Saudiya Arabistoning etakchi bosma nashrlaridan biri - «Okaz» gazetasi sahifasida «O'zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistonining Haj va umra vazirini qabul qildi» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoevning ikki kunlik rasmiy tashrif bilan Toshkentga borgan Saudiya Arabistoni Haj va umra vaziri Tavfiq ar-Rabiani bilan o'tkazgan uchrashuvi va tashrifga oid muhim ma'lumotlar atroflicha qalamga olingan.
«Tavfiq ar-Rabiani Podshoh va valiahdning O'zbekiston xalqiga salomini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga muvaffaqiyatlar, respublikaga taraqqiyot va farovonlik tilaganliklarini etkazdi, deb yozadi nashr. Ushbu tashrif ikki davlatni bog'lab turuvchi o'ziga xos tarixiy munosabatlarning davomi sifatida amalga oshirilayotgani, jumladan, haj va umra sohalarida o'zaro hamkorlikka ulkan ahamiyat berilayotganining tasdig'idir”.
Maqolada ta'kidlanganidek, so'nggi haj mavsumida 12 mingga yaqin o'zbekistonlik haj ibodatlarini ado etgan. Koronavirus pandemiyasidan so'ng ziyoratchilar sonining ortishi kutilmoqda. O'tgan ikki oyda O'zbekistondan kelayotgan ziyoratchilar soni 36 mingdan oshib, ular Madinani ziyorat qilishga va Makkada umra amallarini bajarishga muvaffaq bo'ldilar.
«Saudiya Haj va umra vazirining O'zbekistonga tashrifi chog'ida qator ikki tomonlama uchrashuv hamda muzokaralari tashkil etildi,- deya ma'lumot beradi nashr. - Hususan, Toshkentda O'zbekiston transport vaziri, Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, Din ishlari qo'mitasi raisi bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi».
Alohida qayd etilganidek, ushbu tashrif chog'ida o'zbekistonlik ziyoratchilarga ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo'yicha strategik hamkorlikni kengaytirish yo'llari muhokama qilindi. «Shuningdek, ikki davlat o'rtasida o'zaro hamkorlik samaradorligini yanada oshirish, jumladan, aviaqatnovlar sonini ko'paytirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi», deb yozadi «Okaz» gazetasi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati