo‘lmasa,

Qishlar edim elimda.

Yashil tilim bo‘lmasa,

Yayrar edim elimda.

 

  • Yaxshining so‘zi – oltin,

Yomonning so‘zi – bolta.

 

  • Yaxshining so‘zi toshni eritar,

Yomonning so‘zi boshni chiritar.

 

  • O‘n og‘iz so‘z ming og‘iz bo‘lar.

 

  • O‘ttiz tishdan chiqqan so‘z

O‘ttiz uruqqa tarqalar.

 

  • O‘q birni o‘ldirar,

So‘z – mingni.

 

  • Yomonlikka yaxshilik – er kishining ishidir.

Yomonlikka yomonlik – har kishining ishidir.

 

  • Qarg‘ishning ikki uchi bo‘lar.

 

  • Yaxshi so‘zning mazasini bilmagan

Yomon so‘zning izzasini bilmas.

 

  • Quloqdan kirgan sovuq so‘z

Ko‘ngilga borib muz bo‘lar.

 

  • Go‘sht-yog‘ berma,

Yaxshi til ber!

 

  • Yaxshi osh berguncha, yaxshi so‘z ber!

 

  • Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar,

Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar.

 

  • Do‘st orttiraman desang,

Shirin suhbat qil!

Dushman orttiraman desang,

Chaqirtikan bo‘l!

 

  • Qattiq gap qarindoshga ham yoqmas.

 

  • Yaxshining so‘zi – qaymoq,

Yomonning so‘zi – to‘qmoq.

 

  • Yaxshi-yaxshi desa,

Kunda tariqday yaxshilik qo‘shilar emish.

Yomon-yomon desa,

Kunda tariqday yomonlik qo‘shilar emish.

 

  • O‘zi sovuqning – so‘zi sovuq.

 

  • O‘ziga boqma – so‘ziga boq!

 

  • Taom lazzati o‘zida,

Odam lazzati – so‘zida.

 

  • Har mevaning po‘chog‘i bor,

Har so‘zning o‘lchovi bor.

 

  • Tilingda bo‘lsa boling –

Kulib turar iqboling.

 

  • Yomon til boshga balo keltirar.

Yaxshi til davlat, dunyo keltirar.

 

  • Mazlumlar dilini og‘ritma bir zum,

Balki bir kun o‘zing bo‘lasan mazlum...

                   

  • Gapning qisqasi yaxshi,

Qisqasidan hissasi yaxshi.

 

(3 – qism tugadi. Davomi bor...).

                                                                                                                                                Ibrohimjon domla Inomov

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Imom Moturidiy haqida 15 fakt

30.04.2025   6347   3 min.
Imom Moturidiy haqida 15 fakt

1. Olimning to‘liq ismi sharifi Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Ansoriy.


2. Kamoliddin Bayoziyning tahqiqiga ko‘ra bu zotning nasabi ulug‘ sahobiy Abu Ayyub Ansoriyga borib taqaladi.


3. Abu Mansur Moturidiyning qaysi yilda tug‘ilgani aniq ma’lum emas. Ammo ustozi Muhammad ibn Muqotil Roziy hijriy 248 (milodiy 862) yilda vafot etgani aytilgan. Shunga ko‘ra, Abu Mansur Moturidiy hijriy 240 (milodiy 854) yildan oldin tug‘ilgani taxmin qilinadi.


4. Imom Moturidiy ko‘plab ustozlardan ta’lim olgan. Quyidagilar ularning eng mashhurlari:

  1. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq Juzjoniy;
  2. Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyoziy;
  3. Nusayr ibn Yahyo Balxiy;
  4. Muhammad ibn Muqotil Roziy va boshqalar.


5. Ushbu olimlar Imom Moturidiyni Imom Abu Hanifa rahimahullohgacha bo‘lgan sanadini bog‘lovchi ustozlar hisoblanadi.


6. Imom Moturidiyning shogirdlari uning ilimy merosini davom ettirib, bu ta’limotni rivojlantirganlar. Masalan:

  • Abulqosim Is'hoq ibn Muhammad Hakim Samarqandiy.
  • Imom Abulhasan Ali ibn Sa’iyd Rustug‘faniy.
  • Abu Lays Nasr ibn Muhammad Samarqandiy.
  • Imom Abu Muhammad Abdulkarim Pazdaviy.


7. Abu Mansur Moturidiy tafsir, usulul fiqh va aqoid kabi shar’iy ilmlarning turli yo‘nalishlari bo‘yicha asarlar ta’lif etgan.


8. Tafsir yo‘nalishi bo‘yicha “Ta’vilotu ahli sunna” nomli tafsir yozgan.


9. Usulul fiqh yo‘nalishida “Ma’xozush sharoi’” (Shar’iy hukmlar manbasi) va “Jadal” (Ilmiy bahslar) nomli ikkita kitob yozgan.


10. Ulamolar Abu Mansur Moturidiy aqoid ilmi bo‘yicha yozgan asarlarini o‘rganib chiqib, ularni uch turga ajratganlar:

  1. Maqolot (maqolalar);
  2. Raddiyalar;
  3. Alloh taologa iymon keltirish asoslari.


11. Abdulhay Laknaviy “al-Favoidul-bahiya” asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.


12. Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.


13. Butun hayotini ilm ma’rifat o‘rganish va uni yoyish bilan o‘tkazgan Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh hijriy 333 (milodiy 945) yilda taxminan to‘qson besh yoshida Samarqandda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.


14. 2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi” tashkil etilgan.


15. Shuningdek, 2025 yil mart oyida Davlatimiz rahbari tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.