Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Turkiy kengash sammitidagi O'zbekistonning tashabbuslari tahlili

14.02.2022   2985   3 min.
Turkiy kengash sammitidagi O'zbekistonning tashabbuslari tahlili

Turkiyada nashr etiladigan nufuzli “Business Türk” jurnalining Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatiga oid maxsus sonida zamonaviy O'zbekiston hayotiga bag'ishlangan tahliliy maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

O'zbekistonning Turkiyadagi elchisi muallifligidagi “Turkiy Kengash nomining Turkiy davlatlar tashkiloti o'laroq qaytadan nomlanishi hamkorligimizni rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo'ladi” sarlavhali maqola 2021 yil 12 noyabr' kuni bo'lib o'tgan Turkiy kengash sammitida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga bag'ishlangan.

Unda turk zaminining qadim tarixga ega “Demokratiya va erkinliklar” orolida tashkil etilgan Turkiy kengash sammitining tarixiy ahamiyatiga alohida e'tibor qaratilgan.

“Istanbuldagi sammit – O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning oktyabr' oyida bo'lib o'tgan Prezident saylovidan keyingi ilk xorijiy tashrifi bo'lganligi jihatidan biz uchun alohida ahamiyatga ega edi, – deb yozadi jurnal. – Sammitda qabul qilingan qarorga muvofiq, Turkiy kengash nomining Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sifatida qayta nomlanishi hamkorligimizni rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo'lib xizmat qiladi”.

Maqolada umumiy til va mushtarak qadriyatlar asosida ta'sis etilgan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil ravishda taraqqiy etib borayotgani, hatto og'ir pandemiya davrida ham sheriklikni kengaytirishga, o'zaro hamjihatlikda munosabatlarni rivojlantirishga erishilgani qayd etilgan.

Muallif yig'ilishda imzolangan istiqbolli “Turk dunyosi nigohi 2040” dasturiy hujjati ulug'vor maqsadlarimizga xizmat qilajagini ham qayd etgan.

Unda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mazkur sammitdagi nutqida muhim takliflarni ilgari surganiga jurnalxonlarning e'tibori qaratilgan.

“Turkiy davlatlar savdo hamkorligi bo'yicha tadqiqot markazini tashkil etish, Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o'zaro bog'liqliq dasturini ishlab chiqish, O'zbekistonda Turkiy davlatlar sanoat haftaligini o'tkazish, AyTi-mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish hamda 2022 yilda Ekspertlar konferentsiyasini o'tkazish, Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo'yicha agentligi, ya'ni, EKOTURKni tuzish, “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko'rgazmalari va etnosport musobaqalarini o'tkazish, madaniy meros ob'ektlarini saqlash va restavratsiya qilish, Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o'rganish tadqiqot markazini tashkil etish takliflari shular jumlasidandir”, - deb ta'kidlangan nashrda.

Shu bilan birga, O'zbekiston Prezidenti tashkilot doirasida a'zo mamlakatlarning yoshlari borasidagi faoliyatlarni jadallashtirishga e'tibor qaratib, bu boradagi harakatlarni yaqinlashtirish maqsadida 2022 yilda Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash yili” deb e'lon qilishni taklif etgani ham alohida ta'kidlangan.

Maqola intihosida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitiga O'zbekiston mezbonlik qilishi ham qalamga olingan.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni anglagan avlod — kelajakni bunyod etadi

17.09.2026   3388   4 min.
Tarixni anglagan avlod — kelajakni bunyod etadi

Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.

Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.

Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.

Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.

Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.

Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.

Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.

Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.

Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.

Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.

“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.

Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.

Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.

Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari