Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَا تَشْرَبُوا وَاحِدًا كَشُرْبِ الْبَعِيرِ وَلَكِنِ اشْرَبُوا مَثْنَى وَثُلَاثَ وَسَمُّوا إِذَا أَنْتُمْ شَرِبْتُمْ وَاحْمَدُوا إِذَا أَنْتُمْ رَفَعْتُمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Tuyaning ichishiga o‘xshab, bir martada ichmanglar. Ikki marta, uch martada ichinglar. Qachon ichsangiz, tasmiya ayting. Qachon ichib bo‘lsangiz, hamd ayting», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Ichimlik ichadigan odam shoshilmay, yaxshilab o‘tirib olib, oldin «Bismillah»ni aytib, tuyaga o‘xshab, og‘zining boricha to‘ldirib olmay, oz-ozdan, bo‘lib-bo‘lib ichishi kerak ekan. Ichib bo‘lgandan keyin esa Alloh taologa shukr aytishi lozim ekan.
وَعَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَرِبَ لَبَنًا فَمَضْمَضَ مِنْهُ وَقَالَ: إِنَّ لَهُ دَسَمًا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam sut ichdilar va og‘izlarini undan chayqadilar hamda:
«Uning yog‘i bor», dedilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Yog‘li narsa og‘izda turib qolsa, zarar yetkazadi. Demak, sut va sutga o‘xshash yog‘li narsalarni ichgandan keyin og‘izni yaxshilab chayqash lozim ekan.
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: نَهَى النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنِ اخْتِنَاثِ الْأَسْقِيَةِ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ.
Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meshlarning og‘zidan ichishdan qaytardilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Ichimlik ichmoqchi bo‘lgan odam ichimlik saqlanadigan idishdan boshqa idishga – qadahga (piyolaga) quyib olib, ichmog‘i lozim. Har kim umumiy idishga og‘zini qo‘yib ichaversa, tabiatga ham, odobga ham, tibbiy ko‘rsatmalarga ham to‘g‘ri kelmaydi.
عَنْ جَابِرٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: دَخَلَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَرَجُلٌ مِنْ أَصْحَابِهِ عَلَى رَجُلٍ مِنَ الْأَنْصَارِ وَهُوَ يُحَوِّلُ الْمَاءَ فِي حَائِطِهِ فَقَالَ: إِنْ كَانَ عِنْدَكَ مَاءٌ بَاتَ هَذِهِ اللَّيْلَةَ فِي شَنٍّ وَإِلَّا كَرَعْنَا قَالَ: بَلَى عِنْدِي مَاءٌ بَاتَ فِي شَنٍّ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْبُخَارِيُّ. وَزَادَ: فَانْطَلَقَ إِلَى الْعَرِيشِ فَسَكَبَ مَاءً فِي قَدَحٍ وَحَلَبَ عَلَيْهِ مِنْ دَاجِنٍ لَهُ فَشَرِبَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثُمَّ أَعَادَ فَشَرِبَ صَاحِبُهُ.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan bir kishi bilan bir ansoriylardan bir kishining oldiga kirdilar. U bog‘iga suv tarayotgan ekan. Bas, u zot:
«Agar senda bu kecha meshkobda qolgan suv bo‘lsa (keltir), bo‘lmasa, (idishsiz) og‘zimiz bilan ichamiz», dedilar.
«Ha, menda bu kecha meshkobda qolgan suv bor», dedi u».
Abu Dovud va Buxoriy rivoyat qilgan va:
«(U) kapasiga borib, qadahga suv quydi. Ustiga qo‘yini sog‘di. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichdilar. So‘ngra u takrorladi. U zotning sohiblari ichdilar»ni ziyoda qilgan.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Mezbondan suv so‘rash odobi.
2. Suv saqlanadigan idishda suv bo‘lsa, o‘shandan tanovul qilish afzalligi.
3. Suv saqlanadigan idishda suv bo‘lmasa, oqayotgan suvdan og‘iz bilan ichish mumkinligi.
4. Suvni suv saqlanadigan idishdan qadahga quyib ichish.
5. Suvga sut qo‘shib ichish joizligi.
6. Avval fazl ahliga ichimlik tutib, keyin boshqalarga tutish.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أُتِيَ بِلَبَنٍ قَدْ شِيبَ بِمَاءٍ وَعَنْ يَمِينِهِ أَعْرَابِيٌّ وَعَنْ شِمَالِهِ أَبُو بَكْرٍ فَشَرِبَ ثُمَّ أَعْطَى الْأَعْرَابِيَّ وَقَالَ: الْأَيْمَنُ الْأَيْمَنُ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga suv aralashtirilgan sut keltirildi. U zotning o‘ng tomonlarida bir a’robiy, chap tomonlarida Abu Bakr bor edi. Bas, u zot o‘zlari ichib, so‘ngra a’robiyga berdilar va:
«O‘ng tarafdan, o‘ng tarafdan», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Sutga suv aralashtirib ichish mumkinligi.
Albatta, bu ichuvchiga bildirilgan holda va ushbu rivoyatdagiga o‘xshagan o‘tirishlarda bo‘lsa. Ammo hiyla tariqasida sutga suv aralashtirib sotish haromdir.
2. Ko‘pchilik o‘tirganda ichimlikni avvalo eng afzal, muhtaram shaxsga tutish lozimligi.
3. Undan keyin o‘sha muhtaram shaxsning o‘ng tomonidagi kishiga navbat kelishi.
4. So‘ngra o‘ng tomondan davom etib ketaverishi.
عَنْ أَبِي قَتَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: سَاقِي الْقَوْمِ آخِرُهُمْ شُرْبًا. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ. وَاللهُ أَعْلَمُ.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qavmning soqiysi ichishda ularning oxirgisidir», dedilar».
Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar. Termiziy sahih, degan. Alloh bilguvchiroqdir.
Odob bo‘yicha, bir qavmga soqiylik qilib, suv va boshqa chanqovbosdi ichimliklar tarqatib turgan kishining o‘zi oxirida ichadi. Oldin mehmonlarning xizmatini qilib, savobni tugal olib, so‘ngra bemalol o‘zi ichsa bo‘laveradi. Taom ulashish bilan mashg‘ul bo‘ladigan dasturxonchi ham shunday qiladi.
Ulamo ahli ichimliklarni ichish odobi va unga bog‘liq barcha dalil va hujjatlarni sinchiklab o‘rganib chiqqanlaridan keyin jumladan, quyidagi mulohazalarni aytganlar:
1. Haromligiga dalil qoim bo‘lmagan barcha ichimliklarni ichish joizdir.
2. Insonning o‘zi yoki ba’zi a’zosi halok bo‘lishining oldini olish va vojib amallarni ado etish uchun zarur bo‘lgan ichimlikni ichish vojibdir.
3. Hojatini qondiradigan va chanqog‘ini qondiradigan darajada ichish mandubdir.
4. Hojatidan ziyoda ichish gohida makruh, gohida harom bo‘ladi.
5. Ichimlik ichishdan oldin «Bismillah» aytiladi.
6. O‘ng qo‘l bilan ichiladi.
7. Uch marta bo‘lib-bo‘lib nafas olib, ichiladi.
8. Idishning ichiga nafas urilmaydi.
9. O‘tirgan holda ichiladi.
10. Suv simirib ichiladi.
11. O‘ta to‘yib ketadigan darajada ichilmaydi.
12. Suvidishning og‘zidan ichilmaydi.
13. Idishning uchgan joyidan ham ichilmaydi.
14. Ichimlikni ichib bo‘lgandan keyin hamd aytiladi.
15. Suvni ichib bo‘lgan odam boshqa kishiga bermoqchi bo‘lsa, o‘ng tarafidagi odamga uzatadi.
16. Tilla va kumush idishlarda taom yeb, ichimlik ichib bo‘lmaydi.
“Hadis va hayot” kitobi 16-juz
Misrning nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston muftiysi, shayx Nuriddin Xoliqnazarning Muhammad alayhissalom tavallud topgan muqaddas Rabiul avval oyiga bag‘ishlangan turkum maqolalari chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Misrning “Al Gomhuria” nashri sahifalarida Rabiul avval oyi musulmonlar qalbida alohida o‘rin tutishi va Ummaning Payg‘ambarimizga bo‘lgan cheksiz muhabbati tufayli bu oy an’anaviy ravishda “Mavlid oyi” deb atalishi haqidagi fikrlar keng yoritilgan. Materialda Muftiyning ushbu davrni yangi ma’naviy ko‘tarinkilik bilan kutib olish, uni “Nabaviy siyrat oyi” va “Ibratli ummat oyi”ga aylantirish, ibodat, axloq va madaniyat masalalarida Payg‘ambarimiz o‘gitlarini amaliy o‘zlashtirishga qaratilgan da’vati alohida ta’kidlangan.
“Ya7dosal2an” nashri ham Islom e’tiqodining ajralmas qismi va chin imonning asosiy sharti bo‘lgan Payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbat sabablari haqidagi metodologik masalani qayd etgan. Maqolada sahobalarning sadoqatiga oid tarixiy misollar va guvohliklar keltirilgan.
“Aldawlanews” resursida Islomni amaliy tushunishning oliy manbai sifatida Nabaviy siyratni o‘rganishning ahamiyati ko‘rib chiqilgan bo‘lib, unda shunchaki sanalarni yodlash o‘rniga har bir tarixiy voqeadan sabr, adolat va rahmat kabi hayotiy saboqlarni chiqarish zarurligi urg‘ulangan.
“Al Diplomacy” nashri esa Payg‘ambarimizga bo‘lgan chin muhabbatning uch asosiy belgisiga — siyrat haqida tafakkur qilish, sunnatga so‘zsiz ergashish va ruhlar shifosi hamda jamiyatda axloqni mustahkamlashning ma’naviy asosi bo‘lgan ko‘p salavot aytishga e’tibor qaratdi.
“Sada El Balad” rasmiy resursi O‘zbekiston muftiysining Rabiul avval oyini oilalar va ta’lim muassasalari uchun keng qamrovli tarbiyaviy loyihaga aylantirish tashabbusini yoritib, musulmonlarni ushbu oyni yuksak axloq va jipslikning oliy namunasiga ergashish yo‘lidagi yangi debochaga aylantirishga chaqirdi.
“Eldameer” axborot portali ham O‘zbekiston muftiysining asarlarini atroflicha taqdim etib, Rabiul avval oyining chuqur mazmuni va sunnatga ergashish orqali ma’naviy poklanishning muhimligiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati