Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu

21.01.2026   10743   4 min.
Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu

Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu, Qurayshning eng chiroyli yoshlaridan biri edi.

Mus’ab ibn Umayrga Alloh go‘zallik va zehn ato etgan edi. U Quraysh yoshlari orasida ajralib turardi. Rasululloh u haqida bunday deganlar: “Makkada Mus’ab ibn Umayrdan ko‘ra sochi chiroyli, ne’matda yashagan insonni ko‘rmadim. U eng yaxshi kiyimlarni kiyar, eng xushbo‘y atirlarni separ edi. Shu bois u Makkaning eng xushbo‘y va eng go‘zal kishisi sifatida tanilgan edi”.

Uning onasi Xannos bint Molik deb atalgan, Qurayshning eng boy ayollaridan edi. O‘g‘liga juda qattiq e’tibor berar, eng qimmat kiyimlar bilan bezar edi. Odamlar Mus’abni shunday onasi borligi uchun hasad qilar edilar. Ammo bu mehr va g‘amxo‘rlik bir kunda zulm va shafqatsizlikka aylandi.

Mus’ab ibn Umayr Rasululloh ning Arqam ibn Abi Arqam uyida Islomga da’vat qilayotganlarini eshitib, u zotning oldilariga kirdi va Islomni qabul qildi. Onasini va qavmining g‘azabidan qo‘rqib, Islomini yashirdi. Uch yil davomida yashirincha Rasulullohning huzurlariga kelib yurdi.

Bir kuni onasiga yaqin kishilardan biri uning Rasululloh bilan uchrashib yurganini ko‘rib, onasiga xabar qildi. Ana shunda mehr g‘azabga aylandi. Uni uylaridagi eng tor xonaga qamashdi, faqat tirik qolishi uchun yetarli ovqat berishar, har kuni uni dindan qaytarishga urinishar edi. Ammo Mus’ab rozi bo‘lmadi.

Keyin azob yanada kuchaydi: uni deyarli har kuni qattiq kaltaklashar, onasi xizmatkorlariga uni urib qonga belashni buyurar, so‘ng tuzalishiga qo‘yib, yana kaltaklatar edi. Shunga qaramay, Mus’ab imonda sobit qoldi.

Onasi uning sabrini sindirish uchun odamlar oldida xorlashga qaror qildi. Uni bozorlarga olib chiqib, qo‘yni sudragandek sudrab yurishni, ko‘z o‘ngida qamchilashni buyurdi. Bu holat uch yil davom etdi. Shu bois onasi Qurayshda eng qattiqqo‘l ona sifatida tanildi.

Nihoyat, bir kuni Mus’ab qochishga muvaffaq bo‘ldi va Rasululloh ning huzurlariga bordi. Ana shu paytda sahobalarga Habashistonga hijrat qilish amri berilgan edi. Mus’ab birinchi hijrat qilganlar orasida bo‘ldi.

Keyin Makkaga qaytdi, onasi bilan uchrashmaslikka harakat qildi. So‘ng yana Habashistonga ikkinchi bor hijrat qildi.

Rasululloh Ansorlar bilan bay’at qilganlarini eshitgach, Makkaga qaytdi. Bu safar onasi uni to‘sib chiqdi. Ammo Mus’ab unga: Allohga qasam, agar yana shunday qilsangiz, meni qamashga urinayotgan har kimni o‘ldiraman, dedi.

Onasi uning qat’iyatini ko‘rib, qo‘yib yubordi va: Bor, endi men sening onang emasman, dedi.

Mus’ab ketishidan oldin onasining qo‘llarini o‘pib: «Onajon, men sizga mehribonman va maslahatchingizman. Iltimos, “Laa ilaha illalloh, Muhammadun Rasululloh” deb guvohlik bering», — dedi.

Onasi esa kibr bilan: Yulduzlarga qasam, sening diningga kirmayman, dedi.

Mus’ab onasidan ayrildi, qalbi parchalangan holda ketdi.

Ansorlar Rasululloh ga yozib, Islom Madinada yoyilayotganini, ularga ta’lim beruvchi bir zot yuborishni so‘rashdi. Rasululloh Mus’ab ibn Umayrni tanladilar. U Islomning birinchi elchisi bo‘ldi.

Uning qo‘li bilan Sa’d ibn Muoz, Sa’d ibn Uboda, As’ad ibn Zurora kabi ulug‘ sahobalar Islomni qabul qildi. Minglab insonlar uning da’vati bilan musulmon bo‘ldi.

Zuhriy rahimahulloh aytadi: Ansorlar orasida Mus’ab ibn Umayrning qo‘lida shunchalik ko‘p inson Islomga kirdiki, deyarli butun Madina uning da’vati bilan musulmon bo‘ldi.

U Madinada jamoat bilan birinchi juma namozini o‘qigan zot edi.

Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu Uhud jangida shahid bo‘ldi. U bayroqdor edi. O‘ng qo‘li kesildi — chap qo‘li bilan bayroqni ushladi. Chap qo‘li ham kesildi — bayroqni ko‘kragiga bosib turdi. Nihoyat, ko‘kragidan nayza bilan yaralanib shahid bo‘ldi.

Rasululloh uni ko‘rib qattiq yig‘ladilar va juda qattiq g‘am chekdilar.

Alloh undan rozi bo‘lsin.

 

Homidjon ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Nufuzli anjuman Ozarbayjonning Ag‘dam shahrida yakunlandi

16.09.2026   1616   1 min.
Nufuzli anjuman Ozarbayjonning Ag‘dam shahrida yakunlandi

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.

Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.

Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari