Kun tarixi
18 noyabr' – O'zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog'i to'g'risida”gi qonuni qabul qilingan kun.
Bugun davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O'zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog'i to'g'risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 30 yil to'ldi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog'i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u er yuzining shu sarhadlarida mustaqil O'zbekiston davlati borligini anglatadi va o'zida milliy-madaniy an'analarimizni mujassamlashtiradi.
O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i xalqaro maydonda, jumladan, O'zbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog'ida, xalqaro tashkilotlarda, konferentsiyalarda, jahon ko'rgazmalarida, sport musobaqalarida O'zbekiston Respublikasining timsoli bo'ladi.
Bayrog'imiz o'zida butun O'zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g'ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo'stlikni mujassam etgan. Milliy bayrog'imizning davlat idora va muassasalari, o'quv yurtlari, O'zbekiston a'zo bo'lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma'rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha'ni, xalqimizning g'ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g'alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog'i baland ko'tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizni his qilamiz.
Davlat ramzlari har bir mamlakatning mustaqilligini ifodalovchi muborak belgidir. Respublikamiz davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o'zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug' kelajagimizga bo'lgan ishonchimiz ifodasidir.
Respublikamiz davlat bayrog'idagi ramzlar O'zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo'lgan davlatlar bilan tarixan bog'liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an'analarini o'zida mujassamlashtirgan.
Bayroqdagi moviy rang – uning ostida barcha millatlar turli xil xavf-xatarlardan xoli, emin-erkin holda ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Bayroqdagi oq rang – davlatimiz fuqarolarining o'zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag'rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Bu rang ko'pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo'lida o'zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug' sanaladi. Chunki u xalqning o'tmishi, buguni va kelajagini o'zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.
Haqiqatdan ham, hayotimizda ramz va timsollarning o'rni katta. Zero, milliy ramzlar or-nomus, shon-sharaf sanalgan. Shayx Najmiddin Kubroning jasoratini tarixdan yaxshi bilamiz. Hamon bu buyuk qahramonlik tildan tushmaydi, hanuzgacha xalqimizni vatanparvarlikka, qahramonlikka chorlaydi. Yurt bayrog'ini yov qo'liga topshirishni istamagan Najmiddin Kubro uni qo'lida mahkam tutgancha jon bergan edi. Dushman harchand urinmasin, uning qo'lidan bayroqni tortib ololmay, oxiri panjalari bilan kesib oladi. Tug'ini jonidan ortiq asragan To'maris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi o'nlab sarkardalar hayoti ham bugun avlodlarimizga katta ibrat. Aslida Vatan bayrog'ini ko'zga surtish, uni to'tiyo qilish Vatanni sevish, uning uchun jonini fido qilishga tayyor bo'lish deganidir.
Mustaqil davlatimiz bayrog'i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug' kelajagimizga bo'lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.
Bayrog'imizning balandligi yurtimizning obro'-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e'zozlaylik va boshimiz uzra baland ko'taraylik!
Muhammadi QORAYeV
7 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari uchun 2025-2026 o‘quv yili qabul imtihonlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov diniy ta’lim muassasalari uchun yangi o‘quv yili kirish imtihonlarini tartibli o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Muftiy hazratlari imtihonlarni adolatli va xolisona o‘tkazish, tartib-qoidalarga rioya etish, jarayonlar shaffof bo‘lishiga erishish hamda tegishli xonalar xavfsizligini ta’minlash, videokuzatuv kameralari bilan jihozlash kabi muhim jihatlarga diqqat qaratdilar. Shuningdek, imtihondan oldin abituriyentlar bilan o‘tkaziladigan suhbatlar ham belgilangan tartibda bo‘lishiga urg‘u berdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari imtihonlarni ochiq-oshkora va adolatli o‘tkazish orqali yosh avlod haq-huquqlarini ta’minlash, iqtidorli yoshlarga bilimlarini namoyon etishga imkoniyat berishni qayd etdilar. Shuningdek, imtihon olishga mas’ul ustoz va mutaxassislar Alloh taolo huzurida ham, xalqimiz oldida ham ulkan mas’uliyatni chuqur his etishi hamda nomaqbul illatlardan saqlanishlariga katta diqqat qaratdilar.
Madrasalarga kirish imtihon savollari umumta’lim maktab dasturlari asosida, Oliy diniy ta’lim muassasalari uchun kirish imtihon savollari esa madrasa ta’lim dasturlari asosida bo‘lishi ham alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida quyidagi muhim vazifalar belgilab olindi:
– Qabul jarayonlarini namunali tashkil etish;
– Yuqori darajada xavfsizligi ta’minlangan elektron dasturlardan foydalanish;
– Abituriyentlar uchun munosib sharoitlarni yaratish;
– Abituriyentlarga test sinovlaridagi huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
– Imtihon jarayonini videokuzatuv qurilmalari orqali nazorat qilish;
– Ota-onalar uchun kutish joylarini tayyorlash;
– Imtihon jarayonlarini namoyish etish uchun ekranlar o‘rnatish.
Qabul imtihonlari muvaffaqiyatli o‘tishini tilab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati