Bugun, 17 noyabr' kuni Qirg'iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Zamir hoji Rakiyev boshchiligidagi bir guruh ulamolarni Ho'jaobod tumani Do'stlik chegara posti orqali Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Martabali mehmonlarni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov hamda Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimovlar kutib olishdi.
Andijon viloyatining Bosh masjidi – "Devonaboy" jomesida ikki qardosh xalq ulamolari ishtirokida uchrashuv o'tkazildi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov mehmonlarni tashrif bilan qutlab, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlarining salom va hadyalarini etkazdi.
* * *
Kuning ikkinchi yarimida Qirg'iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Zamir Rakiyev, Qirg'iziston Islom universiteti rektori Abdushukur Normatov, muftiy maslahatchisi Abdubannop Musaliyev, O'sh shahar qozisi Ubaydulla Saribayev, taniqli olim Abdulaziz Yuldashev kabi bir guruh ulamolar Farg'ona viloyatiga tashrif buyurishdi. Mehmonlarni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligidagi mutasaddilar kutib olishdi.
Dastlab, mehmonlar ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda so'zga chiqqanlar ikki qo'shni va qardosh yurt o'rtasidagi munosabatlar, hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to'xtalib, ikki yurt rahbarlari va xalqlari doimo ana shunday do'stona ruhda emin-erkin hayot kechirishlarini so'rab duoga qo'l ochdilar.
Shundan so'ng Marg'ilon shahridagi "Hunarmandlar markazi"ga tashrif qilinib, bu erda olib borilayotgan ishlar bilan tanisharkan, qo'li gul hunarmandlar tomonidan ajib bir sinoat ila to'qilayotgan bejirim matolar hamda bu erdagi jarayon mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Mehmonlarning navbatdagi tashrif manzili "Pur Siddiq" majmuasi bo'ldi. Majmuada tilovat qilinib, o'tgan azizlar haqqiga duo qilindi.
* * *
Kuning yakunida Qirg'iziston muftiysi boshchiligidagi ulamolar Namangan viloyatiga tashrif buyurishdi
Mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, fuqarolarga yaratib berilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Qirg'iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Zamir Rakiyev boshchiligidagi ulamolar delegatsiyasi Namangan shahridagi Afsonalar vodiysida joylashgan “Yusufxon o'g'li Qosimxon” masjidiga keldilar.
Mehmonlar O'rta Osiyoda o'xshashi yo'q bo'lgan, davlat rahbari Shavkat Mirziyoevning diniy sohada olib borayotgan islohotlari samarasi o'laroq qurilgan masjidda mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimizning farovonligi uchun duo qildilar hamda ikki mamlakat o'rtasida diniy-ma'rifiy sohadagi hamkorlik bo'yicha kelishib oldilar.
Qirg'izistonlik ulamolarning yurtimizga tashrifi davom etmoqda.
Tashrif tafsilotlarini sayt va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizda kuzatib boring.





















































O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bu hadisi sharifda odobning ulug‘ asoslaridan biri bayon etilgan.
Ba’zi olimlar bu hadisni ilmning uchdan biri deyishgan, boshqalari esa ilmning to‘rtdan biri yoki Islomning to‘rtdan biri deganlar.
Abdulloh ibn Abu Zayd aytadi: «Barcha yaxshi odoblar to‘rtta hadisdan o‘rganiladi, ulardan biri Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shu hadislaridir: “Kishining o‘ziga foydasi yo‘q ishni qilmasligi uning Islomi go‘zalligidandir”».
Imom Abu Dovud aytadi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan besh yuz mingta hadisni yozib oldim, ularning to‘rt mingi sobit (ishonchli) bo‘lib, ular bu to‘rtta hadisda ifodalangan:
“Amallar niyatlarga bog‘liq”;
“Kishining foydasi yo‘q shni qilmasligi uning Islomi go‘zalligidandir”;
“Halol aniq va oydindir, harom ham aniq va oydindir”;
“Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham yaxshi ko‘rmaguncha mo‘min bo‘lmaydi” (Ba’zi rivoyatlarda uning o‘rniga “Dunyoga ko‘ngil berma, Alloh seni sevadi” hadisi kelgan)».
Biz o‘rganayotganimiz hadis musulmonni o‘ziga ahamiyatli bo‘lmagan narsalar haqida gapirishdan, foydasiz ishlarni qilishdan qaytaradi.
“Foydasiz ishlarni qilmasligi”, degani kishiga taalluqli bo‘lmagan gap, ish va hamma narsalardir, ya’ni uning dini va dunyosida foydasi bo‘lmagan, Alloh taoloning roziligini topishda to‘siq bo‘ladigan narsalardir.
Ibn Rajab rahmatullohi alayh aytgan: “Foydasiz ishni qilmaslikdan murod tilni behuda gaplardan saqlashdir”.
Musulmonning o‘ziga foydasi bo‘lmagan ishni qilishi Islomining go‘zalligini kamaytiradi va salbiy natijalarga sabab bo‘ladi.
Qalbing qattiqlashishiga, tanasining zaiflashishiga va rizqning tang bo‘lishiga olib keladi.
Luqmoni Hakimdan: “Qaysi amalingizni ishonchliroq deb bilasiz?” deb so‘raganlarida, u: “Menga foydasi bo‘lmagan ishni qilmadim”, deb javob berganlar.
Molik ibn Dinor aytganlar: “Agar qalbingda qattiqlik, tanangda zaiflik va rizqingda tanglikni ko‘rsang, bilginki, sen o‘zingga foydasi bo‘lmagan gaplarni gapirgansan”.
Kishi yoqtirmaydigan narsalarni eshitishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bir kishi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuning yoniga kirganida, u oyoq kiyimini yamayotgan edilar. U kishi: “Ey Abu Abdurrahmon, shu oyoq kiyimni tashlab, yangisini olsangiz-chi!” dedi. Ibn Umar unga: “Oyoq kiyimim bilan nima ishing bor? O‘z ishingga qara”, dedilar.
Foydasiz narsalar vaqtni zoye qiladi.
Bugungi kunda ko‘p odamlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘zlariga tegishli bo‘lmagan, hatto ularning qiziqish doirasiga kirmaydigan xabarlarni kuzatish bilan mashg‘uldirlar. Agar ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning bu hadislariga amal qilganlarida, vaqtlarini dinlari yoki dunyolarida foyda keltiradigan narsalarga sarflagan bo‘lar edilar.
Ko‘p savobdan quruq qolishga sabab bo‘lishi mumkin.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Agar biringiz Islomini go‘zal qilsa, olamdan o‘tgach, uning qilgan har bir yaxshi ishiga o‘n barobaridan yetti yuz barobargacha yoziladi. Har bir gunoh faqat o‘zicha yoziladi” (Muttafaqun alayh). Musulmon o‘ziga tegishli bo‘lmagan gapni gapirsa, javobgar bo‘ladi.
Imom Abu Ya’lo va Imom Bayhaqiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam zamonlarida bir kishi shahid bo‘ldi. Bir yig‘lovchi ayol yig‘lab, unga: “Voy, shahidim!” dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Uning shahid ekanini qayerdan bilasan? Ehtimol, u o‘ziga foydasiz narsani gapirgan yoki molini kamaytirmaydigan narsada baxillik qilgan bo‘lishi mumkin”.
Odamlar orasidagi totuvlikni buzuvchi va mehrni yo‘qotuvchi sabablardan biridir.
O‘zgalarning shaxsiy ishlariga aralashish va aloqasi bo‘lmagan ishlarga bosh suqish ana shularga sabab bo‘ladi. Agar u Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning tavsiyalariga amal qilganida, unday qilmagan bo‘lar edi.
Alloh bir bandaga g‘azab qilsa, uni o‘ziga foydasi bo‘lmagan narsalar bilan mashg‘ul qilib qo‘yadi.
Abu Dujona roziyallohu anhuning tarjimayi holida aytilishicha, u kishi kasal bo‘lganida do‘stlaridan biri uning yoniga kirdi. Yuzi yaltirayotgan edi. “Nega yuzingiz yaltirayapti?” deb so‘raganida, u kishi: “Men uchun eng ishonchli amalim ikki narsa: o‘zimga foydasi bo‘lmagan narsani gapirmas edim va qalbimda musulmonlarga nisbatan g‘araz yo‘q edi”, dedi (“Siyarul a’lom an-nubalo”).
Imom Molik aytganlar: “Kishi o‘ziga foydasi bo‘lmagan narsani qilmay, o‘ziga foydali narsa bilan mashg‘ul bo‘lmaguncha najot topmaydi”.
Musulmon o‘ziga foydasi bo‘lmagan narsalardan yiroq bo‘lib, Islomini go‘zallashtirishi kerak. Kim behuda ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsa, demak, uning toat-ibodatlarida qusur bor.
Hakimlar: “O‘zingni toat bilan mashg‘ul qilmasang, u seni ma’siyat bilan mashg‘ul qiladi”, deganlar.
Toshkent islom instituti prorektori
Hoshimxon AMANOV
tayyorladi.
(J. Shodiyev uyushtirdi).
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 12-sonidan