Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Noyabr, 2026   |   13 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:57
Quyosh
07:15
Peshin
12:15
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:17
Bismillah
23 Noyabr, 2026, 13 Jumadul soni, 1448

13.02.2024   1777   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ziyolilar kengashi a’zolari Islom sivilizatsiyasi markazida: tarixiy meros, milliy yuksalish va yangi tashabbuslar

23.11.2026   3636   6 min.
Ziyolilar kengashi a’zolari Islom sivilizatsiyasi markazida: tarixiy meros, milliy yuksalish va yangi tashabbuslar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bugun mamlakatimizning ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat sohalari vakillarini bir maqsad yo‘lida birlashtirdi. Respublika ziyolilar kengashining navbatdagi bosqichi doirasida turli hududlardan tashrif buyurgan ziyolilar markaz ekspozitsiyalari bilan tanishib, ajdodlarimizdan qolgan boy ilmiy va ma’naviy meros, uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot oldilar.


Tashrif davomida ishtirokchilarga markazning konsepsiyasi, ekspozitsiya zallarida namoyish etilayotgan noyob tarixiy ashyolar, qo‘lyozmalar, artefaktlar hamda zamonaviy multimedia imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Ushbu sayohat ziyolilar uchun nafaqat tarixiy meros bilan yaqindan tanishish, balki milliy o‘zlik, ma’naviy mas’uliyat va kelajak avlod tarbiyasi xususida fikr yuritish imkoniyati ham bo‘ldi.


Oliy Majlis Senati a’zosi Mahmudjon Toirov markazning Respublika ziyolilar kengashi ilk yig‘ilishi uchun tanlangan maskan sifatidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

«Har bir millatning qalb ko‘zini uning ziyolilari ochadi. Ziyolilar hamisha aqlan, fikran bir necha qadam oldinda yuradigan insonlardir. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston ziyolilarining ilk anjumani aynan shu dargohda o‘tkazilayotganida chuqur ma’no bor. Bu yerda ajdodlarimizning qudrati, ular yaratib ketgan boy ilmiy, madaniy va ma’naviy meros bilan tanishish har bir insonning qalbida o‘zgacha tuyg‘ularni uyg‘otadi.

Islom sivilizatsiyasi markazi — o‘tmishimizdagi buyuk Renessans davrlarining yorqin isboti, ayni paytda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga xizmat qiladigan maskandir. Bugun ajdodlarimiz ilm-tafakkurining nuri shu markaz orqali butun dunyoga taralmoqda. Bu yerga kelgan inson millat ma’rifati yo‘lida shunchaki yashash emas, balki o‘zini shu ezgu maqsadga bag‘ishlash zarurligini yanada chuqurroq anglaydi», — dedi Mahmudjon Toirov.

 

 


Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari o‘rinbosari Ma’muraxon Safoyeva ham markazda yaratilgan sharoit va ekspozitsiyalarning tarbiyaviy ahamiyati haqida fikr bildirdi.

«Bu yerda buyuk tariximiz va kelajagimiz o‘zaro uyg‘un holda namoyon bo‘lgan. Davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fanga, ma’rifatga va ziyolilarga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalarini ko‘rib turibmiz. Markazdagi ekspozitsiyalar ajdodlarimiz qanday ulkan ilmiy meros qoldirganini yana bir bor anglatadi. Bu esa bizda milliy g‘urur va faxr tuyg‘usini kuchaytiradi.

Kengashdan umidimiz katta. Ziyolilar yetti sho‘ba yo‘nalishida o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari suradi. Ushbu fikrlar mamlakatimiz taraqqiyotiga, eng avvalo, inson qadrini ulug‘lash va yosh avlodni ma’rifatli etib tarbiyalashga xizmat qiladi», — dedi u.

 


O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Abduqodir Shamsiddinov markazga tashrifi unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.

«Bunday muqaddas va tarixiy maskanga tashrif buyurganimdan juda xursandman. Markazning har bir ekspozitsiyasi, undagi namoyishlar ajdodlarimiz qanday buyuk salohiyat egalari bo‘lganini ko‘rsatib turibdi. Bu nafaqat O‘zbekiston yoshlari, balki butun dunyo uchun ilm olish, tarixni anglash va milliy qadriyatlarimizni qadrlashga xizmat qiladigan maskan.

Ziyolilar kengashining tashkil etilishi ham katta ahamiyatga ega. Chunki har qanday davlatning ziyolilari qanchalik bilimli va salohiyatli bo‘lsa, uning taraqqiyoti ham shunchalik yuksak bo‘ladi. Bu anjumandan ko‘plab yangi g‘oyalar va amaliy tashabbuslarni kutyapmiz», — dedi xalq o‘qituvchisi.

 


O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari, yozuvchi, shoira va publitsist Mehribon Abdurahmonova esa markaz bilan tanishuvni o‘zi uchun unutilmas sayohat sifatida baholadi.

«Bu markazga birinchi marta kelishim. Haqiqatan ham hayratdaman. Go‘yo o‘tmish va bugun o‘rtasidagi ajoyib sayohatga chiqqanday bo‘ldim. Bu yerdagi noyob eksponatlar, tarixiy ashyolar, zamonaviy ekranlar orqali namoyish etilayotgan ma’lumotlar menda katta qiziqish uyg‘otdi. Tarixga qiziquvchi inson sifatida bu tashrifdan juda ko‘p yangi ma’lumotlar oldim.

O‘ylaymanki, yurtimizning eng ilg‘or fikrli ziyolilari jam bo‘lgan ushbu kengash yangi tashabbus va g‘oyalarning maydoniga aylanadi. Bizni, avvalo, yoshlarimizning ongli, vatanparvar, ma’nan kuchli va ma’rifatli insonlar bo‘lib kamol topishi masalasi o‘ylantiradi. Ziyolilar ana shu maqsad yo‘lida o‘z fikri va takliflari bilan faol ishtirok etishi kerak», — dedi Mehribon Abdurahmonova.


Kengash faoliyati va markaz bilan ilmiy hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi, biologiya fanlari doktori, professor Ikrom Abdullayev akademiya olimlarining markaz ekspozitsiyalarini ilmiy mazmun bilan boyitish borasidagi ishtirokini qayd etdi.

 


Uning ta’kidlashicha, akademiya olimlari Jaloliddin Manguberdi, Xiva xonliklari va Pahlavon Mahmud hayoti hamda faoliyatiga bag‘ishlangan media loyihalarni tayyorlashda faol qatnashib kelmoqda.

«Xorazm Ma’mun akademiyasi birinchi Uyg‘onish davrining muhim ilmiy markazlaridan biri hisoblanadi. Shu bois uning tarixini Islom sivilizatsiyasi markazida keng yoritish alohida ahamiyatga ega. Hozirda akademiyamiz olimlari bilan hamkorlikda Xorazm Ma’mun akademiyasining tarixiy qiyofasi, o‘sha davrdagi binosining ko‘rinishi va ilmiy muhitini aks ettiruvchi media loyiha hamda maket tayyorlash bo‘yicha rejalar ustida ishlayapmiz. Bu orqali buyuk ilmiy merosimizni yanada kengroq namoyon etishni maqsad qilganmiz», — dedi Ikrom Abdullayev.

 

 


Ta’kidlash joizki, Respublika ziyolilar kengashi mamlakatning turli hududlaridagi ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va boshqa sohalar vakillarini umumiy maqsad atrofida birlashtirish, ularning fikr va tashabbuslarini tinglash hamda jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan takliflarni ishlab chiqishga qaratilgan.


Bugungi uchrashuv va markaz bilan tanishuv ham ana shu jarayonning muhim qismi bo‘lib, ishtirokchilarda milliy tariximizga daxldorlik, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazish mas’uliyatini yanada kuchaytirdi. 

iccu.uz

Ziyolilar kengashi a’zolari Islom sivilizatsiyasi markazida: tarixiy meros, milliy yuksalish va yangi tashabbuslar Ziyolilar kengashi a’zolari Islom sivilizatsiyasi markazida: tarixiy meros, milliy yuksalish va yangi tashabbuslar Ziyolilar kengashi a’zolari Islom sivilizatsiyasi markazida: tarixiy meros, milliy yuksalish va yangi tashabbuslar Ziyolilar kengashi a’zolari Islom sivilizatsiyasi markazida: tarixiy meros, milliy yuksalish va yangi tashabbuslar
O'zbekiston yangiliklari