Сайт тест ҳолатида ишламоқда!
13 Июн, 2025   |   17 Зулҳижжа, 1446

Тошкент шаҳри
Бомдод
03:04
Қуёш
04:49
Пешин
12:28
Аср
17:38
Шом
20:00
Хуфтон
21:38
Bismillah
13 Июн, 2025, 17 Зулҳижжа, 1446

Ayollar islom nigohida

06.03.2017   52315   11 min.
Ayollar islom nigohida

Muqaddas dinimiz Islomda barchaga birdek xitob qilinib, erkak va ayollarga tenglik ila muomala qilingan. Haq-huquqlarda birini boshqasidan ustun qo‘yilmagan. Shuningek, islom shariati umumiy shaklda aniq maqsadga erishishni ko‘zlagan bo‘lib, u “himoya” deb ataladi. Himoya esa turli jabhalarda, turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Xususan, ayollarning sha’ni, ularga taalluqli bo‘lgan barcha narsa islom dini asosida himoya etiladi. Shu sababdan ham Qur’oni karim va sunnati nabaviyda ayollarga oid haq-huquqlar, nozik va daqiq ta’riflar alohida e’tibor bilan keltiriladi, adolat,  latofat va mehr ila bayon qilinadi. Shularni e’tiborga olgan holda, ayolning qiz, rafiqa va ona sifatida umr kechirishi va uning umr bosqichlarida ehtiromi va himoyasini ko‘zda tutgan oyat va hadislarni etiboringizga havola etamiz. 

Islom dini ayollarning sha’nini ko‘tarib, ularning turmush tarzini go‘zallashtirgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarga o‘z erlariga itoat qilishni, erkaklarga esa jufti halollariga mehribonlik qilishni buyurganlar. Qizlarni majburlab erga berish, ularning mollarini yeyishni man qilganlar. Chunki johiliyat davrida ayollar meros ololmas, agar biror kishiga qiz farzand ko‘rganining xabari berilsa, g‘azablanganidan yuzlari qorayib, bo‘zarib ketar edi. Alloh taolo Qur’oni karimda ularning bu holatini bunday bayon qiladi:

وَإِذَا بُشِّرَ أَحَدُهُمْ بِالْأُنْثَى ظَلَّ وَجْهُهُ مُسْوَدًّا وَهُوَ كَظِيمٌ  * يَتَوَارَى مِنَ الْقَوْمِ مِنْ سُوءِ مَا بُشِّرَ بِهِ أَيُمْسِكُهُ عَلَى هُونٍ أَمْ يَدُسُّهُ فِي التُّرَابِ أَلَا سَاءَ مَا يَحْكُمُونَ

“Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda, olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo‘lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir (“Nahl” surasi, 58-59 oyatlar).

Qur’oni karimda “Niso” (Ayollar) nomi bilan alohida sura nozil qilingan bo‘lib, unda meros va ayollarga muomala qilish hukmlari bayon etilgani dinimizda ularning ehtirom qilinganini ko‘rsatib beradi.

Alloh taolo “Niso” surasida bunday marhamat qiladi:

الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ فَالصَّالِحَاتُ قَانِتَاتٌ حَافِظَاتٌ لِلْغَيْبِ بِمَا حَفِظَ اللَّهُ وَاللَّاتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلَا تَبْغُوا عَلَيْهِنَّ سَبِيلًا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيًّا كَبِيرًا

“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh  oliy va ulug‘ zotdir (“Niso” surasi, 34-oyat).

Alloh taolo ushbu oyati karimada soliha ayolning sifatlarini bayon qilib, ortidan itoatsizlik sodir etgan ayolga rahm-shavqat bilan, bosqichma-bosqich qilinishi kerak bo‘lgan muomala uslubi haqida ta’lim bermoqda. Bu uslub avval chiroyli pand-nasihat, so‘ngra shunda ham itoat qilmasa, o‘rinlarini alohida qilish, bu ham kor qilmasa, qattiqroq chora – ozor bermaydigan darajada ta’zir berishga izn berilishidir. Ushbu ta’lim mehribon va rahmli bo‘lgan Alloh taolo tomonidan ayollarga bo‘lgan izzat-ikrom namunasi desak, adashmagan bo‘lamiz.

Ayollarga bo‘lgan ikromning namunalaridan yana biri shuki, ushbu surada ayollar va erkaklar lafzlarining teng miqdorda keltirilganidir. 

Islom  erkaklarga o‘z ayollari bilan go‘zal muomalada bo‘lishni va bunda ular uchun yaxshilik borligi quyidagicha bayon qiladi:

 وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

“Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (“Niso” surasi, 19­ oyat).

Shuningdek, dinimizda ayollar ona sifatida ulug‘lanadi. Islom farzandlarni onalariga chiroyli muomalada bo‘lishga buyurib, bu orqali ayollarni ona sifatida ulug‘laydi. Alloh taolo Qur’oni karimdagi boshqa o‘rinlarga nisbatan ota-onaga yaxshilik qilish borasida kelgan oyatlarni juda ham chiroyli tarzda bayon qilgan. Jumladan, “Isro” surasining 23-oyatida:

“Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga «uff!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!” , – deya amr qilingan.

Boshqa surada esa:

“Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”, – deb buyuriladi (“Luqmon” surasi, 14-oyat).

Qur’oni karimdagi ota-onaga yaxshilik qilish borasida kelgan yana bir oyat quyidagicha marhamat qilinadi:

“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko‘tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorlik va uni (sutdan) ajratish (muddati) o‘ttiz oydir. Bas, qachonki, u voyaga yetib, qirq yoshga to‘lganida: «Ey, Rabbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va, albatta, men musulmonlardandirman», – deydi”(“Ahqof “surasi, 15-oyat).  

Ushbu o‘rinda shuni ta’kidlash lozimki, Allohga osiy bo‘luvchi o‘rinlarda ularga itoat qilinmaydi. Bu haqda bunday marhamat qilinadi:

“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma’budalarni) Menga sherik qilishingga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, Men (o‘shanda) sizlarga qilib o‘tgan amallaringiz xabarini berurman”, – deb marhamat qilinadi (“Ankabut” surasi, 8-oyat).

Sunnati nabaviyyada ham onalarga yaxshilik qilishga doir ko‘plab buyruqlar kelgan bo‘lib, ba’zilarini e’tiboringizga havola etamiz.

“Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, eng chiroyli muomalamga kim haqli?”  deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, dedilar. U kishi: “So‘ng kim?” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, dedilar. U kishi yana: “So‘ng kim?” dedi. Rasululloh alayhissalom: “Onang”, dedilar. U kishi: “So‘ng kim?” dedi.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “So‘ng otang”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch bora “Onang”, deb aytishlari Islomda onaning sha’ni naqadar ulug‘ va hurmat-ehtiromga loyiq ekaniga dalolat qiladi. Islom shariatidan boshqa hech bir shariatda onaning qadri bunchalik baland qilib belgilanmagan. 

 Talha ibn Muoviya Sulamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli! Men Alloh yo‘lida jihod qilishni qasd qildim”, deb aytdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang tirikmi?” dedilar. Men: “Ha”, dedim. U Zot alayhissalom: “Onangning oyoqlarini o‘zingga lozim tut (doim xizmatida bo‘l), chunki jannat o‘sha yerdadir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).     

 Darhaqiqat, islomda ayollar rafiqa sifatida ulug‘lanadi. Bu borada Rasululoh sollallohu alayhi vasallamning “Vidolashuv haji”da sahobiylarga qarata ayollar haqida aytgan vasiyatlarini keltirib o‘tishimiz juda ham o‘rinli bo‘ladi: “Ayollar borasida Allohdan qo‘rqinglar. Chunki sizlar Allohning omonati ila ularni qo‘lga kiritdingiz va Allohning kalimasi bilan ularning farjlarini o‘zlaringizga halol qilib oldingiz” (Buxoriy rivoyati).

Rasululloh alayhissalom boshqa bir hadisda: “Albatta, ayollar erkaklarning yarmi (sherigi, tug‘ishganlari)dir”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifga binoan, Islom shariati ayollarni har qanday holat va ishlarda erkaklarga  sherik qilgan desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, ayol farzandlarni tarbiyalash, borasidagi xizmati oilani mustahkamlash yo‘lida ham erkaklarga hamroh ekanidan dalolatdir. Er-xotin o‘zaro inoq bo‘lgan oiladan sunnati nabaviy ko‘rsatib bergan yo‘lga muvofiq go‘zal xonadon paydo bo‘ladi. Bunday xonadonlar esa jamiyat binosini barpo qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli ham ayol jamiyatning yarmi deyiladi. Balki, ayol yarmidan ham ko‘proq ulushga ega. Zero, ayol bu – ona, rafiqa, qiz va opa-singildir.

Qolaversa, islomda ayollar qiz sifatida ulug‘lanadi. Nabiy alayhissalom Islomning mohiyatini bayon etib, qizlarning ulug‘ maqom sohibalari ekanini ta’kidlaganlar. Ularning huquqlarini bayon qilib, zimmalaridagi vojiblarni ko‘rsatib berish ila johiliyat davrida urfga aylanib, tarqalib ketgan qabihlik – qizlarni tiriklayin ko‘mish muammosini bartaraf qildilar.  

Oisha roziyallohu anho onamiz aytadi: “Bir ayol o‘zining ikki qizini yetaklab kelib, ular uchun bir narsa so‘radi. Menda bir dona xurmodan boshqa narsa yo‘q edi. So‘ng o‘sha xurmoni ayolga uzatdim. Ayol xurmoni qizlariga bo‘lib berdi, o‘zi esa yemadi. Keyin turib chiqib ketdi. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib qoldilar. Men U zotga bo‘lgan voqeani aytib berim. U Zot:  “Kim bu qizlar uchun biror narsadan tashvishlanib qayg‘ursa, (shu ishi) jahannamdan to‘siq bo‘ladi”,  – dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).   

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ayol go‘yo qalb gavhari. Ayol borki, olam munavvar. Ona – mehribonlik timsoli! Unga yaxshilik qilish esa  dunyoda baxt, oxiratda saodatga erishish sabablaridandir. Shunday ekan, onamizning nurli yuzlariga tabassum ila boqib, mehribonlik va oilaviy mehr-muhabbat asosida hayot kechirish barchamizga nasib etsin!

Jaloliddin Hamroqulov

Toshkent islom instituti

“Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri

“Novza” jome masjidi imom-xatibi

Мақолалар
Бошқа мақолалар
Мақолалар

ЭЗГУЛИК, БАҒРИКЕНГЛИК ВА МЕҲР-ОҚИБАТ БАЙРАМИ

06.06.2025   5425   4 min.
ЭЗГУЛИК, БАҒРИКЕНГЛИК ВА МЕҲР-ОҚИБАТ БАЙРАМИ

Муносабат

 

Аввало, барча юртдошларимизни хурсандчилик айёми – Қурбон ҳайити байрами билан самимий муборакбод этаман!

Мамлакатимизда Қурбон ҳайити нафақат диний, балки умуммиллий байрам сифатида ҳам кенг нишонланади. Зеро, ушбу кунда юртдошларимиз бир-бирини ҳайит билан самимий табриклаб, ўзаро совғалар улашади, миллати, тили ва динидан қатъи назар, ёлғиз кексалар, кам таъминланган оилалар ҳолидан хабар олиниб, хайрия ишлари амалга оширилади.

Шу маънода, ушбу қутлуғ байрам инсонпарварлик ва бағрикенглик рамзи бўлиш билан бирга, инсонлар ўртасида ўзаро меҳр-муҳаббат ва ҳамжиҳатлик каби фазилатларни ҳам ўзида мужассам этади.

Юртимизда ҳайит байрамини муносиб кутиб олиш ва ўтказиш, шунингдек, миллий-диний қадриятларимизни асраб-авайлаш, халқимизнинг кўп асрлик анъана ва урф-одатларига уйғун ҳолда ўтказилишига алоҳида эътибор қаратилади. Бунинг учун барча зарур тайёргарликлар кўрилади, мамлакатимизнинг барча ҳудудларида том маънода байрам шукуҳи ҳукм суради.

Кези келганда юртимизда “Инсон қадри учун” деган улуғвор ғоя асосида барча соҳалар қатори диний-маърифий жабҳада ҳам катта ислоҳотлар амалга оширилаётгани, норматив-ҳуқуқий ҳужжатлар такомиллаштирилиб, соҳа фаолияти самарадорлиги янги босқичга чиқарилаётганини алоҳида қайд этиш лозим.

Давлатимиз раҳбари ташаббуси билан охирги йилларда юртимизнинг ҳар бир гўшасидаги улкан бунёдкорлик ишлари изчил давом эттирилмоқда. Хусусан, Тошкентда Ислом цивилизацияси маркази биноси қурилиши якунига етиб бормоқда, Самарқандда Имом Бухорий мажмуаси қад ростламоқда.

Яқинда Президентимиз ушбу мажмуага ташриф буюриб, у ердаги бунёдкорлик ишлари билан танишди, зарур кўрсатмалар берди. Зеро, бу  давлатимиз раҳбарининг узоқни кўра билиши, улуғ аждодларга юксак эҳтиромининг ёрқин ифодасидир.

Эътиборга сазовор жиҳатлардан яна бири шуки, Президентимиз қўнғироқ қилиб, ҳожиларимиз учун яратилган шарт-шароитлар, уларнинг саломатлиги ва кайфияти ҳақида сўради. Бундан ҳожиларимиз беҳад мамнун бўлди, эътибор ва эҳтиромдан хурсанд бўлган зиёратчиларимиз кўзларида ёш билан дуо қилдилар.

Арафот майдонида, дуолар мустажоб бўладиган айни онларда Президентимизнинг Қурбон ҳайити муносабати билан Ўзбекистон халқига йўллаган табригини катта ҳаяжон билан эшитдик. Яратгандан юртимизга тинчлик, халқимизга фаровонлик сўраб, дуолар қилдик.

Айниқса, табрикда ҳожиларимиз алоҳида эслаб ўтилгани зиёратчиларимизни чексиз қувонтирди.

Барча юртдошларимиз қатори ҳожиларимиз ҳам ушбу табрикдаги олижаноб ғоя ва ташаббусларга бефарқ эмаслигини изҳор қилди.

Табрикдаги “Инсон қадри учун, инсон бахти учун!” деган олижаноб ғоя барча жабҳалардаги ислоҳотларнинг асоси эканини алоҳида эътироф этиш ва ҳожиларимизнинг ташаббуслари ҳам ушбу ғояга ҳамоҳанг эканини қайд этиш лозим.

Бу Арафот майдонида Ўзбекистон Республикаси Президентига ҳожиларимизнинг мурожаатида ҳам ўз аксини топди. Жумладан, мазкур мурожаатда ҳожиларимиз юртга қайтгач, “Янги Ўзбекистоннинг тинчлик ва маънавият тарғиботчилари” деган эзгу ташаббусни бир овоздан илгари суриб, Учинчи Ренессанс яратувчиларини тарбиялашда Президентимизга кўмакчи бўламиз, деб ваъда берди.

Шунингдек, Ватанимиз тараққиётига холис хизмат қилиш, маҳаллаларда тинчлик ва бирдамликни мустаҳкамлаш, тинчлик-осойишталикнинг қадрига етиш, халқимизни маънан юксалтириш, жамиятдаги ислоҳотларга дахлдорлик ҳиссини ошириш кабиларни тарғиб этиш борасида фаол бўлишни айтиб ўтди.

Ўз навбатида, ҳожиларимиз китобхонлик маданиятини юксалтириш, илм-маърифатга ҳомийликда намуна бўлиш, тўйлар, оилавий тадбирлар ва маросимларда меъёрга амал қилган ҳолда камхарж ва ихчам ўтказишда бош-қош бўлиш, маҳаллалардаги нотинч оилалар, шу жумладан, тарбиясида муаммоси бор ёшлар ўртасида тушунтириш ишларини олиб бориш, ҳудудлардаги мактабларнинг таъмирга муҳтож қисмини жорий таъмирлаш ишларига кўмаклашиш, хайрия, меҳр-мурувват ва ёрдам кўрсатиш ишларини кўпайтириш каби ташаббусларни қатъий амалга оширишга аҳд қилди.

Азиз юртдошлар! Шубҳасиз, ушбу шукуҳли кунлар том маънода барчамиз учун катта байрам, хурсандчилик онларидир. Мўътабар манбаларда саодатли дамларни шоду хуррамлик билан ўтказиш бўйича кўп тавсиялар келган. Уламоларимиз: “Ҳайит кунлари шодликни изҳор қилиш диннинг шиорларидан”, дейишади. Демак, Қурбон ҳайити кунларида қувончимизни, саховатимизни ҳар қачонгидан кўра кўпроқ намоён қилишимиз лозим. Айниқса, кам таъминланган, ижтимоий ҳимояга муҳтож инсонларга ёрдам кўрсатишга шошилишимиз лозим.

Ушбу фазилатли кунларда муборак манзилларда туриб, она Ватанимизга тинчлик-осойишталик, халқимизга янада фаровон ҳаёт, фарзандларимизга бахту саодат сўраб, дуолар қилмоқдамиз!

Қурбон ҳайитингиз муборак бўлсин!

Шайх Нуриддин ХОЛИҚНАЗАР,

Ўзбекистон мусулмонлари идораси раиси, муфтий

 

Мақолалар