Alloh taolo bandalariga ilm o’rganishni farz qildi. Binobarin Payg’ambarimiz (sallohu alayhi vasallam)ga Alloh taolo tomonidan nozil qilingan dastlabki oyat “O’qing!” deb boshlangan edi. Shundan ko’rinib turibdiki, Alloh taolo ilm olishni dunyodagi barcha mashg’ulotlardan afzalligini bayon qilib bermoqda.
Ilm bu – nurdir. U bilan inson jannat tomon eltuvchi yo’lini yoritadi. Ilm qanchalik kuchli bo’lsa u shunchalik kengroq yerni yoritadi. Dunyodagi barcha narsa vaqt o’tib, ishlatilib, kamayishi aniq, lekin, ilm qancha ishlatilmasin ortsa ortadiki hech qachon kamaymaydi.
Ilm olish inson uchun naqadar bebaho ne’mat hisoblanadi. Nafaqat ilm olish balki uni tarqatish ham saodatli amallardan biridir. Shu bois, Alloh taolo Payg’ambarimiz ( sallohu alayhi vasallam ) ning ba’zi sahobalariga ilm olib, uni tarqatishni Islom dini yo’lida jihodga chiqishdan ham afzal ko’rib quyidagi oyati karimani nozil qildi: «Axir ulardan har bir guruhdan bir toifa odamlar (jang uchun) chiqmaydilarmi?! (Qolganlari esa Madinada) dinni o‘rganib, (jangga ketgan) qavmlari ularning oldilariga qaytgan vaqtlarida, u qavmlar Allohning azobidan saqlanishlari uchun ularni ogohlantirgani (qolmaydilarmi)?!» (Tavba surasi, 122oyat).
Boshqa bir oyatda aytiladi: «Agar bilmasangiz, ahli ilmlardan so‘rangiz» (Nahl surasi, 43-oyat).
Albatta, ahli ilmlar, shariat ahkomlarini puxta egallagan ulamolarimiz biz bilmagan savollarga javob topib, bizdagi johillik zulmatini ilm nuri ila yoritib beradilar.
Barchamizga hadislardan ma’lumki, ilm olish har bir musulmon erkak ayolga birdek farzdir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ilm olish fazilatini shunday bayon qiladilar:
«Alloh taolo insonlarga bergan ilmini ulardan qaytarib olmaydi. Lekin ilm olimlarning ketishi bilan yo‘qoladi. Har bir olim qaytsa (vafot qilsa), u bilan birga undagi ilm ham ketadi. Hattoki diniy maqomlar nodon, johil rahbarlar qo‘lida qoladi. Ulardan fatvo so‘ralsa, johilona fatvo beradilar, o‘zlari ham adashadilar, boshqalarni ham adashtiradilar».
Yuqoridagi hadisdan biz, ilm o’z sohibini tark etmasligini va shu bilan bir qatorda agar Alloh taolo bandalaridan ilmni ko’tarib qo’yishni iroda etsa, avvalo, ilm sohiblarini ya’ni olimlarni ketkazish bilan o’sha qavmdan ilmni ko’tarib qo’yishligini tushunib olishimiz mumkin bo’ladi. Bu ham yetmagandek johil insonlar diniy maqomlarni egallab, o’zlari xoxlagancha fatvo va buyruqlar berib, o’zlarini ham boshqalarni ham yo’ldan ozdirishlarima’lum qilinmoqda.
Banda uchun afzal ilm bu hol ilmidir. Ayni paytda bajarilishi lozim bo’lgan amalning ilmini bilmog’i insonga lozim bo’ladi. Shunda qiladigan ishi nuqson va kamchiliklardan holi va ilm bilan bo’lgani sababidan mukammal bo’ladi.
Payg’ambarimiz (sallohu alayhi vasallam) ning madrasalarida ta’lim olgan buyuk sahobalar ham ilmning yuksak cho’qqilariga ko’tarilganlar. Ulardan eng mashxurlari Ali roziyallohu anhu bo’lib, Payg’ambarimiz (sallohu alayhi vasallam) u zot haqida shunday ta’rif aytganlar: “ Men ilm shahri bo’lsam Ali uning darvozasidir”.
Yana bir ulug’ sahoba ibn Abbos ilm olish jarayonida qanday qiyinchilik ko’rganlari va uning natijasida yuksak darajaga erishganlari haqida shunday deganlar:
«Ilm olishda (qiynaldim), bir oz xorlandim, tilagim hosil bo‘lgach, azizu mukarram bo‘ldim».
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, ilm olishni aslo to’xtatmaslik zarur. Zero, Payg’ambarimiz ( sallohu alayhi vasallam)“ Beshikdan to qabrgacha ilm izlanglar!” deb aytib turibdilar. Ilm o’z sohibiga qiyomatda yo uning zarariga yoki foydasiga hujjat bo’lishi mumkin. Qolgani esa bandaning o’ziga ta’luqlidir. Foydali ilm olib va unga amal qilib dunyo-yu oxiratda saodatmand bo’ladi. Yoki buning aksi ham bo’lishi hech gap emas.
Odilxon Abduraxmanov,
Namangan shahri “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-noibi
Ислом сўзининг маъноларидан бири тинчликдир. Мусулмонлар ўзаро бир-бирлари билан ушбу сўз орқали саломлашадилар, намоз вақтида мўмин банда айтадиган энг охирги калом ҳам, Аллоҳ таолонинг гўзал исмларидан бири, жаннатнинг номларидан бири ҳам “Ас-Салом” – тинчликдир.
Тинчлик, адолат, эркинлик, ҳикмат борасида кўплаб оятлар бор.
Қуръони карим ҳар бир инсонга эътиқод эркинлигини кафолатлайди. “Сизларнинг динингиз ўзларингиз учун, менинг диним ўзим учундир” (“Кафирун” сураси, 6-оят).
Эътиқодни ёйишда зўрлик ўтказиш таъқиқланган. “Динда зўрлаш йўқ” (“Бақара” сураси, 256-оят).
Ақлга мос, далил-исботли, ҳаётга татбиқ этиладиган ёндошув орқали, ҳар бир инсоннинг ақлий даражаси ва ҳолатини ҳисобга олиб, қалбга таъсир қилувчи, мулойим услубда, агар баҳс ва мунозара бўлса, хушмуомала, адолатли ва маданиятли тарзда фикр алмашиш, даъват этилади.
“Парвардигорингизнинг йўли – динига донолик, ҳикмат ва чиройли панд-насиҳат билан даъват қилинг! Улар билан энг гўзал йўлда мужодала, мунозара қилинг! (“Наҳл” сураси, 125-оят).
Ҳар бир инсонга, дини, миллати ва ирқига қарамасдан, адолат билан муносабатда бўлиш, душманлик қилмаган бўлса, яхшилик қилиш, эҳтиром кўрсатиш Ислом таълимотларидандир.
“Аллоҳ сизларни динларингиз тўғрисида сизлар билан урушмаган ва сизларни ўз диёрларингиздан ҳайдаб чиқармаган кимсалардан – уларга яхшилик қилишларингиздан ва уларга адолатли бўлишларингизда қайтармас. Албатта Аллоҳ адолат қилгувчиларни севар” (“Мумтаҳана” сураси, 8-оят).
Маъруфхон Алоходжаев,
Наманган шаҳри “Абдулқодир қори” жоме масжиди имом-хатиби
Манба: @Softalimotlar