Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Mo'l rizq va xotirjamlik kafolati

16.11.2021   2185   7 min.
Mo'l rizq va xotirjamlik kafolati

Ba'zan ko'cha-ko'yda, to'yu ma'rakalarda tanishlarimiz bilan uchrashsak, ular hayotidan nolib, ishlari yurishmayotganini, orzu-maqsadlari ro'yobga chiqmayotganidan afsuslanishadi. Tijoratchilar bilan gurunglashsak, savdolari baroridan kelmay, kasodga uchrayotganidan yozg'irishadi. Insonmiz-da, Alloh taolo in'om etgan ne'matlarning qadriga etmaymiz. Gunohlarimiz ko'p, istig'for aytmaymiz.

Gunohlar afv etilishi, solih amallar ko'payishini va yuksak darajalarga erishishni kim ham xohlamaydi. Oila bag'rida, tinch-osuda Vatanda yashash katta baxt-ku! Buning uchun ko'p istig'for aytishga odatlanish kerak.

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: «Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rang, so'ngra Unga tavba qiling, shunda (U) sizlarni ma'lum muddat (ajallaringiz oxiri)­gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur...» (Hud surasi, 3-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Kim istig'forni doimiy aytib yursa, Alloh unga qiyin damlarda osonlikni nasib etadi. Uni o'ylamagan joyidan rizqlantiradi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Har doim istig'for aytish joiz, gunoh qilganda esa vojib bo'ladi. Istig'for aytishning bir necha turlari bor. Ulardan eng ulug'i “Sayyidul istig'for” duosidir. Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz alayhissalom: «Istig'forning sayyidi “Allohumma, anta Robbiy. La ilaha illa anta. Holaqtaniy va ana 'abduk. Va ana 'ala ahdika va va'dika, mastato't. A'uzu bika min sharri ma sona't. Abuu laka bini'matika 'alayya va abuu bi zanbiy. Fag'firliy, fainnahu la yag'firuz zunuba illa ant”, demoqdir. Kim uni ishonch bilan nahorda aytsa-yu, o'sha kuni kech kirishidan oldin vafot etsa, jannatga kiradi. Kim uni ishonch bilan tunda aytsa-yu, o'sha kechasi tong otishidan avval bu dunyoni  tark etsa, jannat ahlidan bo'ladi”, dedilar».

Duoning ma'nosi: “Ey Alloh, Sen Rabbimsan! Sendan o'zga iloh yo'q. Meni yaratding va men Sening bandangman. Qodir bo'lganimcha Senga bergan ahdimda va va'damda turibman. Sendan qilmishlarimning yomonligidan panoh tilayman. Menga bergan ne'matingni e'tirof qilaman. Gunohlarimni ham tan olaman. Meni mag'firat qil. Albatta, Sendan o'zga gunohlarni mag'firat qiluvchi yo'q”.

Muqaddas dinimizning asosiy manbai – Kalomullohda bunday deyiladi: «Va men: “Parvardigoringizdan mag'firat so'ranglar, albatta U o'ta Mag'firatli bo'lgan Zotdir. (Shunda) U Zot ustlaringizga osmondan yomg'ir quydiradi va sizlarga mol-dunyo, bola-chaqa bilan madad beradi hamda sizlarga bog'u bo'stonlar (ato) qiladi va sizlarga oqar daryolar (ato) qiladi”, dedim»(Nuh surasi, 10–12-oyatlar).

Ibn Kasirning tafsirida bu oyat quyidagicha sharhlanadi: “Ya'ni agar sizlar Allohga haqiqiy tavba qilsangiz, istig'for aytsangiz va U Zotga itoat etsangiz, rizqingiz ko'payadi. Alloh osmonning barakasidan ustingizga yomg'ir yog'diradi. Yerning barakasidan o'simliklar va turli nabototlarni undirib chiqaradi. Sizlarga ko'p farzand va boyliklar ato qiladi. Shuningdek, Alloh sizlarga turli mevalari bor va o'rtasidan daryolar oqib turuvchi go'zal bog'lar ato qiladi”.

Nuh payg'ambarning qavmi mol-dunyoga ruju qo'ygan edi. Shu sababli u zot qavmini Allohga itoat etishga chaqirgan. Uzoq yillar qilingan da'vatlarni qabul etmay, o'zlariga yuborilgan payg'ambarlarni yolg'onga chiqarishgach, Alloh taolo Nuh alayhissalom qavmiga qurg'oqchilik yuborib, ayollarini tug'mas qilib qo'yadi. Shundan so'ng, agar imon keltirsalar, Alloh ularga yana farovonlik ato qilib, boshlaridagi og'ir kunlarni ketkazishi ma'lum qilinadi.

Hasan Basriy rahimahullohning oldiga bir kishi qurg'oqchilikdan shikoyat qilib kelganida, u zot unga: “Istig'for aytgin!” deb maslahat bergan. Boshqa odam kelib kambag'allik, yana boshqasi befarzand ekanini, boshqa birov erining unumdorligi past ekanidan shikoyat qilib kelganida, Hasan Basriy ularning barchalarini ko'p istig'for aytishga amr qildi.

Shunda Robiy' ibn Subayh: “Oldingizga turli toifadagi odamlar kelib, har xil masalada shikoyat qilishgan bo'lsalar-da, ularning hammasini istig'for aytishga buyurdingiz. Buning sababi nima?”, deb so'radi. Hasan Basriy rahmatullohi alayh yuqoridagi oyatni o'qib bergan ekan..

“Tafsiyrun Nasafiy” kitobida: “Istig'for Allohdan mag'firat qilishini so'rashdir. Agar istig'for aytuvchi kofir bo'lsa, kufrdan istig'for aytadi. Agar istig'for aytuvchi osiy mo'min bo'lsa, gunohlaridan istig'for aytadi”, deyilgan.

Imom Qurtubiy: “Ushbu va Hud surasidagi oyatlar istig'for rizq ko'payishi va mo'l yomg'ir yog'ishiga sabab bo'ladi”, degan.

Shu o'rinda bir voqeani eslab o'tish maqsadga muvofiq. Zakotini o'z vaqtida beradigan, ko'p istig'for aytadigan bir tijoratchi tanishimning mollari saqlanadigan joyga elektr energiyasining nosozligi tufayli o't ketibdi. Barchaning mollari kuyib kul bo'libdi-yu, biroq haligi birodarimizning mollari omon qolgan ekan. Barcha qiziqib buning boisini so'raganida u kishi: “Men har tong ishga kelib va ishdan qaytayotib “Sayiidul istig'for” duosini o'qiyman. Rasulloh sollallohu alayhi va sallam o'rgatgan duoning kuchini ko'rib turibman”, degan ekan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimki istig'forni ko'paytirsa, Alloh u (banda) uchun har qanday g'am-tashvish va tanglikdan chiqish yo'li (paydo) qilib, uni o'zi o'ylamagan tomondan rizqlantiradi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Mo'min banda sababsiz biror muammo va qiyinchilikka duch kelmaydi. Buning asosan ikkita sababi bor. Birinchisi, Alloh qaysi bir bandani yaxshi ko'rsa, uni musibat bilan sinaydi. Bu sinovdan chiroyli sabr bilan chiqib ketgan bandaning gunohlari kechiriladi, imoni ziyoda bo'ladi, qalbi poklanadi.

Muxtasar aytganda, bizni yaratgan Zot, koinotning egasi Alloh taologa qancha ko'p istig'for aytsak, turmushimiz yanada farovon va nurafshon bo'ladi. Istig'for tufayli boshimizga balolar yog'maydi. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'ladi.

Mansur O'ROLOV,

Sergeli tumani “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   69702   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati