Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Allohning borligiga aqliy dalillar - 3 qism

09.02.2026   10234   4 min.
Allohning borligiga aqliy dalillar - 3 qism

E’tibor qiling, birgina elektr lampani ixtiro qilgan odam nomi dunyoda qolishi uchun tajribasini olamga jar soldi. Bu birgina elektr chiroqni ixtiro qilgan odamning holati. Endi butun bir Quyoshni yaratgan Zot uni kim yaratganini aytmaydi deb o‘ylaysizmi?! Farazan agar uni boshqa kuch paydo qilgan taqdirda ham o‘sha ixtirochi buni hech kimga aytmas edi deb o‘ylaysizmi?!

Demak, uning yaratuvchisi O‘zini oshkor qilgan bo‘lishi kerak. U ham bo‘lsa yagona Allohdir. Chunki Allohgina Quyoshni yaratganini aytgan. Bu masalada hatto kofirlar ham Quyoshni Alloh yaratgan degan gapdan boshqasini ayta olishmaydi. Aynan shu ma’noni Ankabut surasining quyidagi oyati quvvatlaydi:

﴿وَلَئِنْ سَأَلْتَهُمْ مَنْ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ وَسَخَّرَ الشَّمْسَ وَالْقَمَرَ لَيَقُولُنَّ اللَّهُ فَأَنَّى يُؤْفَكُونَ﴾

“Agar ulardan “Kim osmonlar va yerni yaratgan, quyosh va oyni bo‘ysundirgan?” deb so‘rasang ular “Alloh” derlar. Bas, qayoqqa ketmoqdalar?!” (Ankabut surasi, 61-oyat).

Boshqa oyatda bunday deyiladi:

﴿وَلَئِنْ سَأَلْتَهُمْ مَنْ نَزَّلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَحْيَا بِهِ الْأَرْضَ مِنْ بَعْدِ مَوْتِهَا لَيَقُولُنَّ اللَّهُ﴾

“Agar ulardan “Osmondan suv tushurib u bilan yerni o‘lganidan keyin tiriltirgan kim?” deb so‘rasang ular “Alloh” derlar” (Ankabut surasi, 63-oyat).

Ushbu oyatlar kufr keltirganlar va mushriklar haqida. Ular Allohni inkor qilsalar ham insonning va borliqning paydo bo‘lishi haqida o‘z qarashlarini himoya qila olmaydilar.

Demak, yagona yaratuvchi Zot – Alloh taolo. Chunki uni yaratganligini da’vo qilgan, bizga xabar bergan Zot faqat yagona Allohdir.

Lekin yaratish masalasi faqat koinotga tegishli emas. Yerdagi barcha narsalar, hatto inson tasarrufidagi narsalar ham aslida Alloh taoloning yaratuvchilik sifati orqali paydo bo‘ladi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿ذَلِكُمُ اللَّهُ رَبُّكُمْ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ خَالِقُ كُلِّ شَيْءٍ فَاعْبُدُوهُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ وَكِيلٌ﴾

“Ana o‘sha Alloh Robbingizdir. Undan o‘zga iloh yo‘q. U barcha narsaning yaratuvchisidir. Bas, Unga ibodat qilinglar. U barcha narsaning egasidir” (An’om surasi, 102-oyat).

Alloh taolo “Barcha narsaning yaratuvchisi” ekanini aytmoqda. Demak, jamiki barcha narsaning yaratuvchisi Alloh ekan.

Atrofimizdagi, koinotdagi barcha narsani, hatto odiy cho‘pni ham Alloh taolo yaratgan. Har mavsum bizga meva beradigan daraxtlar ham Allohning yaratganlaridan. Ammo o‘sha daraxt qayerdan keldi? Yog‘och sotuvchi savdogardan so‘rasangiz uni o‘rmonchilardan olganini aytadi. O‘rmonchilardan so‘rasangiz o‘rmondan kelganini aytadi. O‘rmonga borib bu yog‘ochlar qayerdan kelganini so‘rasangiz, ular daraxtlardan olinganini, daraxtlar esa boshqa bir daraxtlar hisobiga unib chiqqanini aytadi. Nihoyat barcha daraxtlar eng birinchi bitta manba daraxtga borib taqaladi. Xo‘sh o‘sha birinchi daraxtni kim yaratgan? Albatta hech qanday shak-shubhasiz Alloh. Hech kim o‘sha birinchi daraxtni “men yaratganman” deya olmaydi.

Boshqa narsalarda ham xuddi shunday. Har bir narsani surushtirsangiz o‘sha navning eng birinchisi manbasiga borib taqaladi: birinchi bug‘doy, birinchi xurmo, birinchi apelsin va hokazo. Bularning barchasini Alloh taolo yaratgan. Keyin esa Alloh taolo yaratgan nizom asosidan paydo bo‘lgan.

Ayrimlar aytishi mumkin: “Ayrim navlar boshqasi bilan chatishtirilib yaxshiroq navi hosil qilinadiku?”.
To‘g‘ri, lekin bu narsa Alloh dastlabki daraxt navlarini yo‘qdan bor qilganini inkor etmaydi. Olimlarning yangi navni ixtiro qilishi Alloh taolo ilk daraxtlarni yaratganiga qarshi kelmaydi. Chunki o‘sha olimlar ham Alloh bergan ilmdan foydalanishgan xolos. Lekin hech kim biror narsani yo‘qdan bor qildim degan da’voni qila olmaydi. Har qanday ixtiro va kashfiyotlar bor narsadan yuzaga chiqadi. Dunyoda yo‘qdan bor bo‘lgan birorta kashfiyot yo‘q.

Endi o‘simliklardan jonzotlarga o‘tsak. Barcha jonzotlar, qushlar va hasharotlar ham Allohning yaratishi ila paydo bo‘ladi. Hamma jonzotlar o‘z turida dastlabki erkak va urg‘ochi jonzotdan tarqalgan. Hech kim dastlabki ikki jonzotni yaratganman deb ayta olmaydi. Alloh taolo e’tiborimizni quyidagi oyati karimaga qaratadi:

﴿وَمِنْ كُلِّ شَيْءٍ خَلَقْنَا زَوْجَيْنِ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ﴾

“Har bir narsadan juftni yaratdik. Shoyad eslatma olsangiz” (Zoriyot surasi, 49-oyat).

 

Yusuf Qarazoviy rahimahullohning
"Tavakkul" kitoblaridan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   17109   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari