Qa'nabiy yoshligida juda bebosh, aroqxo'r kishi bo'lgan edi. Bir kuni aroqxonaga borib aroq ichish uchun ulfatlarini kutib o'tirganida eshak minib olgan bir kishini ko'rib qoladi. Uning atrofida juda ko'p insonlar bo'lib, atrofidagilar unga "imom" deb murojaat qilayotgan edi.
Bu holat Qa'nabiyning e'tiborini tortdi. U odamlarni yorib o'tib eshak mingan kishining oldiga etib bordi. Qa'nabiy eshakning jilovidan ushlab uni minib olgan kishiga dedi:
- Sen kimsan?
- Shu'ba ibn Hajjojman.
Shu'ba ibn Hajjoj rohimahulloh hadis ilmida "amirul mo''minin" degan laqab olgan edi.
Qa'nabiy yana so'radi:
- Shu'ba deganing kim?
- Muhaddis.
- Muhaddis nima ish qiladi?
- Kishilarga Nabiy sollallohu alayhi va sallamning hadislarini aytadi.
- Unda menga hadis aytib ber!
Shunda Shu'ba ibn Hajjoj dedi:
- Mansur ibn Mu'tamir menga Rib'iy ibn Hiroshdan, u Abu Mas'ud Badriydan rivoyat qilishicha, Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Insonlarga avvalgi payg'ambarlardan etib kelgan gap "Agar uyalmasang istagan ishingni qilaver" degan gapdir".
Bu hadis Qa'nabiyga go'yo ilohiy risolat bo'ldi. U uyiga kelib ibodatga berildi. Keyin Madinaga borib imom Molikdan dars oldi. Imom Molik rohimahullohning "Muvatto" nomli hadis to'plamlarini butunlay yod oldi. Imom Zahabiy rohimahulloh u haqda shunday deydi:
"Qa'nabiy "Muvatto"ni rivoyat qilganlarning eng ishonchlisidir”.
U imom Molik rohimahullohdan ilm olib bo'lgach, Basraga qaytib Shu'ba ibn Hajjoj rohimahullohdan dars olishni iroda qildi. Zero, Shu'ba ibn Hajjoj rohimahullohning aytgan hadisi uning yodidan chiqmagan edi.
Qa'nabiy Basraga kelganida Shu'ba ibn Hajjoj rohimahulloh vafot qilgan ekan. Qa'nabiy undan faqatgina yuqorida zikri kelgan bittagina hadisni rivoyat qildi. Bu hadis uning tavbasiga sabab bo'lgan edi: "Insonlarga avvalgi payg'ambarlardan etib kelgan gap "Agar uyalmasang istagan ishingni qilaver" degan gapdir".
Bezori, aroqxo'r bir yigitning kuni kelib "Muvatto"ning eng ishonchli roviysi bo'lishi, imom Buxoriy va imom Muslimlarga ustoz bo'lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?!
Johiliyat davrida qahri qattiq bo'lgan Umar roziyallohu anhu islomda Foruq va er yuzining eng odil hukmdori bo'lishlari kimning xayoliga kelibdi deysiz?!
Rasululloh sallollohu alayhi va sallam o'limga hukm qilgan Ikrima ibn Abi Jahlning Yarmuk jangida musulmonlar qo'shinining o'ng qanotiga qo'mondon bo'lishi va shu jangda ibrat namunasini ko'rsatib shahid bo'lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?!
Tili bilan islomga aziyat berib yurgan, Hudaybiyya sulhida "Allohning elchisi Muhammad..." degan yozuvga ko'nmagan, "Allohning elchisi" degan joyini o'chiringlar, men Muhammadning Allohning elchisi ekanligiga ishonganimda u bilan urishmas edim", degan Suhayl ibn Amr keyinchalik musulmon bo'lib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so'ng Ka'baning oldida turib: "Allohga qasamki, bu kishi payg'ambardir. Sizlar islomga kirganlarning oxirgisi va murtad bo'lganlarning avvalgisi bo'lmanglar", deyishi va Shom o'lkasining fathida shahid bo'lishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?!
Hidoyat Allohniki! Kishilarga bo'lgan ishonchimizni yo'qotmasligimiz lozim. Oldin islomga qarshi kurashib yurgan ko'pchilik insonlar islomni o'z qonlari bilan keyingilarga rivoyat qilishgan!
A.Polvonov,
Urgut tumanidagi “Urgut markaziy” masjidi xodimi
Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.
Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi
Sodiqjon Abdurahmanov
Manba: @Softalimotlar