Shu yil 24 aprel kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida "Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar: muammo va yechimlar" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi mutasaddi vakillari, Fatvo markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ilmiy xodimlari, oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, yosh olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Yurtimiz vakillari bilan bir qatorda Turkiya, Misr, Rossiya, Hindiston kabi davlatlardan 60 dan ortiq yetakchi olimlar, professorlar, tadqiqotchilar va ilmiy xodimlar ushbu konferensiyada qatnashdi.
Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlangan tadbirni Toshkent islom instituti Matbuot kotibi Abduqayyum Ismoil olib bordi.
Dastlab Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov tadbirni tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqovlar yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni so‘zlash barobarida mavzu yuzasidan ma’ruza qilib, ayni masalaning yechimlari borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Anjuman “Qur’onshunoslikning dolzarb masalalari”, “Globallashuv davrida diniy ixtiloflarning oldini olishda hadis va hadis ilmlarining o‘rni” deb nomlangan ikki sho‘ba o‘z faoliyatini davom ettirdi. Unda yurtimiz va xorij olim va tadqiqotchilar mavzu borasida chiqishlar qilishdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yakunida bugungi kundagi dinimizning asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlarlarga oid masalalarni tahlil etish barobarida ularning yechimi bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari A.Allaniyazov shahar va tuman bosh imomlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Qoraqalpog‘iston musulmonlari qozisi B. Razov olib borgan tadbirda quyidagi muhim masalalarga e’tibor qaratildi:
Islohotlar targ‘iboti: Yurtimizdagi o‘zgarishlarni xalqqa to‘g‘ri yetkazish va tinchlikni asrashda imomlarning o‘rni;
Ma’rifiy islom: Yoshlarga ijtimoiy tarmoqlarda sof islom dini mazmunini va Hanafiy mazhabi ta’limotlarini to‘g‘ri tushuntirish;
Ma’naviy tarbiya: Juma va kundalik namozlarda dolzarb mavzular bo‘yicha manzilli tushuntirish ishlarini olib borish;
Hamjihatlik: Mahallalardagi ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etgan holda, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish.
Uchrashuv yakunida diniy soha vakillariga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlarga munosib ravishda, xalq farovonligi yo‘lida faol xizmat qilish lozimligi ta’kidlandi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti