Bugun, 15 iyul kuni imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil qilish bo‘yicha Sirdaryo viloyati Xovos tumanida navbatdagi amaliy tadbir o‘tkazildi. Namunaviy-amaliy tadbir yig‘ilishi mazkur tumandagi "Xovos" jome masjidida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov yig‘ilishga boshchilik qildi. Shuningdek, vakillik xodimlari, tuman, shahar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilar, mahallalardagi “Haj – 2025” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan hududdagi 20 ta mahalladagi 120 ta xonadon holidan xabar olindi. Jumladan, nogironligi bor xonadonlar, notinch oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qamrab olindi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ularni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan bir guruh fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini tingladilar.
Muloqot davomida imomlar faoliyatini yanada takomillashtirishga oid takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ustozdan xayrli duo olish niyatida kelganlar, o‘zlari yozgan kitoblarini taqdim etganlar ham bo‘ldi. Moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga esa belgilangan tartibda tegishli ko‘mak ko‘rsatildi.
Samimiy qabul va ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘lgan fuqarolar minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Darhaqiqat, inson dardiga sherik bo‘lish, uning tashvishini yengillatish — savobi ulug‘ amaldir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
«Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Eslatib o‘tamiz, bunday qabullar O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari hamda barcha jome masjidlarida har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati