Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga bir kishining ko‘p xamr (may) ichayotgani haqida xabar yetdi. Shunda u zot u kishini sharmanda qilmadilar, nomini oshkor qilmadilar va la’natlamadilar ham...
Balki unga qisqa, ammo ma’nosi ulkan bir maktub yozdilar:
«Men seni Undan o‘zga iloh bo‘lmagan Allohga hamd aytishga chaqiraman. U gunohni mag‘firat qiluvchi, tavbani qabul etuvchi, azobi qattiq va ehsoni keng Zotdir. Undan o‘zga iloh yo‘q va qaytish Uning huzurigadir».
Haligi kishi maktubni qayta-qayta o‘qir ekan, tinmay yig‘ladi, qalbi larzaga keldi, gunohining naqadar og‘irligini angladi va Allohga chin dildan tavba qildi.
Bu xabar Hazrati Umarga yetganda, atrofidagilarga dedilar:
«Agar bir birodaringizni toyilganini ko‘rsangiz, mana shunday yo‘l tutinglar. Uni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llanglar, Alloh taologa tavba qilishini so‘rab duo qilinglar va unga qarshi shaytonga yordamchi bo‘lmanglar».
Xulosa shuki... Din insonlarni sharmanda qilish yoki yiqilganlarning sonini ko‘paytirish uchun kelmagan. Balki din — qalbi siniqlarni tiklash, qaytish eshigini ochish va gunohkorni yanada pastga urish uchun emas, balki uni qutqarish uchun qo‘lidan tutish uchun kelgandir.
Qanchadan-qancha qattiq so‘zlar borki, tavba eshigini yopib qo‘ygan va qanchadan-qancha rahm-shafqat bilan aytilgan so‘zlar borki, bir qalbning hidoyatiga sabab bo‘lgan...Alloh taolo: «Odamlarga yaxshi gaplar ayting» degan (Baqara surasi, 83-oyat).
Zero, birgina shirin so‘z bir insonni qutqarib qolishi va birgina yomon so‘z esa yangi bir shaytonni paydo qilishi mumkin.
Yo Allohim! Bizni yaxshilik eshigining kalitlari, yomonlik eshigining qulflari qilgin... Bandalaringga qarshi bizni shaytonga yordamchi qilib qo‘ymagin.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
O‘zbekistonda ushbu sana munosabati bilan an’anaviy ravishda “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi.
O‘zA xabariga ko‘ra, haftalik tadbirlari doirasida bugun O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi va bir qancha tashkilotlar vakillari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yib, xalqimizning ozodlik yo‘lidagi jasoratiga ehtirom bildirdi.
So‘ng “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekildi. Ko‘chat ekish tadbiri turli millat vakillarini atrof-muhitni asrash va yashil hududlarni kengaytirishdek umumiy maqsad yo‘lida birlashtirdi.
Shuningdek, haftalik doirasida “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishonini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada bir guruh yurtdoshlarimiz “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, diniy konfessiyalar vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hamyurtlarimiz, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdi.
Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish, yoshlarni mamlakatimizdagi madaniy xilma-xillik bilan yaqindan tanishtirish hamda jamiyatda o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati