Kashmirlik xattot uzunligi 500 metr va eni 14,5 dyuym bo'lgan qog'ozga butun Qur'onni yozib, yangi rekord o'rnatdi.
27 yoshli xattot Mustafo bin Jamil mahalliy matbuotga Qur'oni karimni yozish uchun 7 oy vaqt ketgani, bu vaqt mobaynida Hindistonning Dehli shahridan olib kelgan maxsus xattotlik qalamlari va 85 gramm qog'ozdan foydalanganini aytdi.
Hattot Mustafo bin Jamil ushbu noyob yutug'i bilan iste'dodli shaxslarni aniqlash va ularning malakasini xalqaro maydonda oshirishga bag'ishlangan (Lincoln Book of Records) tashkilotida noyob rekord o'rnatishga muvaffaq bo'ldi.
Shuningdek, u: “Qur'onni hech bir mohir murabbiyning ko'rsatmasisiz yozishga muvaffaq bo'ldim, shuning uchun ham, ayniqsa, qo'lyozma Qur'on 450 sahifadan iborat bo'lgani uchun, ko'p vaqt talab qildi”, deydi.
Hattot Kashmir shimolidagi Bandipor mintaqasidagi Gorez vodiysida voyaga etib, o'z iste'dodini isbotlaydigan noyob yutuqga erishish istagida Qur'oni karimni qog'ozga yozgan.
Ma'lumot uchun, “(Lincoln) Records Registry” tashkiloti individual iste'dodlar haqida qayg'uradi va ularni ta'lim, san'at, fan, adabiyot va sport kabi har qanday sohada ustunlikka erishish uchun xalqaro platforma yaratish orqali qo'llab-quvvatlashga intiladi.
Halqaro aloqalar bo'limi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.
Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.
Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.
Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.
Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.
Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).
Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.
Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati