frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Sizga tinchlik va Allohning rahmati bo‘lsin!

16.04.2026   13941   4 min.
Sizga tinchlik va Allohning rahmati bo‘lsin!

Haqqa yaqin bo‘lgan bandalarning oldida dunyoning chin haqiqati ochilib bo‘lgandir. Ular uning qanchalar haqir va arzimas ekanligini yaxshi biladilar.  Shuning uchun unga ahamiyat ham e’tibor ham bermaydilar. Naql qilishadiki, bir gal janobimiz hazrati Ali ibn Abu Tolib karamallohu vajhahu qabristonga kelib uning ahliga yuzlangan holda dedilar:

– Assalomu alaykum, ey qabr egalari! Sizga tinchlik-omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin! Siz o‘z dunyoyingiz yangiliklaridan xabar berasizmi yo biz o‘zimiznikidan aytaylikmi?

Bunga javoban shunday ovoz eshitildi:

– Sizga ham tinchlik-omonlik va Allohning rahmati bo‘lsin! Bizdan so‘ng nimalar bo‘lgani haqida avval siz  gapirib bering!

Shunda hazrati Ali roziyallohu anhu davom etdilar:

– Mulkingiz taqsimlandi, xotinlaringiz erga tegib, bolalaringiz yetim bo‘lib qolishdi, mustahkam uylaringizga dushmanlaringiz kirib, joylashib olishdi. Bizda shunaqa yangiliklar. Sizdachi?

 Yana o‘sha  ovoz javob qaytardi:

– Kafanlarimiz ado bo‘ldi, sochlarimiz to‘kilib, badanlarimiz bo‘laklarga bo‘lindi, ko‘zlarimiz, burunlarimiz yonoqlarimizdan oqib tushib, chirib ketdi. Dunyoda ne qilgan bo‘lsak, bu yerda o‘shanga yarasha (muqobili)ni topdik, o‘zimizdan so‘ng qoldirgan dunyolarimiz uchun esa, hasratdamiz. Qilgan ishlarimizning tutqunlarimiz.

Fuzayl ibn Iyoz quddisa sirruhu deydilar:

“Bordiyu menga butun dunyoni qiyomat kunida hisobini bermaslik sharti bilan taklif etishganlarida ham qabul qilmagan bo‘lardim. Men uchun bu dunyo hatto yonidan o‘tilganda ham kiyimni bulg‘ab qo‘yishi mumkin bo‘lgan bir o‘limtik kabi manfurdir!”.

Ibrohim Adham quddisa sirruhu go‘sht narxi oshayotganini bilib:

– Arzonlashtiring, ya’ni umuman sotib olmang! – dedilar.

Shunday qilib ahli tariqatlar quyidagi xulosaga keldilar:

“Kimki dunyoga muhabbat va havas ko‘zi bilan boqsa, Alloh uning qalbidan  zuhd va yaqin (chin ishonch) nurini tamomila olib qo‘yadi ”.

Abul-Husayn Havvoriy quddisa sirruhu-dan dunyo lazzatiga ko‘ngul bermaslik va undan qutilish haqida so‘raganlarida, u zot quddisa sirruhu  shunday javob berdilar:

– Zuhd – bu dunyoga tahqir ko‘zi bilan qarash hamda undan batamom, oxirgi haddigacha, sharaf bilan voz kechishdir.

Hurmatli janobimiz, qutbul – orifiyn Sayyid Ahmad Husayn quddisa sirruhu “Al Iqd an-nafis” kitobida yozadilar:

“Alloh Muso alayhissalomga dedi: “Agar Senga faqirlik yetgan bo‘lsa: “Marhabo, xush kelibsan, ey solihlar sifati!” deb, kutib olgin. Agar dunyo kelganini ko‘rsang: “Bu gunohlarim sababli shu dunyoning o‘zidayoq yetgan balo!” deb hisoblagin”.

Hadisi sharifda marhamat etiladi:

“Sizlar qanoatli bo‘linglar! Chunki qanoat bitmas-tuganmas boylikdir” (Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Tabaroniy rivoyati)

Solihlardan birlari debdilar:

“Qanoat, mening fikrimimcha, mabodo uchrab qolsa, yaxshi pishgan va yaxshi pishmagan arpa nonini farq qilmaslik hamda o‘shanda ham namoziga quvvat bulgunchalik miqdorda tanovul qilish bilan kifoyalanishdir”. 

Salafi solihiyn qazo bo‘lgan bolasi uchun motam tutib yig‘lab, qazo bo‘lgan namoziyu umri uchun afsus chekib yig‘lamagan insonni, nodon, ahmoq deb bilgan ekanlar. Aslida bunday odam go‘yo shunday deyayotgan kabi: “Meni Allohimdan chalg‘itgan narsa uchun yig‘layapman”.
U aksincha, bu holdan xursand bo‘lib, batamom Allohga  yuzlanishi kerak edi, chunki Parvardigor uni mashg‘ul qilib turgan narsadan qutqarib, O‘ziga yaqin bo‘lish uchun imkoniyat yaratib beryapti.

Darhaqiqat, bolalar, ayollar, xizmatkoru do‘stlar sen o‘lib qolguday bo‘lsang,  sen uchun yig‘lamaydilar, balki sendan olishlari mumkin bo‘lgan narsani yo‘qotganlari uchun yig‘laydilar xolos. Shu sababli ulardan avvalroq: “Men uchun yig‘lashlaridan oldin Allohdan olishim mumkin bo‘lgan narsalarni olish imkoniyatini qo‘ldan berganim sababli o‘zim uchun o‘zim yig‘laganim yaxshiroqdir”,  deb aytib, o‘zing yig‘la.

Alloh kimnidir o‘ziga do‘stlik sharafi bilan e’zozlabdimi, albatta, uning ko‘ziga dunyoni  xunuk  qilib qo‘yadi.

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   3175   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari