frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Islom bag'rikenglik dinidir

16.11.2021   5499   5 min.
Islom bag'rikenglik dinidir

Shukrlar bo'lsinki, bugun yurtimizdagi o'ttiz to'rt milliondan ziyodni tashkil etayotgan xalqimiz tinchlik, osoyishtalikda hayot kechirmoqda. Albatta buning asosiy negizi millatlararo totuvlik, dinlararo  bag'rikenglikka borib tutashadi. Bir yuz o'ttizdan ziyod millat va elat vakillari ahil inoqlqlikda, shu yurtning ertasi uchun kamarbasta bo'lib yashayotganligi har birimizning ko'zimizlarimizni quvnatmoqda.

Shunday ekan yurtning ertasi, farzandlarimizning iqboliyu, kamolini o'ylagan har bir shaxs doimo ogoh va hushyor turishligi ham muhimdir. Dunyo sahnida insoniyat bino bo'libdiki, uning hayoti doimo bir tekisda kechmaydi. Balki turli tuman qarama qarshilik, ziddiyatlardan iboratdir. Bugun ko'pgina jamiyatlar uchun asosiy xavf-xatar milliy va diniy nizoning paydo qilinishligidir.

Muqaddas dinimizda millat ajratish johillik deb qaraladi. Islom  tarixiga nazar tashlasak payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning atrofidagi sahobalarining ichida ham turli millatga mansub kishilar bo'lganligi, u zot sollallohu alayhi vasallam doimo boshqa e'tiqod vakillari bo'lmish yahudiy, nasroniy xatto bud sanamlarga sig'inadigan qatlam bilan ham kengashib yashaganliklari ma'lum va mashhurdir.

Chunki Alloh taolo qur'oni karimda shunday xitob qilgan:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ

إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ   (سُورَةُ الحُجُرَاتِ/).13

ya'ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).

Diqqat bilan e'tibor bersak ushbu muborak oyati karimada Alloh taolo butun boshli insoniyatga xitob o'laroq, ularning barchasining ota-onasi bir ekanligini eslatish bilan boshlamoqda. Oyatning mazmuniga yanada teranroq nigoh tashlasak, insoniyat hayotidagi turfa xillik ularning bir birlariga talpinib, tanishib yashashliklari uchun asosiy mezon ekanligiga urg'u berilmoqda.   Insonlarning turli tuman e'tiqod va millatdan iborat bo'lib yashashliklari ilohiy taqsimot bo'lib, aslo urush janjal chiqarish uchun emasligi bayon etilmoqda. Darhaqiqat ayrim tushunchasi tor kishilar fikrlaganidek hamma bir xil e'tiqod, bir xil qiyofa, bir xil so'zlashuvda yashaganda edi insoniyat hayotida mazmun qolmas edi.

Bugungi kunda er yuzining sayqali bo'lib chiroy ochib turgan Samarqand zaminiga musumon qo'mondon Qutayba ibn Muslim noananaviy uslubda kirib kelgach, Samarqand ahli o'sha davrdagi musulmonlarning peshvosi bo'lmish Damashqdagi Umar ibn Abdulazizning huzuriga adolat istab chopar yuborishadi. Vaziyatni sinchkovlik bilan o'rgangan Umar ibn Abdulaziz chopardan Qutayba ibn Muslim uchun uch kun ichida samarqandni tark etishi lozimligi to'g'risidagi maktubni berib yuboradilar. Qutayba ibn Muslim esa maktubni ochib ko'rishi bilanoq aybiga iqror bo'lib shaharni tark etadi. Avval boshda ko'zlariga yovuz dushman sifatida ko'rinib, qalblarida qo'rquv paydo bo'lgan Samarqand ahli islomning bu vakillarini yaxshi ko'ra boshlaydi. Chunki ular hayotlari davomida bu kabi samimiy, mehribon, kamtarin, hushmuomila eng asosiysi adolatli kishilarni ko'rmagan edi. Endi esa Samarqand ahli o'z ixtiyori bilan Islom dinini to'p to'p bo'lib qabul qila boshladi. Biz islomiy bag'rikenglikka oid bu kabi ko'plab jonli misollarni keltirishimiz mumkin.

Eng asosiysi bugun xalqimizga, yosh avlodga musaffo ma'rifatni keng tarqatish har birimizning muhim burchimizdir. Tarkibi buzilgan suv o'zining musaffoligini yo'qotish bilan inson tanasiga zarar etkazganidek, sof ma'rifat o'zanidan bebahralik ham ko'pgina nohush xolatlarga sabab bo'lmoqda.

Alloh taolo elimiz, yurtimizni tinch omon aylab, unda istiqomat qilayotgan barcha xalqimizni bir birlariga nisbatan mehr-oqibatini yanada ziyoda va mustahkam bo'lishini nasib etsin.

 

O'tkir domla Umirqulov Samarqand shahar «Lahutiy» jome masjidi imom-xatibi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   15351   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari