Hojarning qissasi menga: kim Allohga yaxshi gumonda bo'lsa, Alloh uni zoye qilmasligini o'rgatdi. Hojar Ibrohimga ketishni buyurgan zot Alloh ekanini bilgach, "Unday bo'lsa Alloh Hojarni ham, uning amalini ham zoye qilmas!" dedi.
Hojarning Safo va Marvo orasida yurgani haqidagi qissa menga shuni o'rgatdiki, siz bir tarafdan rizq eshiklarini qoqarkansiz, lekin Alloh siz umuman o'ylamagan tarafdan rizqingizni berib qo'yadi.
Hojarning qissasidan yana Allohning fazli juda kengligini, so'raganingizdan ko'pini berishini o'rgandim. Hojar farzandining chanqog'ini qondirishni so'ragandi, Alloh unga zamzam qudug'ini berdi!
Hojar qissasi shuningdek, rizqlar sabablarga cheklanib qolmaganini, "faqat sabablarni amalga oshirsagina rizq keladi", deb o'ylamaslikni o'rgatadi. Biz sabablarni Alloh buyurgani uchun bajaramiz. Shunday ekan, qalbingizni sababga emas, Allohga bog'lashga o'rganing.
Hojar qissasi menga yana shuni o'rgatdiki, Allohga ixlos, sidqidil birla duo qilsangiz, O'zi sizga mehribon bo'lar ekan, boshqalarga bermagan rizqlarini sizga berar ekan.
Alloh bizga onalarimizdan ham, otalarimizdan ham rahliroq ekan. Mana Hojarga qarang: u bir o'zi vodiyda hamrohsiz qolgan edi, lekin shunga qaramay unga Allohning rahmatlari yog'ildi. Chunki u Saxovatli zotning eshigini qoqqan edi-da!
Hojar qissasi menga erga itoat qilishning fazilati naqadar buyukligini o'rgatdi. Ibrohim alayhissalom Hojar va emizikli farzandi Ismoilni Bayt oldiga qo'yib ketdi. Hojar esa eriga so'zsiz bo'ysundi.
Hojar qissasi yana Alloh taoloning ushbu oyatini doim yodda tutishimiz lozimligini o'rgatdi: "Albatta, Biz iymon keltirgan va yaxshi amallar qilganlarning, go'zal ish qilganlarning ajrini zoye qilmasmiz"(Kahf surasi, 30-oyat).
Hojar qissasida yana bir hayratlanarli jihat shundaki, Ibrohim alayhissalom ularning haqqiga omonlik so'rab duo qilmadilar, aksincha ularning holini Allohga topshirgan holda quyidagicha duo qildilar: "Ey Robbimiz, haqiqatda men o'z zurriyotimdan, sening Baytul Haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Ey Robbimiz, namozni to'kis ado etishlari uchun. Bas, O'zing odamlardan ba'zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad shukr qilsalar"(Ibrohim surasi, 37-oyat).
"...namozni to'kis ado etishlari uchun" deganlarining sababi – namoz barcha yaxshiliklarni jalb etadi. Shuning uchun yaxshilikka etaman degan odam avvalo namozga mahkam bo'lishi darkor!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti O‘mon shahridagi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi tomonidan har yili e’lon qilinadigan reytingda dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni ro‘yxatiga kiritildi.
Unda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy diplomatiyani rivojlantirish, ta’lim va madaniyat sohalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, boy islomiy merosni asrab-avaylash va jahon miqyosida targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar alohida qayd etilgan.
Mazkur e’tirof Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xususan, diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar xalqaro miqyosda tan olinayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Zero, bugun mamlakatimizda haqiqatdan ham diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soha vakillarining ilmiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro islom akademiyasi, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy maktab va markazlar faoliyati tobora kengayib bormoqda.
Ulug‘ allomalarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy qadamjolarni obodonlashtirish, ziyorat turizmini rivojlantirish ishlari izchil davom etmoqda. Mamlakatimizda turli diniy konfessiyalarning erkin faoliyat yuritishi ta’minlanib, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash yo‘lida muntazam muloqotlar olib borilmoqda.
Namozlarni emin-erkin ado etish, hayit bayramlarini nishonlash, haj va umra ziyoratlarini tashkil etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar ham ushbu islohotlarning ajralmas qismiga aylangan.
Yurtboshimizning mana shunday e’tirofga sazovar bo‘lishlari yaxshilik amallarning bu olamda ham javobsiz qolmasligiga bir ishoradir. Zero Alloh taolo ham Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
“Albatta, iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarga Rohman (odamlar qalbida) muhabbat paydo qilur” (Maryam surasi, 96-oyat).
Inson Alloh roziligi uchun xayrli ish qilsa, Alloh uning yaxshiligini bandalari qalbiga solib qo‘yadi. Odamlar uni yaxshi ko‘rib, e’tirof etadi.
Mamlakatimiz rahbarining nafaqat mana shu yurt, xalq, balki boshqa xalqlar tinchligi, farovonligi yo‘lida qilayotgan beqiyos xayrli amallariga Alloh taolo ulkan ajr-mukofotlar ato etsin!
Zayniddin domla ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari