Cavol: Tanishim: “Bir tandir somsani hammasini eb yubora olaman”, dedi. Sotuvchi esa unga: “Agar, hammasini eb yuborsang, pulini to'lamaysan, lekin bir dona yoki bir luqma qolsa ham, hamma pulini to'laysan”, deb shart qo'ydi. Ushbu savdo joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Yo'q, bunday savdo durust emas. Chunki birinchidan bu shart bilan savdolashishdir. Holbuki, dinimizda savdo taqozo qilmaydigan har qanday shart bilan savdolashishdan qaytarilgan. Bu haqida “Fosid bay”, ya'ni noto'g'ri savdo turlarini sanab, bunday deyilgan: “Savdo taqozo qilmaydigan va unda sotuvchi yoki xaridordan biriga manfaat mavjud bo'lgan shart bilan savdo qilish ham fosid baydir (noto'g'ri savdodir)” (“Muxtasarul-viqoya” kitobi).
Yuqoridagi savdoda ham aynan shunday shartli kelishuv amalga oshirilmoqda. Ya'ni ma'lum bir taom (somsa)ni hammasini eb yuborsa, pul to'lamaydi. Demak, bunda xaridor uchun manfaat bor. Aksincha, shart bajarilmasa, hamma pulini to'laydi va bunda sotuvchi uchun manfaat bor. Chunki u bir tandir somsani pulini oladi. Bu shart esa, bayni fosid qiladi.
Ikkinchidan, bu kelishuvda garov boylash ham mavjud bo'lib, ikki tomondan biriga manfaat, ikkinchi tomonga zarar bo'lsa, bu erda qimor ma'nosi yuzaga chiqadi. Ma'lumki, Islom dinida qimor qattiq qoralangan va gunohi kabiralardan biridir. Alloh taolo “Moida” surasida bunday xitob qilgan: «Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr (aroq), qimor, butlar va (fol ochadigan) cho'plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo'ling. Shoyadki, najot topsangiz»(Moida surasi, 90-oyat).
Uchinchidan, dinimizda to'yganidan keyin taomlanish harom qilingan. Bu borada bunday deyilgan: "Kishi agar, to'yganidan ortiq taom esa, har qanday emak bo'lsin, harom bo'ladi" (“Bahrur-roiq sharhu kanzud daqoiq” kitobi). Chunki to'yganidan keyin taomlanishda inson salomatligi uchun jiddiy zarar bor.
Shunga ko'ra, yuqoridagi kabi shart va garov o'ynash aralashgan hamda inson salomatligi uchun xavf tug'diradigan savdo turlari shar'an nojoizdir. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
O‘zbekiston va Iordaniyani boy islomiy ma’naviy meros, ilm-fanga hurmat va madaniy an’analarni asrab-avaylashga intilish bog‘lab turadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi Sarvar Kamolov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu umumiylik yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikda amaliy ifodasini topmoqda.
"Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Iordaniya Butunjahon islom fanlari va ta’limi universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi," - dedi S.Kamolov.
Uning fikricha, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlar islom sivilizatsiyasi, tarixi va arabshunosligini o‘rganish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochib, ikki mamlakat olimlarining ilmiy salohiyatini birlashtiradi.
"Bunday format ilg‘or metodikalarni almashish va xalqaro maydonda islomning insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi mutaxassislarning yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi," - deya xulosa qildi u.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati