Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilda 100 nafar yurtdoshlarimizga 2026-yilgi Haj safariga bepul yo‘llanmalar taqdim etilmoqda. Xususan, ular orasida muborak safar baxtiga muyassar bo‘lgan 3 nafar qashqadaryoliklar ham bor.
Jumladan, Ra’no Elmuradova ham endilikda Prezidentimizning ana shunday yuksak tashabbusi tufayli “Prezident hojisi” sifatida Haj amallarini ado etadigan bo‘ldi. U kishi ko‘p yillar davomida sog‘liqni saqlash sohasida mehnat qilib, insonlar dardiga darmon bo‘lishdek fidokorona, ham mashaqqatli ham sharafli kasbi ortidan bugun yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganlar qatoridan joy oldi.
Shu munosabat bilan Haj yo‘llanmasini topshirish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili - viloyat bosh imom-xatibi va boshqa mas’ul rahbarlar ishtirok etdi.
Tadbirda “Prezident hojilari” tashabbusi, avvalo, Davlatimiz Rahbarining xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibori, nuroniylar va ko‘makka muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi yuksak insoniy yondashuvining yorqin namunasi ekanligi alohida ta’kidlanib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda vatanimiz ravnaqi uchun xayrli duolar qilindi.
Nasafziyo.uz
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati