Janubiy Koreya musulmonlari bilan diniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, u yerda yashab, ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov xizmat safari bilan ushbu davlatda bo‘lib turibdi.
Kecha, 24 sentyabr kuni Gunsan shahrida joylashgan "Anas ibn Molik" masjidida 250 nafar vatandoshimiz bilan diniy-ma’rifiy suhbat tashkil etildi.
Rais o‘rinbosari ona vatandan, yaqinlaridan uzoqda yurgan hamyurtlarimizning o‘qish va ishlarida Yaratgan madadkor bo‘lishini tilab, ilm va oila nafaqasi yo‘lida yurish katta savob keltiradigan amallardan ekanini ta’kidladi. Shuningdek, haqiqiy mo‘min o‘z tug‘ilib o‘sgan joyiga muhabbatli bo‘lishi, har qanday fitnalardan ogoh bo‘lishi borasida Islom manbalariga tayangan holda so‘zladi.
Suhbat davomida vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi. So‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etilgan 5 turdagi diniy-ma’rifiy bukletlar tarqatildi. Jamoat bilan o‘qilgan xufton namozidan keyin xayrli duolar qilindi.
Safar davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
2025 yil 23 noyabr kuni Polsha Respublikasi, Varshava shahridagi “Raszyn” masjidida yurtdoshlarimiz bilan samimiy va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov vatandoshlarimiz bilan suhbatlashdilar.
Suhbat davomida ustoz xususan hanafiy mazhabida mahkam turish, uzoq yurtda yashashlariga qaramay milliy an’ana va qadriyatlarimizni unutmaslik haqida ta’sirli fikrlar bildirdilar. Shuningdek, oila, qarindoshlar va vatan bilan bog‘liqlikni asrash har bir musulmon uchun muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, kelgusida ham har qanday shubha yoki diniy savollar paydo bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo bo‘limiga Telegram: @fatvo_call_1 / @fatvo_call_2
WhatsApp: +998 91 780 66 33 murojaat qilish tavsiya etildi.
Suhbat nihoyasida ustoz Zayniddin domla barcha yig‘ilgan yurtdoshlar uchun baraka, tinchlik, imon-e’tiqod mustahkamligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati