Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Inson doimo Alloh taoloning ne'matiga burkanib yashaydi. Shunday ekan u hamisha ne'matlarga shukr qilishga muhtoj. Son-sanoqsiz ne'matlar ichra bilib-bilmay gunohkor bo'lgani uchun o'z-o'zidan tavba va istig'forga ham muhtojdir. Demak, banda ne'matlar ichra yasharkan tavba va istig'forni o'ziga lozim tutmog'i kerak. Zero u xatodan xoli emas. Hatokorlarning eng yaxshisi esa tavba va istig'for aytuvchilaridir. Ushbu maqolamizda ana o'sha istig'forning hukmlari va fazilatlarigaga qisqacha to'xtalamiz. Alloh taolo o'zi manfaatli qilsin.
Istig'forning hukmlari.
Hoh o'zi uchun xoh boshqasi uchun istig'for aytish ulkan ibodat hisoblanadi.
Istig'for aslida mustahab amal: Alloh taolo marhamat qiladiki: “Allohdan mag'firat so'ranglar! Albatta, Alloh mag'firatli va rahmlidir”, (Muzzammil surasi, 20-oyat). Ushbu oyatdagi buyruq ulamolar tomonidan mustahabga haml qilinadi. Chunki, dinimiz gunoh qilmasakda istig'for aytishni matlub sanaydi. Shuning uchun kishi o'ziga, ota-onasiga, muslim va muslimalarga ularning tiriklarigayu o'tganlariga istig'for aytadi.
Istig'for goho mustahab darajasidan vojib darajasiga chiqadi. Masalan, bir kishi gunoh qilib qo'ysa darhol ortidan tavba va istig'for aytmog'i lozimdir.
Istig'forning harom o'rinlari ham mavjud bo'lib, bu kofirlarning haqqidadir. Alloh taolo o'zining kalomida ochiq-oydin keltirganki: “Na payg'ambar va na mo'minlar mushriklar uchun, garchi ular qarindoshlari bo'lsa ham ularning do'zax ahli ekanliklari ma'lum bo'lgandan keyin – istig'for (gunohlarini kechirishini) so'rashlari joiz emas.
Ibrohimning (o'z) otasi uchun istig'for so'rashi faqat unga qilgan va'dasi tufayli edi. Allohning dushmani ekanligi bilingandan keyin undan (otasidan) voz kechdi. Albatta, Ibrohim oqko'ngil va halimdir”.
Bu toifadagi insonlarga e'tiqodlari fosid bo'lganligidan istig'forning hech manfaati bo'lmaydi. Shuning uchun ham Alloh taolo o'z kalomida bizni bu ishdan qaytarmoqda.
Bandaning istig'forga muhtojligi.
Istig'for ulkan ibodat bunga shubha yo'q. Uning ulkanligi shundaki, payg'ambarlar bu amalda bardavom bo'lganlar va o'z ummatlarini ham muntazam istig'forga da'vat etganlar. Inson Alloh taologa doimiy muhtoj, uning Robbisiga bo'lgan ehtiyoji ham hech qachon tugamaydi. Kerak bo'lsa har soat, har daqiqa, har soniya va har bir holatida ehtiyoj bor. Afsuski, buni tushinish uchun insonda ilmu-ma'rifat bo'lishligi darkor. Bandaning Alloh taoloni tanishi qanchalik ko'p bo'lsa, istig'fori ham shunchalik ko'payib boraveradi. Albatta bu ishda ham avvalgi o'rinni Allohning payg'ambarlari, ulardan so'ng avliyoullohlar va ulamolar egallaydi. Alloh taolo kalomida marhamat qiladi: “Allohdan bandalari orasida ulamolargina qo'rqurlar. Haqiqatan, Alloh qudratli va mag'firatlidir”, (Fotir surasi, 28-oyat).
Shuning uchun ham ulamolar avvalo o'zlari, qolaversa boshqalarni ham istig'forga da'vat qiladilar. Istig'for aytishlik bilan inson nafaqat gunohlardan poklanadi balki rizqini keng bo'lishi, ishlarini engillashishi, turli yomonliklardan omonda bo'lishiga ham sababchi ekaligini Qur'on va sunnatda kelgan ko'rsatmalardan bilishimiz mumkin. Ulug'lardan birlari istig'for haqida shunday deydilar:
“Istig'for bandani makruh ishdan mahbub ishga, noqis amaldan mukammal amalga va maqomi adnodan maqomi a'loga olib chiqadi”.
Kundalik hayotimizda ham ba'zan o'zimiz bilib-bilmay do'stlarimizni, yaqinlarimizni, ahli-ayol farzandlarimizni xafa qilib qo'yishimiz hammamizdagi bor odat. Mana shunday vaqtlarda ham ulardan uzr so'rab Alloh taologa istig'for aytsak salafu-solihlar yo'lini tutgan bo'lamiz. Bir kuni Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu o'zining tilini achchiqligidan, ahli-ayoliga qattiq gapirib qo'yayotganligidan afsuslanib payg'ambarimizning huzuriga keldilar. Sarvari koinot sollollohu alayhi vasallam unga: “Istig'for aytgin e Huzayfa, men ham bir kunda etmish marotaba istig'for aytaman dedilar”. Imom Ahmad, Imom Dorimiy rivoyatlari.
Banda istig'forga shu darajada muhtojki, hatto qazoi hojatda ham ehtiyoji bor. Masalan hojatxonadan chiqqach darhol “g'ufronaka” (mag'firatingni so'rayman), demoq mustahabdir. Buning sababida ulamolar ikki xil fikr bildirganlar. Birinchisi, jismning aziyati ketgach gunohning aziyatini eslash munosib bo'lgani uchun. Ikkinchisi, ne'matni shukrini izhor qilishdan ojiz bo'lganligi uchun istig'for aytiladi.
Istig'forning fazilati.
Istig'forning fazilati haqida kelgan oyat va hadislarning barchasi bu ibodatning naqadar ulug'ligi va hayru-barakasi ko'pligiga dalolat qiladi.
Albatta, namoz, ro'za, haj kabi ibodatlarning ma'lum vaqtlari bor. Istig'forning esa muayyan vaqti yo'q bo'lsada, sahar vaqtlari eng munosib vaqtligini dalillardan bilib olish mumkin. Alloh taolo marhamat qiladi: “Saharlarda ular (Allohdan) mag'firat so'rar edilar”, (Vaz- zoriyot, 18-oyat).
Sahar vaqtida qilingan duolar ijobatga yaqinroqdir. Chunki bu vaqtda tirikchilik tashvishlari, ko'ngilni bezovta qiluvchi narsalar bo'lmagani uchun, ibodatda o'qilgan narsalar qalbga yaxshiroq o'rnashib, jimlik hukm surgani uchun inson o'z qilmishlarini tafakkur qilib astoydil tavba qilishlik imkonini beradi. Hadislarda Alloh azza va jallani o'z azamatiga loyiq tarzda dunyo osmoniga tushib “...Istig'for aytuvchi bormi, men uni mag'firat qilaman” (Buxoriy va Muslim rivoyati), demoqligi ham zikr qilinadi. Shuning uchun ham Ya'qub alayhissalomning o'g'illari otalaridan “Ey, ota, Allohdan bizlarning gunohlarimizni mag'firat qilishini so'rang” deganlarida “U aytdi: “Albatta, Robbimdan sizlarni mag'firat qilishini so'rayman. Albatta, mag'firat qiluvchi va mehribon zot Udir” (Yusuf surasi, 98-oyat), dedi. Suyukli payg'ambarimiz ham garchi Allohning habibi, gunohlari kechirilgan bo'lsada istig'forni o'zlariga lozim tutganlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki: “Allohga qasamki men bir kunda yuzdan ortiq istig'for aytaman”, dedilar.
Ba'zi salaflar aytdilar: “Ba'zi insonlar gunoh amallarni qiladilar va jannatga kiradilar va ba'zi insonlar savob ishlarni qiladilar va do'zax ahlidan bo'ladilar. Shunda odamlar so'raydilar, bu qanaqasi? Odamlar bilib-bilmay gunoh ishlarni qilib so'ng ortidan tavba qiladilar, qilgan ishlariga pushaymon bo'ladilar. Har qachon o'sha gunohlarini eslasalar nadomat chekib yig'lab istig'for aytadilar va ularning bu ishlari Alloh taoloning rahmat-mag'firatiga sabab bo'lib, jannatga doxil bo'ladilar. Yana shunday odamlar borki, savob amallarni qilib, odamlarga yaxshiliklar qilib, buni esdan chiqarmaydilar va doim qilgan ishlaridan g'ururlanib kibrga ketadilar. Va holbuki ularni shu ishlarga yo'llab qo'ygan zotni esdan chiqaradilar, uning hidoyati sabab ekanligini xotirlamaydilar, oxir-oqibat do'zaxh ahlidan bo'ladilar”.
Istig'for hayotimizni oson va mazmunli qilishiga Qur'on va hadisdan dalillar.
Boy bo'lishni xohlaysizmi? Unda istig'for ayting. Alloh taolo aytadi: “Sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog'lar (ato) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur. (Nuh surasi, 12-oyat)
Tinch xotirjam hayot kechirishni istasangiz istig'for ayting. Zero Robbimiz marhamat qiladi: “Robbingizga istig'for aytinglar, so'ngra Unga tavba qilinglar. (Shunda) U Zot sizlarni ma'lum muddatgacha yaxshi rohatlar ila bahramand qilur va har bir fazl egasiga fazlini berur. Agar yuz o'girib ketsangiz, bas, albatta, men sizlarga ulug' kunning azobi bo'lishidan qo'rqaman. (Hud surasi, 3-oyat)
Qurg'oqchilikdan omonda bo'lishni istasangiz istig'for ayting zero janobi Haq shunday deydi: “Bas, dedimki: -Robbingiz (Alloh) dan mag'firat so'rangizlar, U o'ta kechirimli zotdir. (Shunda U) ustilaringizga osmondan yomg'ir yog'dirur. (Nuh surasi, 10-11-oyatlar)
Farzandli bo'lishni xohlasangiz istig'for ayting. Alloh taolo aytadi: “Sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog'lar (ato) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur. (Nuh surasi, 12-oyat)
Jismonan va ruhan baquvvat bo'lishni xohlasangiz istig'forni kanda qilmang. Istig'for qalbga va badanga ajib bir quvvat beradiki, buning natijasida hayotiy ranju-alamlarni engib o'tishga ko'nikma xosil bo'ladi. Alloh taolo aytadi: “Ey, qavmim! Robbingizdan mag'firat (kechirim) so'rang, so'ngra Unga tavba qiling, shunda U osmondan (yomg'ir) yog'dirar va quvvatingizga quvvat qo'shar. Jinoyatchi bo'lib ketmanglar!”
Shaytonni g'azablantirmoqchi bo'lsangiz istig'forni lozim tuting.
Hadisda kelishicha: “Shayton: “Gunohlar tufayli odamlarni halok qildim lekin odamlar meni “Laa ilaha illalloh va istig'for” bilan o'ldiradilar”, deb aytadi. (Imom Ahmad rivoyati).
Astag'firullohal 'aziym va atubu ilayh!
Astag'firullohallaziy laa ilaaha illa huva va atubu ilayh!
Abdug'ofur Niyozqulov,
O'MI Fatvo bo'limi mutaxassisi.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi