Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Ayol kishining safar qilish odobi va shartlari

17.11.2021   13454   14 min.
Ayol kishining safar qilish odobi va shartlari

Imom G'azzoliy rahmatullohi alayhi: "Safar yaxshi, yomon va mubohga taqsimlanadi", degan. Yaxshi safar hajga va ilm talabiga o'xshash safar bo'lsa, farz bo'ladi. Shuningdek, ulamolarning ziyoratiga o'xshash ishlar bo'lsa, mandub bo'ladi. Yomon safar ota-onasiga oq bo'lish ila bo'lsa, harom, vabo tarqalgan joydan chiqish bo'lsa, makruh bo'ladi.

Safarning mubohligi niyatga bog'liq bo'ladi. Misol uchun, bir kishi safarga chiqdi. Uning niyati — tilanchilikdan saqlanish, ahli-ayoliga muruvvatli bo'lish, hojatidan ortig'ini sadaqa qilish. Bunday safar mazkur niyat ila oxirat ishiga aylanadi. Bir odam haj safariga chiqdi. Niyati – riyokorlik bilan va xo'jako'rsinga haj qilish. Bunday safarda oxirat uchun, degan niyat yo'q. Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, amallar Niyatga bog'liqdir", deganlar.

Safarga borilayotgan yurtda insonga zarur bo'lgan quyidagi besh narsani muhofazasi uchun kafolat bo'lmasa safar qilib bo'lmaydi:

  • Hayotiga tahdid bo'lsa.
  • Dini va e'tiqodi buzilishiga harakat qilinadigan joy bo'lsa.
  • Moliga tajovuz qilinsa.
  • Obro'sini tushiradigan ish bo'lsa.
  • Salomatligiga putur etsa.

Safarda maqsad hosil bo'lgach, tezda uyga qaytish lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Safar azob-uqubatning bir ko'rinishidir. Sizlardan biringiz safarga chiqsa, taomi, ichimligi va uyqusidan to'la bahra ololmaydi, (safarda) istagi hosil bo'lsa, oila-ahliga shoshilsin", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Safar odoblari va hukmlari erkak va ayollar borasida farqlanadi. Erkaklarning erklari o'z qo'llarida bo'lib, ular o'z xohishlariga ko'ra safar qila oladilar. Ammo ayollarda bunday emas. Ular agar turmush qurgan bo'lsa, turmush o'rtoqlari roziligi va hamrohligi bilan, agar oila qurmagan bo'lsa otasi yoki mahramlari bilan safar qilishlari lozim.

Shu o'rinda safar masofasi haqida ham so'z yuritib o'tamiz. “Kifoya“ kitobida quyidagicha berilgan: "Hanafiy ulamolarning ko'plari: "Safar farsaxlar bilan o'lchanmaydi", deganlar. Boshqa mazhablar: "Safar masofasi to'rt barid bo'lsa, shar'iy safar bo'ladi va unda namozni qasr o'qishga ruxsat bo'ladi", deydilar.

"Barid" masofa birligi bo'lib, bir barid masofa to'rt farsaxga, hadisda kelgan to'rt barid esa o'n olti farsaxga to'g'ri keladi. Bir farsax 5544 metr, to'rt farsax 22176 metr bo'ladi. To'rt barid esa 88704 metr bo'ladi.

"Barid" lug'atda "pochta" ma'nosini bildiradi. Ilgari vaqtda Islom o'lkalarida pochta ishlari otda yurib amalga oshirilgan. Shaharlar orasidagi pochtaxonalar ma'lum masofaga qurilgan. Bir barid bilan ikkinchisining orasi to'rt farsax, ya'ni 22176 metr bo'lgan. Har pochtaxona – baridda xodimlar otlarini boqib, shay bo'lib turganlar, avvalgi baridning xodimlari uzoqdan ko'rinishi bilan yo'lga tayyor bo'lib otni minib turganlar. Ular kelib, pochtani topshirishi bilan bular ot choptirib, olg'a bosganlar. Birinchi va ikkinchi pochtaxona orasidagi masofa o'sha vaqtning taomiliga ko'ra, "barid" deb aytilgan.

Ushbu biz o'rganayotgan rivoyatga ko'ra, to'rt barid, ya'ni 88 km 704 metr joyga safar qilgan odam musofir hisoblangan.

Hanafiy mazhabi o'lchoviga ko'ra, 96 km masofa safar masofasi hisoblangan.

Ba'zi ulamolar yuqorida zikr qilingan vaqt va sharoitda piyoda yurib, har qadamini o'lchab, uch kunlik yo'l 88 km bilan 96 km orasida chiqishiga guvoh bo'lganlar.

Ular tuyaga yuk yuklab, yurgizib ko'rib ham xuddi shu kabi natijaning guvohi bo'lganlar.

Nihoyat, ikki tarafning uslubi ikki xil bo'lsa ham, natija bir xil ekan, degan xulosaga kelganlar. Mana shu miqdordagi yo'lni ayol kishi mahramsiz o'tishi harom amaldir. Bu boradi bir necha hadislar vorid bo'lgan.

  • Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ayol kishi aslo uch kecha kunduzlik masofaga mahramsiz safar qilmasin", dedilar“.
  • Abu Said Al-Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taologa va oxirat kuniga iymon keltirgan ayolga uch kun va undan ko'p bo'lgan safarga otasi yoki akasi yoki eri yoki farzandi yoki biror mahramisiz chiqishi halol bo'lmaydi", dedilar.
  • Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamni: "Muslima ayol kishiga eri yoki mahramisiz haj qilishi mumkin emas", deyayotganlarini eshitdim.
  • Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilarki, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam xutba qilayotib: "Hargiz bir erkak bir ayol kishi bilan xoli qolmasin, agar ayolning mahrami bo'lsa, mayli, ayol kishi zinhor safarga mahramsiz chiqmasin", dedilar. Shunda bir kishi o'rnidan turib: "Yo Allohning Rasuli, mening ayolim hajga chiqdi, men esa falon joyda bo'ladigan g'azotga yozildim", dedi. U Zot sollallohu alayhi vasallam unga: "Sen borib ayoling bilan birga haj qil!" dedilar.

Ushbu hadisdan ko'rinib turibdiki, ayol kishini hatto hajga ham yolg'iz o'zini yuborib bo'lmas ekan. Hatto Allohning, dinu diyonatning yo'lida qilinadigan jihodni qo'yib bo'lsa ham, ayolning mahrami bo'lib hajga borish lozim ekanligi ta'kidlanmoqda. Chunki safar mashaqqat va xavfdan xoli emas. Mo'mina ayollarni mashaqqat va xavfda yolg'iz qoldirishga uning mahramlarining erkaklik g'ururlari ham yo'l bermasligi kerak. Yo'lda ayolning xizmatini qilib, qiyinchiliklardan, xavf-xatar va turli ko'ngilsizliklardan himoya etishi kerak.

Mana shu hadislarga binoan ayol kishi faqat mahramlari bilan safarga chiqishlari lozim bo'ladi.

Safarga birga chiqishi mumkin bo'lgan mahramlar haqida ham ma'lumot keltirib o'tsak: "Mo'minalarga ham ayting, ko'zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko'rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko'rsatmasinlar va ro'mollarini ko'kraklari uzra tushirib olsinlar! Ular zeb-ziynatlarini erlari, yo otalari, yo erlarining otalari, yo o'g'illari, yo erlarining o'g'illari, yo o'zlarining aka-ukalari, yo aka-ukalarining o'g'illari, yo opa-singillarning o'g'illari, yo o'zlari (kabi) ayollar, yo qo'l  ostilaridagi (cho'ri)lar, yoki ayollardan behojat bo'lgan (ya'ni juda keksayib qolganlar, hunasalar, yoki aqlsiz-devonalar kabi) erkak xizmatkorlar, ayollarning avratlaridan xabardor bo'lmagan yosh bolalardan boshqa kishilarga ko'rsatmasinlar! Yana yashirgan ziynatlarini bildirib, oyoqlarini (erga) urmasinlar! Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo'minlar! Shoyad (shunda) najot topsangiz"(Nur surasi, 31-oyat).

Islom ummatining baxt-saodatga erishishi uchun barcha narsani batafsil bayon etib bergan Qur'oni Karim ayollarning ziynatlarini ko'rsatishi mumkin bo'lgan umr yo'ldoshidan tashqari mahram erkaklarni umumiy hukmdan istisno tarzda birma-bir bayon etgan. Buning hikmati oyatda zikr qilingan erkaklar bilan ayolning doimiy muomalada bo'lish zaruratidir. Bu zikr qilingan erkaklar ayol ila qarindoshlik rishtasi bilan bog'liq va fitnaga o'rin yo'q. Demak, ayolning mahramlari bilan tanishib chiqamiz.

  1. Er. Er xotinning barcha joyiga, butun vujuduga qarashi mumkin. Yana oyatda istisno etilgan a'zodan tashqari barcha a'zolardan manfaatlanishi mumkin;
  2. Ota va bobolar. Ayolning ota va ona tomonidan otalari;
  3. Erning otasi (qaynotasi);
  4. Ayolning o'z o'g'illari, erning o'g'illari (o'gay o'g'illari) va nabiralari;
  5. Ayolning qarindoshi (aka-uka,opa-singil)lari. Hoh ota-onasi bir, xoh faqat ona, yoki ota bir qarindoshi bo'lsin, farqi yo'q;
  6. Qarindosh (aka-uka, opa-singil)larining o'g'illari;

Sanab o'tilganlarning barchasi ayolga mahram hisoblanadi. Bular oldida ziynatlarini ochish mubohdir. Alloh taolo yuqoridagi oyatda amaki va tog'alariga oid hukmni bayon etmagan. Fiqh ilmi olimlarning fikriga ko'ra, amaki va tog'alarning hukmlari ham mahramiyat e'tiboridan yaqinlik darajalari sanalgan kishilar bilan birdir. Amaki va tog'alar ota hukmida bo'lgani uchun oyatda alohida sanalmagan. Oyatda aytib o'tilgan qarindosh erkaklar ayolning mahrami bo'lgani kabi emikdosh (bir onaning sutidan ozuqalangan) aka-ukalar ham ayolning mahramilari hisoblanadi.

Agar kuyovi, jiyani, erining boshqa ayolidan o'g'li, emizish yo'liga ko'ra mahramlari fosiq bo'lsa ular bilan bilan safar qilinmaydi. Mana shular agar balog'at yoshiga etgan aqli raso bo'lsa safarda hamroh bo'lishi joiz hisoblanadi.

Imom Zaylaiy: "Majusiylik diniga e'tiqod qiladigan mahramlar bilan safar qilib bo'lmaydi. Chunki ularning e'tiqodiga ko'ra mahramlar nikohi joiz".

Ayol kishining mahramsiz safar qilishi mumkin emasligiga avvalo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir necha hadislarini dalil qilamiz.

Keyingi sabab, fitna ko'payishida qo'rqib mahramsiz safar qilmasin deymiz. Chunki ayol kishi eng katta fitnalardan hisoblanadi va ushbu fitna keng ommalashishini oldini olish esa vojib amallardan biri hisoblanadi.

Islom shariatida ayol kishining zimmasiga hajning farz bo'lishining shartlaridan biri yuqorida aytib o'tganimizdek, safarda u bilan birga mahramining bo'lishidir. Mahrami bo'lmagan yoki bo'lsa ham, birga haj safariga chiqishga qodir bo'lmasa, unday ayollarga haj ibodati farz emas. Agar shu holatda ular mahramsiz hajga borsalar, ularning hajlari makruhi tahrimiy bilan ado bo'ladi. Mahramdan murod xoh nasab jihatidan bo'lsin, xoh emikdoshlik jihatidan bo'lsin, xoh nikoh jihatidan bo'lsin, nikohi abadiy joiz bo'lmagan kishilardir.

Shariatimiz safar mobaynida ayol kishining mahrami doimo birga bo'lishini talab qiladi. Maqolaning avvalida aytib o'tganimizdek, dinimiz ayollarning iffati, hayosi va ularning zaifaliklarini e'tiborga olib, ba'zi xizmatlari mahramlari tomonidan ado qilinishi lozimligini qattiq ta'kidlaydi. Shuning uchun bir ayol o'z vatanidan mahramsiz haj safariga chiqib, Makkai Mukarramada mahrami bilan ko'rishishni niyat qilsa ham, uning safari joiz emas. Hattoki aeroportdan bir mahrami kuzatib qo'yib, boshqa manzilda boshqa bir mahrami kutib oladigan bir necha soatlik safar ham ayol kishi uchun joiz emasdir.

"Ayol kishi xoh yosh bo'lsin, xoh qari bo'lsin u bilan Makka orasidagi masofa uch kunli yo'l bo'lsa, unday ayol haj safariga chiqishi uchun mahrami bo'lishi shart. Muhitda shunday kelgan"(Fatvoi hindiya).

Islom eng nozik xilqat sanalmish ayollarning izzat-obro'larini har qanday holatda ham e'tibordan chetda qoldirmaydi. Ana shu holatlardan biri safar holati bo'lib, shariatimizda ular haqida ham o'ziga xos ko'rsatmalar mavjud. Yaqin masofaga safar qilishda umumiy holatda xavf-xatar uchramaydi. Shuning uchun ayollarning mahramsiz safar qilishlariga ruxsat beriladi. Lekin ana shu yaqin masofaga ham mahrami olib borib qo'yishi ayol kishining izzat-ikromidir. Piyoda yurganda uch kecha-kunduzlik masofaga mahramsiz safar qilish harom sanaladi.

Abu Sa'iyd Hudriy roziyallohudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ayol uchun uch kunlik va undan ortiq masofaga otasi yoki o'g'li yoki eri yoki aka-ukasi yoki mahram qarindoshisiz safar qilishi xalol bo'lmaydi", dedilar.

Islom bunday safarni balog'atga etgan ayollar va balog'at arafasidagi qizlar uchun harom qilgandir. Ayol kishi tabiatan nozik bo'lib, safar mobaynida turli xil zarurat va ehtiyojlarga duchor bo'ladi. Holbuki, ularning izzat va obro'larining himoyasi muhim bir masala hisoblanadi. Shuning uchun ular safarga o'zlarining mahramlari bilan chiqishlari zarurdir. Balog'at yoshiga etmagan mahram esa o'zi ham bu narsalarga muhtoj hisoblanadi.

Demak, balog'at yoshiga etmagan mahramning safarda ayol kishi bilan birga bo'lishi yoki bo'lmasligi barobar bo'lib, bunda ayol kishi mahramsiz safar qilgan hisoblanadi. "Balog'atga etmagan bolaning mahramlikda e'tibori yo'qdir"(Fatovoi al-Hindiya).

 

Robiya MANNOBJONOVA,

Toshkent Islom instituti 403-guruh tolibasi.

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   36324   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari