Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Noyabr, 2026   |   6 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:12
Peshin
12:13
Asr
15:22
Shom
17:06
Xufton
18:23
Bismillah
16 Noyabr, 2026, 6 Jumadul soni, 1448

Sabrning fazilati va savobi

07.05.2026   13528   2 min.
Sabrning fazilati va savobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh sobir (sabrli)larni O‘z lutfi karami bilan mukofotlab, xos bandalaridan ayladi. Yaratgan marhamat qildi:

“Hech shak-shubha yo‘qki, sabr-toqat qiluvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz to‘la-to‘kis qilib berilur” (Zumar surasi, 10-oyat).

Alloh Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga amr etdi:

“Bas, go‘zal sabr ayla!” (Maorij surasi, 5-oyat).

Boshiga balo, musibat tushgan odam odamlar orasida ichki iztirobini bildirmay, o‘zini odatiy tarzda tutsa, u go‘zal sabr etuvchilardandir.

Alloh mo‘minlarga o‘z nafslari bilan kurashishda, shuningdek, odamlar bilan o‘zaro munosabatda sabr ko‘rsatishlarini buyurdi:

“Ey mo‘minlar, sabr qilingiz va sabr-toqat qilishda (kofirlardan) ustun bo‘lingiz hamda doimo (kurash – jihod uchun belingiz bog‘liq holda) hozir turingiz! Va Allohdan qo‘rqingizkim (shunda) shoyad najot topgaysizlar!” (Oli Imron surasi, 200-oyat).

Alloh qo‘llab-quvvatlamasa banda sabr etolmasligini ham Allohning O‘zi uqtiradi:

“Sabr ko‘rsat, bu esa faqat Allohning yordami bilangina mumkin bo‘lur!” (Nahl surasi, 127-oyat).

Sabr fazilatini hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tushuntirganlar:

“Sabr – dinning yarmi, haqiqiy ilm va komil ishonch esa dinning hammasidir (to‘liq dindir)” (Alqamadan rivoyat qilingan, Bazzor rivoyati).

U zot sollallohu alayhi vasallam, shuningdek, yana aytganlarki: “Musibatda sabr etib, Alloh lutfidan umid qilib rizolik ko‘rsatish, qullar ozod etishdan ham afzalroqdir” (Imom Suyutiy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Musulmonning sabri va duosi naqadar go‘zal qurolidir!” (Ibn Abbos rivoyat qilgan).

Allohning Elchisi sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ibodatlarning qadrlisi – qiyinchilikdan so‘ng mo‘llik, yengillik kelishiga umid qilish va ishonishdir” (Tabaroniy).

Sahobiy hazrat Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu marhamat etadilar: “Iymon uchun sabr tan uchun bosh kabidir”.
 

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Nufuzli delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

16.11.2026   740   3 min.
Nufuzli delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston so‘nggi yillarda butun dunyo afkor ommasining diqqat markaziga aylandi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Yurtimiz har kuni, har hafta xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilayotganini hammamiz ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘qib, kuzatib boryapmiz.

Sharq gavhari deya ta’riflanadigan Samarqand shu yil 18-19 noyabr kunlari XIV Global Vaqf anjumaniga mezbonliq qiladi. “Vaqf va islomiy ijtimoiy moliyaga yangicha yondashuv: boshqaruv, standartlar, innovatsiyalar va barqaror rivojlanish yo‘llari” mavzusida o‘tkaziladigan tadbirda 30 mamlakatdan 150 nafarga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, ulamolar, soha ekspertlari ishtirok etishi kutilayotgani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.

Bugun, 16 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Zayniddin domla Eshonqulov Malayziyaning Xalqaro Vaqf Harakatlari Kengashi (International Waqf Action Council – iWAQF) prezidenti Datuk Dr. Mohd G‘azzoliy hamda Malayziya xalqaro islom universiteti professori, Dr. Nur Osiyo binti Muhammad bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Zayniddin domla dastlab mehmonlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining samimiy salomlari va ezgu tilaklarini yetkazdi.

So‘ngra Diniy idora tarixi, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, shu jumladan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilgani, bugungi kunda fondning faoliyati tobora takomillashib, rivojlanib borayotgani haqida mehmonlarga atroflicha ma’lumot berdi.

Muloqot davomida xalqaro vaqf tizimida O‘zbekistonning ishtirokini kengaytirish, vaqf va xayriya faoliyatini rivojlantirish, ta’lim hamda ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda World Zakat and Waqf Forum xalqaro hamjamiyati ko‘plab mamlakatlar vakillarini birlashtirgan. O‘zbekistonning ushbu hamjamiyatga a’zo bo‘lishi mamlakatimiz vaqf tizimining xalqaro aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda amaliy hamkorlik masalalari ham muhokama qilinib, xususan, Malayziyaning Imom Buxoriy xalqaro universiteti magistratura bosqichini tamomlayotgan o‘zbekistonlik talabaga Malayziyadagi vaqf tashkilotlaridan birida amaliyot o‘tash imkoniyatini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu orqali talabaning vaqf mablag‘larini boshqarish, xayriya loyihalarini tashkil etish va sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rganishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida vaqf va xayriya sohasida tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ta’lim va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.

Bundan tashqari, diniy-ma’rifiy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida vaqf sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish hamda ilg‘or tajribalarni milliy amaliyotga tatbiq etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi, inshoalloh.

“Vaqf” xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari